Orqaga
Gitaralar tarixi va kelib chiqishi haqida ma'lumotlar.

874 marta koʻrilgan

1779-yil

Gitaralar tarixi

Ingliz tiliga “guitar” so‘zi ispancha “guitarra” so‘zining muqobili sifatida olib kirilgan. O‘z navbatida, bu so‘z yunoncha “kithara” soʻzidan olingan. So‘zning kelib chiqishini oʻrganadigan bo‘lsak, hind-yevropacha “guit” musiqa va akkord hamda tor ma’nosini anglatuvchi “-tar” o‘zagining birikuvidan hosil bo‘lgan ko‘rinadi. “-Tar” ildizi aslida bir qancha tillar uchun umumiy boʻlib, torli cholgʻu asbobi boʻlgan “sitar” soʻzida ham uchraydi. Garchi yozilishi va talaffuzi jihatdan tillar orasida farq qilsa-da, bu asosiy elementlar tarix davomida “gitara” soʻzining koʻp shaklida mavjud boʻlgan.

Gitara zamonaviy davrda musiqa asbobi sifatida mashhurlikka erishgan bo‘lsa-da, shunga o‘xshash cholg‘u asboblari butun dunyo bo‘ylab ko‘plab madaniyatlarda 5000 yildan ortiq vaqt davomida mavjud bo‘lgan. Zamonaviy ko‘z va quloq oddiy akustik (ovozga oid) gitara sifatida tan olinadigan eng qadimgi asboblar taxminan 500 yil oldin paydo bo‘lgan. Bu vaqtgacha butun dunyoda torli cholg‘u asboblari qo‘llangan. Ammo dastlabki cholg‘ular ular uchun yozilgan musiqaning mavjudligidan emas, birinchi navbatda vizual tasvirlardan ma’lum. Ushbu tasvirlarning aksariyati oddiy torli asboblar borligini ko‘rsatadi, ularning ayrimi zamonaviy gitarani tashkil etadigan ba’zi qismlarga ega emas. Asboblarning bir qanchasi gitaradan ko‘ra ko‘proq ud musiqiy asbobi bilan umumiylikka ega.

Gitaralar tarixi va kelib chiqishi haqida ma'lumotlar.

Gitaraga oʻxshash cholgʻu asbobini koʻrsatuvchi oʻrta asr sanʼatining fotosurati / wikipedia.org

Eng qadimgi olti torli gitara yaratilishining aniq sanasi haqida ba’zi noaniqliklar mavjud. Gaetano Vinakkia tomonidan yaratilgan eng qadimgi gitara 1779-yil hisobiga to‘g‘ri keladi. Biroq 1790-yilgacha ishlab chiqarilgan olti torli gitaralarning haqiqiy ekaniga ko‘pincha shubha bilan qaraladi. Chunki bu davrga tegishli ko‘plab soxta buyumlar aniqlangan. O‘n to‘qqizinchi asrning boshlari odatda olti torli gitaralarning zamonaviy shakli va o‘lchamlarini olishni boshlagan davr sifatida qabul qilinadi. Shunday qilib, qariyb ikki yuz yil davomida torli cholgʻu asboblari yasovchilar yoki gitara ishlab chiqaruvchilar zamonaviy akustik gitara turlarini ishlab chiqargan.

Dastlabki elektr gitaralar XX asr boshlariga qadar ishlab chiqilmagan edi. Jorj Boshan (amerikalik musiqa asboblari ixtirochisi, 1899–1941) 1936-yilda elektr gitara uchun birinchi patentni oladi va dastlab Electro String Instrument Company nomi bilan tanilgan Rickenbacker kompaniyasiga asos soladi. Rickenbacker elektr gitaralarni 1930-yillarning oxirida ishlab chiqarishni boshlagan boʻlsa-da, bu brend oʻzining mashhurligiga 1960-yillarda, Jon Lennon 1964-yilda Ed Sallivan shousida Beatlesʼning debyuti uchun Rickenbacker gitarasidan foydalanganda erishdi. Keyinchalik Jorj Xarrison oʻzining Rickenbacker gitarasini sotib oldi va keyinroq kompaniya unga oʻzining eng qadimgi 12 torli gitaralaridan birini sovgʻa qildi. Pol Makkart (Grammy mukofotini koʻp marotaba qoʻlga kiritgan ingliz qoʻshiqchisi, qoʻshiqlar muallifi, bastakor, multi-instrumentalist va prodyuser) ham ovoz yozish uchun Rickenbacker bas gitarasidan foydalangan. Beatles butun faoliyati davomida Rickenbacker gitaralaridan foydalanishda davom etdi va bu asboblarni davrning boshqa musiqachilari orasida juda mashhur qildi.

Fender musiqa asboblari kompaniyasi va Gibson gitara korporatsiyasi 1950-yillarning boshlarida gitara modellarini ishlab chiqargan yana ikkita elektr gitara kashfiyotchilari edi. Fender oʻz faoliyatini 1950 va 1951-yillarda Telecaster gitarasini ishlab chiqarish bilan boshlagan va Fender Stratocaster gitarasi esa 1954-yilda debyut qilingan. Gibson 1952-yilda qisman jazz musiqachisi va gitara innovatori Les Pol yordamiga asoslangan Gibson Les Paul gitaralarini sotishni boshlagan. Hozirgi kundagi qattiq korpusli elektr gitaralarning aksariyati hali ham ushbu uchta dastlabki elektr gitara dizayniga asoslangan.

Gitara tarixi davomida juda ko‘p odamlar asbobning yasalishi, ijro etilishi va his qilinishiga o‘z hissalarini qoʻshgan. Garchi bu shaxslarning ba’zilari, ayniqsa, “Bitlz” yoki Les Pol kabi taniqli bo‘lsa ham, lekin bu odamlarning aksariyati zamonaviy gitara muxlislariga ma’lum emas. Gitaraning butun tarixiga nazar tashlab, so‘nggi o‘zgarishlarni emas, balki asosan elektr gitaralarning yaratilishida oldingi avlodlarning hissasi ko‘proq ekanini ko‘rishimiz mumkin.



Muqova suratlar: unsplash.com / freepik.com