Orqaga
Gana (VII-XIII asrlar) — Gʻarbiy Afrikaning oʻrta asrlardagi yirik savdo imperiyalarining eng birinchisi.

523 marta koʻrilgan

IX–XIII

Gana (Vagadu) imperiyasi

Gana (VII-XIII asrlar) — Gʻarbiy Afrikaning oʻrta asrlardagi yirik savdo imperiyalarining eng birinchisi. U Sahroi Kabir hamda Senegal, Niger daryolarining yuqori qismlari oraligʻida, hozirgi Janubi-sharqiy Mavritaniya va Malining bir qismini oʻz ichiga olgan hududda joylashgan. Gana aholisi mande tilida soʻzlashuvchi Soninke urugʻiga tegishli edi. Ular shimolga tuz, janubga esa oltin va fil suyagi ishlab chiqarib sotuvchi arab va amazig (berber) xalqi savdogarlari oʻrtasida vositachi boʻlgan (imperiya hozirgi Gana Respublikasi bilan adashtirmang).

Aytishlaricha, qirollikning kelib chiqishi milodiy IV asrga borib taqaladi. Gananing dastlabki qirollari davrining siyosiy tarixi haqida hech narsa maʼlum emas. Imperiya haqidagi ilk yozma maʼlumotlar VII asr arab geograf va tarixchilariga tegishli. Bu yozuvlarga koʻra, 800-yilga kelib, Gana boy va qudratli davlatga aylanadi.

Davlat oʻz hukmdorlari tomonidan Vagadu deb atalgan boʻlsa-da, u qirollik unvoni boʻlmish Gana soʻzi bilan mashhur boʻlgan. Qirol kichikroq guruhlarni majburlab, ulardan soliq undirishga qodir boʻlgan. Imperiyaning katta qismi oʻlpon toʻlovchi shahzodalar orqali boshqarilgan. Katta ehtimol bilan, ular shu tobe urugʻlarning mahalliy rahbarlari boʻlgan boʻlishi mumkin. Gana qiroli savdogarlarga import-eksport soligʻi va mamlakatning eng qimmatbaho tovari boʻlgan oltin uchun ishlab chiqarish soligʻini joriy etgan.

XI asr ispan-arab solnomachisi Abu Ubayd al-Bakrining soʻzlariga koʻra, qirol VIII asrdagi arab istilosidan soʻng islom dinini qabul qilgan Sahroi Kabirning shimoliy afrikalik savdogarlarini oʻz poytaxtida qarshilagan. Gana tarixi davomida poytaxt XI asrda bir joydan boshqasiga, yaʼni hozirgi Mali davlatining Bamako shahridan 322 km shimolroqda joylashgan va arxeologlar tomonidan shartli ravishda Kumbi (yoki Kuombi Saleh) shahriga koʻchiriladi.

Imperiyaning asosiy maqsadi allyuvial oltin savdosini nazorat qilish istagi boʻlgan, bu esa choʻlning koʻchmanchi amazig xalqining gʻarbiy Sahroi Kabir boʻylab karvon yoʻllarini rivojlantirishiga olib keldi. Oltin odatda imperiyaning janubiy chegaralaridagi so‘zsiz ayriboshlash orqali taʼminlangan va imperiya poytaxtiga olib kelingan, u yerda mahalliy shahar bilan bir qatorda musulmon savdo shaharchasi ham rivojlangan edi. Bu shaharlarda oltin boshqa tovarlarga, masalan, eng muhim mahsulotlardan biri — Shimoliy Afrika karvonlari orqali janubga keltiriluvchi tuzga almashtirilgan.

Gana boyib borar ekan, oʻzining siyosiy nazoratini ham kengaytiradi, kichikroq davlatlarni oʻzlashtirib, yuk ombori sifatidagi maqomini mustahkamlaydi. Shuningdek, u janubdagi oltin qazib oluvchi yerlarning bir qismini va shimoldagi Sahroi Kabirdan janubiy shaharlarni, masalan, o‘sha paytdan beri yo‘q bo‘lib ketgan Audaghost kabi mashhur bozorni o‘z ichiga olgan.

Gana XI asrga kelib, musulmon Almoravidlar sulolasi, Shanxaja harbiy ittifoqi va Sahroi Kabirdagi boshqa amazig guruhlarining paydo boʻlishi bilan tanazzulga yuz tuta boshladi. Ular qoʻshnilarining dinini oʻzgartirish uchun muqaddas urushda birlashdi. Ushbu harakatning janubiy qanot yetakchisi Abu Bakr 1054-yilda Audaghost shahrini egallaydi, koʻplab janglardan soʻng 1076-yilda Kumbi shahrini ham bosib oladi.

Ganada Almoravidlar sulolasining hukmronligi bor-yoʻgʻi bir necha yil davom etgan boʻlsa-da, ularning harakatlari imperiya qaram boʻlgan savdo faoliyatini buzib yubordi, suruvlarning qurgʻoqchil qishloq xoʻjaligiga keltirilishi esa halokatli choʻllashish jarayonini boshlab yubordi. Imperiyaning tobe xalqlari ajrala boshladi, ulardan biri — susular 1203-yilda poytaxtni egalladi. 1240-yilda shahar Mande Sundiata tomonidan vayron qilindi, Gana imperiyasidan qolgan boshqa yerlar yangi Mali imperiyasi tarkibiga kiritildi.



Manba: britannica.com
Muqova suratlar: unsplash.com / pexels.com