Orqaga

902 marta koʻrilgan

m. a. 460–370

Gippokrat

Oʻzining professional faoliyatini boshlayotgan har bir shifokor, albatta, Gippokratni eslaydi. Diplom olinganda uning ismiga qasamyod qabul qilinadi. Xoʻsh, nega hozirga qadar qadimda, bundan bir necha asr avval yashab oʻtgan grek tabibining ismini unutmaganmiz?

Odatda Gippokratni grek tabobatining asoschisi deb atashadi. U antik davrlardagi eng mashhur shifokor boʻlgani uchun ham u haqida koʻplab afsonalar yaratilgan. Uni mashhur Corpus Hippocraticumʼni tashkil qilgan 58 ta risolaning muallifi deb bilishadi. Asarda turli tibbiyot maktablarining ilmlari jamlangan boʻlib, aslida ular bir kishi tomonidan yozilmagan. Lekin afsonalarga koʻra, ularning parchasi Gippokrat qalamiga mansub.

Gippokrat hayotiga oid bir narsa maʼlum. U Oʻrta dengizidagi Kos orolida yashagan shifokorlar sulolasiga mansub oilada tugʻilgan. Bu sulolaning asoschisi deb davolovchi xudo Asklepiy sanalgan. Gippokrat zamonida shifokorlik kasbi meros qoladigan kasblardan boʻlgan. U tibbiy taʼlimni avval otasi Gerakliddan, keyinchalik Kos orolidagi boshqa tabiblardan olgan. Shuningdek, u koʻp sayohat qilib, boshqa yurtlarning tibbiyotini ham oʻrgangan. Gippokrat turli dorilarni tayyorlash yoʻriqnomalarini va ularning odamlarga taʼsirini yozib borgan.

Gippokrat zamonida kasalliklar yovuz ruhlar yoki afsungarlik yoʻli bilan tarqatiladi deb ishonilgan. Shu sabab uning kasalliklarga boʻlgan yondashuvi yangicha boʻlgan. U kasalliklarni odamlarga xudolar joʻnatadi deb emas, ular turli tabiiy yoʻllar bilan hosil boʻladi deb hisoblagan. Gippokrat kasalliklarni ikki katta guruhga boʻlgan. Birinchisi, tashqi muhitning zararli taʼsiri (iqlim, tuproq, nasl) orqali, ikkinchisi, shaxsiy, yashash va mehnat qilish sharoiti, ovqatlanish tarzi natijasida kelib chiqadigan kasalliklar edi. Shifokor ularni ajrata olishi va shunga qarab kerakli davo chorasini tayinlashi kerak edi. Shu yerdan Gippokratning zamonaviy tibbiy etikaga asos boʻlgan, shifokor bemor bilan iloji boricha yaqin aloqada boʻlishi kerakligi haqidagi ikkinchi va asosiy talabi kelib chiqadi. Bemordan u qanday yashashi va nimani his qilayotganini soʻrashni uddalash kerak.

Gippokrat oʻzining “Inson tabiati haqida” asarida yozganidek, har bir kishining salomatligi toʻrt xil tana suyuqligi — qon, balgʻam, sariq va qora safrolarning mutanosib kelishida boʻladi. Agar ularning muvozanati buzilsa, inson kasallanadi. Bu suyuqliklar haqida bilim antik davrlar, oʻrta asrlar va biroz takomillashgan holda XX asr shifokorlarining tasavvuriga kuchli taʼsir oʻtkazdi.

Gippokratdan bir necha muddat keyinroq yashagan, yana bir antik davr shifokori Galendan boshqa hech kim Yevropa tibbiyotining shakllanishiga bu darajada taʼsir oʻtkaza olmagan edi. Bu sabablarning ajratib koʻrsatilishining oʻziyoq Gippokrat tashxis va davolashning zamonaviy usullari – urib koʻrish, paypaslash va eshitishdan (albatta, primitiv shakllarda) foydalanganini bildiradi. Chunki unga hali insonning ichki tuzilishi maʼlum boʻlmagan. Bundan tashqari, u kasallikning turli shakllaridagi balgʻam va ekskrementlar kabi ajralmalarning xususiyatini ham oʻrgangan edi.

Davolash usuli ham alohida ahamiyatga ega edi. U shifokor va bemorning hamkorligini maʼqul koʻrgan. Gippokratning fikricha, eng asosiy narsa insonning oʻzi davolanishni xohlashi, shifokor esa unga yordam berishi kerakligidir. Bu yordam eng avvalo organizm kuchini sogʻlikni tiklash uchun yoʻnaltirishda edi. Gippokrat insonlarni davolashni tabiiy yoʻl bilan, parhez va tabiatning davolovchi vositalari orqali olib borgan. U birinchilardan boʻlib kasallikning xususiyatiga koʻra parhezning qanday boʻlishi kerakligini asoslab bergan. Keyinchalik u asoslagan ratsional parhezning boshlangʻich formasi unutilgan.

Gippokrat bemorni parhez va darmonlar bilan davolashga uringani maʼlum. Agar bular yordam bermasa, u jarrohlik amaliyotiga ruxsat berar edi. Albatta, u davrlarda faqat sinishlarni toʻgʻrilash, yara va yiringlarni davolash kabi eng oddiy amaliyotlar oʻtkazilgan. Gippokratning oʻzi yaxshi jarroh boʻlgan va odatda oʻtkazilgan amaliyotdan soʻng suyak oʻrniga tushib, kishi oqsamasdan, avvalgidek erkin harakatlana olgan. Tabib tomonidan ishlab chiqilgan shifokorning bemorga nisbatan xulq-atvor etikasi Gippokrat qasamining bir boʻlagiga aylangan. U bemorning holatini batafsil yozib borish va unga oʻz taʼsirini oʻtkazmaslik bilan shifokorning ezgulik tilash namunasini koʻrsatib bergan. Dono Gippokrat oʻz avlodlariga shunday vasiyat qoldirgan: har qanday sharoitda ham shifokor bemorga zarar yetkazmasligi kerak.