Orqaga

980 marta koʻrilgan

1906–1991

Honda Soichiro

Hondaning hayoti doimiy yashash uchun kurashda oʻtdi. U qishloqdagi kambagʻal temirchi oilasida 1-farzand edi, shuning uchun bolaligidan otasiga yordam berib, velosiped va maishiy texnika taʼmirlash orqali pul topdi. 1922-yilda Honda oʻrta maktabni tugatdi va Tokioga yoʻl oldi. Bir yurtdoshi homiyligida avtomashina ustaxonasiga shogirdlikka tushdi. U tirishqoqligi va texnik mahorati tufayli tez orada ustaxona egasining yordamchisiga aylandi va oʻz biznesini boshlash uchun pul yigʻa boshladi.

6 yil oʻtgach, ixtirochi oʻz vataniga qaytib, Xamamatsu shahriga joylashdi. Uncha katta boʻlmagan yeri mavjud uy sotib olib, avtoservis ustaxonasini ochdi. Shu bilan birga, u oʻzining birinchi ixtirosi — avtomobil gʻildiragi uchun metall spitsa konstruksiyasini patentladi. Patent koʻp pul keltirmagan boʻlsa-da, Honda oʻshandayoq murakkab muammolarning oddiy yechimini izlash kerakligini tushundi. Asta-sekin u oʻz ustaxonasida laboratoriya tashkil qildi va u yerda yangi loyihalar bilan shugʻullandi.

1938-yilda Honda porshen halqasini ixtiro qildi, bu ichki yonuv dvigatellarining ish faoliyatini sezilarli darajada yaxshiladi va porshen yedirilishini kamaytirdi. Ixtiro mutaxassislar eʼtiborini tortdi va bir necha oy oʻtgach, Toyota — avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya olimning patentini sotib oldi. Ammo Honda nufuzli firmaga oʻz ixtirosini toʻliq tasarruf etish huquqini sotishga shoshilmadi. Patent va mukofot pulini olgach, u Tokioga koʻchib oʻtdi va u yerda porshen halqalarini ishlab chiqarish boʻyicha oʻz kompaniyasini tashkil qildi. Asta-sekin Honda ishlab chiqarishni kengaytira boshladi va tez orada bir nechta firmalar bilan foydali shartnoma tuzdi.

Bu vaqtga kelib u allaqachon mashina va qayiqlar uchun motorlar ishlab chiqarardi. Ayrim harbiy buyurtmalar unga Yaponiya avtomobil bozorida barqaror oʻrin egallash imkoniyatini berdi. Uning nisbatan barqaror iqtisodiy mavqeining pasayishi faqat 1944-yilda, Amerika samolyotlarining hujumi paytida, uning zavodi vayron qilinganda bilindi. Qiyinchilikka qaramay, Honda oʻzining oʻziga xos uzoqni oldindan koʻra bilish qobiliyati tufayli zavodni qayta tiklab, funksional oʻzgarishlar kiritdi. U porshen halqalarini ishlab chiqarishni toʻxtatib, oʻrniga velosipedlar uchun kichik benzinli motorlar yasashni boshladi.

Honda “Jet pack” uskunasi bilan / wapcar.my

Honda 1946-yilda ishlab chiqarishni kengaytirib, keyinchalik moped (motorli velosipedning qisqartmasi) deb ataladigan, yangi transport turini kashf etganidan xabari yoʻq edi. Vaqt oʻtib Honda moped gʻoyasiga Yaponiyada benzinning tanqisligi turtki berganini tan oldi. Bir kuni u amerikalik harbiylar qoldirgan uskunalar omboriga duch keldi va u yerda ishlatilmay yotgan koʻplab motorlarni topdi. Shunda Honda kerosin bilan ishlaydigan motor yasashga qaror qildi. Ammo motor shunchalik kuchsiz ediki, uni faqat velosipedga oʻrnatish mumkin edi.

Honda bir nechta namunalar yasadi va ularni doʻstlariga tarqatdi. Natija kutilgandan ham aʼlo edi. Unga savdogarlardan buyurtma kela boshladi va u yangi transport turini sotuvga chiqardi. Honda birinchi modelini Dream (orzu) deb atadi. Model darhol mashhur boʻlib ketdi: tez, harakatchan, arzon transport urushdan keyingi Yaponiyaga juda qoʻl keldi.

Olim 1948-yilda tadbirkor Takeo Fujisava bilan birgalikda “Honda motor kompani” korporatsiyasiga asos soldi. Korporatsiya moped va mototsikl ishlab chiqish va rivojlantirishga eʼtibor qaratdi. Oʻsha paytda Honda ushbu turdagi transportning yagona ishlab chiqaruvchisi edi, bu unga Yaponiya bozorini tezda egallash imkonini berdi. U 1-modelni bir necha bor takomillashtirdi, soʻng qayta qurish uchun barcha imkoniyatlarni ishlatib boʻlganini tushundi.

1951-yilda Honda yangi avlod mopedlarini ishlab chiqarishni boshlaganini eʼlon qildi. Yuqori darajadagi ishonchlilikni saqlab qolgan holda, u tez va velosipedda yurish qobiliyatiga ega boʻlgan, har qanday kishi boshqarishi mumkin boʻlgan modelni yaratdi. “Super Keb” (super mashina) uzatish qutisini almashtirishni talab qilmaydigan maxsus markaziy muftaga ega edi. Bundan tashqari, qulay oʻrindiq va maxsus oyoq tepkichi ham tayyorlandi, bu esa istalgan joyga mashina qoʻyishni osonlashtirdi.

Qizigʻi shundaki, mopedlarni nafaqat erkaklar, balki ayollar ham minishni boshladi. Bu Yaponiya uchun yangilik boʻldi, chunki Yaponiya oʻz anʼanalariga sodiq davlat edi. Mopedning mamlakat ayollari orasida mashhurligi uning tarqalishida asosiy rol oʻynadi. 1958-yilga kelib, model Yaponiyada sotuv boʻyicha yetakchiga aylandi va endilikda Honda ishlab chiqarishni AQShga koʻchirdi.

5 mln dollarlik reklama kompaniyasi yordamida u atigi 3 yil ichida shunga oʻxshash mahsulotlarni ishlab chiqaradigan 50 dan ortiq Amerika firmalarning savdosidan oʻzib ketdi. Bir yil oʻtgach, Honda mopedi dunyoda eng koʻp sotiladigan mopedga aylandi. Bunday mashhurlik nafaqat modelning arzonligi va ishonchliligi, balki konstruktor uni zaharli chiqindilarni kamaytiradigan va deyarli har qanday turdagi yoqilgʻidan foydalanishga imkon beruvchi maxsus katalizator bilan jihozlaganligi uchun sodir boʻldi.

knigikratko.ru

Endilikda Honda mopedlardan tashqari ogʻir mototsikllarni ham ishlab chiqarishni boshladi. U shaxsan oʻzi reklama kompaniyasi strategiyasini ishlab chiqdi va odamlarda ushbu turdagi transport haqidagi tasavvurni oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi. Mashinani yaratish jarayonida u “Mototsikl yordamida mavjud boʻlish sanʼati” nomli mashhur ilmiy-fantastik roman qahramoni obrazidan qisman foydalandi. Bundan tashqari, Honda oʻz mototsikllarini elektr ishga tushirish tizimi va sovutish radiatori bilan jihozladi. Baʼzi modellar esa 4 karrali dvigatellar bilan jihozlandi.

1960-yillarning boshida Honda oyiga 100 000 mototsikl ishlab chiqargan boʻlsa, 1968-yilga kelib ularning soni AQShning oʻzida mln dan oshdi. Ammo ixtirochi ishlab chiqarish sonini oshirishga intilmadi: u yoki bu modelni ishlab chiqib, asosiy parametrlarni texnik jihatdan yaxshilagan holda, odatda tubdan yangi texnikani yaratishga eʼtibor qaratdi. Uning asosiy raqobatchisi Yamaha kompaniyasi bunday marafonga dosh bera olmadi va jiddiy ravishda oʻz ishlab chiqarishini qisqartirishga majbur boʻldi.

1962-yilda poyga avtomobilining birinchi modeli bozorga chiqarildi. Bu safar Honda anchagina nufuzli raqobatchilar: taniqli General Motors, Ford va Chrysler firmalariga duch keldi. Ammo poyga mashinasi unga faqat oʻzini yana bir bor koʻrsatib qoʻyish uchun kerak edi. Oʻz biznesining kelajakdagi istiqboli haqida fikr yuritar ekan, Honda eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilarni qiynayotgan asosiy muammo – chiqindi gazini kamaytirish muammosiga eʼtibor qaratdi.

Oʻsha paytda yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari konvertorlarning eng samarali tizimlari — chiqindi gazni tozalaydigan qurilmalarni yaratdi. Honda muammoni boshqacha hal qildi. U katalitik svecha konstruksiyasini ishlab chiqishga muvaffaq boʻldi va natijada yoqilgʻi yanada samarali yonishni boshladi hamda chiqindi gaz tarkibidagi zararli aralashmaning kamayishiga olib keldi. Yangilik silindridan chiquvchi chiqindi tozaligi standartlarining qatʼiy talablariga javob berish va yirik raqobatchilardan oʻzib ketishga imkon berdi.

wapcar.my

1970-yilda birinchi kam ifloslantiruvchi dvigatel SSVS ishlab chiqarila boshlandi va “Sivik” avtomobiliga oʻrnatildi. Bir necha oy ichida u dunyodagi eng yaxshi 5 ta savdo yetakchisi qatoriga kirdi. Lekin avtomobil bozorida yetakchilikka koʻtarilish mopedlar ishlab chiqarishga qaraganda ancha uzoq vaqtni oldi va qiyinroq boʻldi. Deyarli har bir model murakkab laboratoriya sinovi davomida yaratildi. Ammo Hondaga yana bir holat yordam berdi.

1974-yilda Yaponiyada neft inqirozi yuz berdi va yetakchi ishlab chiqaruvchilar avtomobil ishlab chiqarishni qisqartira boshladi. U, aksincha, ularni ishlab chiqarishni koʻpaytirdi, lekin narxni pasaytirdi. Bu avtomatlashtirish va boshqa texnik yangiliklarni joriy etish tufayli imkoniyati koʻp edi. Hisob-kitob toʻgʻri boʻlib chiqdi: u raqobatchilardan oʻzib ketishga muvaffaq boʻldi va uning kompaniyasi endilikda dunyodagi eng tez rivojlanayotgan kompaniyaga aylandi. Hondaning oʻzi nazorat qilgan eng soʻnggi modellardan biri — “Akyura” da 100 dan ortiq ixtirolardan foydalanilganini aytish kifoya. Mashina olim nomiga oʻziga xos “yodgorlik” qoʻydi. Chunki 1991-yilda Honda kutilmaganda yurak xurujidan vafot etdi.

Hondaning shaxsiy hayoti haqida maʼlumotlar juda kam. Garchi u 19 yoshida oʻz vatandoshiga uylangan boʻlsa-da, ayollarni juda yaxshi koʻrardi. Ammo ular bilan hech qachon ochiqchasiga uchrashmadi, chunki oilaviy poydevorga putur yetkazmoqchi emas edi. Xonda 2 oʻgʻil va 2 qizning mehribon otasi edi. Biroq uning avlodida hech kim oilaviy biznesning davomchisi boʻlolmadi.



Muqova suratlar: hondacarindia.com / wikipedia.org