Orqaga
Yetti kunlik hafta astrologik kuzatuvlar yordamida bobilliklar tomonidan ixtiro qilingan.

840 marta koʻrilgan

321-yil

Hafta kunlari

Yetti kunlik hafta astrologik kuzatuvlar yordamida bobilliklar tomonidan ixtiro qilingan. Ular har bir kunni Quyosh, Oy va oddiy koʻz bilan koʻrish mumkin boʻlgan 5 ta sayyora — Mars, Merkuriy, Yupiter, Venera va Saturn sharafiga nomlagan. Rimliklar Bobil taqvimini oʻzlashtirganida esa hafta kunlari nomini lotincha ekvivalentiga oʻzgartiradi.

Yevropa tillaridagi hafta kunlarining nomi oʻzida asliyatdagi sayyora nomlarini saqlab qolgan. Ayniqsa, lotin yozuviga asoslangan roman tillarida bu yaqqol koʻzga koʻrinadi. Anglo-sakson va vikinglar ham bu nomlarni oʻzlashtiradi. Ammo ular hafta kunini rimliklar kabi fazoviy jism bilan emas, balki oʻsha jism bilan ifodalangan ilohlarning oʻzidagi ekvivalenti bilan atay boshlaydi. Birgina farq — yakshanba kuni nomida koʻrinadi. Lotin tilidan kelib chiqqan roman tillari (masalan, fransuz tili) yakshanbani lotincha “Dominus” — “Yaratgan” soʻzi bilan bogʻlab, bu kunni Yaratganning kuniga oʻzgartiradi. Quyida “Fazoviy jismlarning turli tillardagi ekvivalenti” jadvalini koʻrishingiz mumkin.

Fazoviy jismlarning turli tillardagi mos nomlari

Fazoviy jismlar: Quyosh, Oy, Mars, Merkuriy, Yupiter, Venera, Saturn

Tillar:

Lotincha: Sol, Luna, Mars, Mercurius, Jove, Venus, Saturnus
Fransuzcha: Dimanche, Lundi, Mardi, Mercredi, Jeudi, Vendredi, Samedi
Saksoncha: Sun, Moon, Tiw, Woden, Thor, Frigg, Saturn
Inglizcha: Sunday, Monday, Tuesday, Wednesday, Thursday, Friday, Saturday

Kunlarning ketma-ketligi ham bobilliklar tizimidan olingan boʻlib, murakkab tuzilishga ega edi. Oʻsha vaqtlari odamlar Quyosh tizimini hozirgidek geliotsentrik deb tushunmagan. Shuning uchun ham bobillik astrologlar fazoviy jismlarni quyidagi ketma-ketlikda joylashgan deb hisoblar edi: Saturn, Yupiter, Mars, Quyosh, Venera, Merkuriy va Oy. Shunday boʻlsa-da, hafta kunlari ushbu tartibda boʻlmagan. Ular kunni 2 ta 12 soatlik, umumiy 24 soatlik boʻlaklarga boʻlgan va kunning har bir soatini fazoviy jismlar sharafiga nomlagan. Bu nomlar har 7 soatda aylanib kelar edi.

Haftaning ilk kuni — yakshanba Saturn soati bilan boshlangan. 3 marta 7 soatlik davr aylanib kelganidan soʻng yakshanbaning tungi soatlari quyidagidek koʻrinishga ega boʻlgan:

21:00 — Oy soati
22:00 — Saturn soati
23:00 — Yupiter soati
00:00 — Mars soati
01:00 — Quyosh soati

Shuning uchun ham Saturn kunidan soʻng “Sun day” — inglizchadan “Quyosh kuni” boshlangan. Yuqoridagi hisob-kitoblarga koʻra, keyingi kun Oy soati bilan boshlangan va “Moon day” — “Oy kuni” deb nomlangan. Davr shu tarzda aylanib-aylanib, keyingi yakshanba yana Saturn soati bilan boshlangan. Keyinchalik olimlar Quyosh tizimidagi sayyoralar Quyosh atrofida aylanishini hamda sayyoralar ketma-ketligini aniqlaydi. Quyosh va Oy esa ular oʻylaganidek sayyora emas ekan. Odamlar soatni avvalgidek ismlari emas, balki shunchaki sonlar bilan atashni boshlaydi. Hafta kunlarining kelib chiqish tarixi ham odamlar xotirasidan oʻchib ketadi. Ammo bobilliklarning astrologik tizimi asosida tuzilgan kunlar tartibi haligacha zamonaviy taqvimlarda saqlanib qolgan.



Muqova surat: pixabay.com