Orqaga

564 marta koʻrilgan

I asr

Funan qirolligi

Funan — eramizning I asrida Kambodjada qad koʻtargan davlat. VI asrda Chenla davlati tarkibiga qoʻshib olinadi. Funan (xitoycha “pnom” — “togʻ” soʻzidan olingan boʻlishi mumkin) Janubi-Sharqiy Osiyodagi birinchi muhim hinduiy qirollik boʻlgan. U hozirgi Vyetnam, Tailand va Kambodjaning bir qismini qamrab olgan va Hindiston, Xitoy bilan savdo aloqalarini oʻrnatgan. III–VI asrlarda esa Funan xalqi imperatorlarga oʻlpon toʻlagan. Arxeologik dalillar bu davlatga hind madaniyati sezilarli darajada taʼsir oʻtkazganini koʻrsatadi.

Funan qirolligi haqida ma'lumot.

Funan, Janubi-Sharqiy Osiyoning qadimgi davlati, miloddan avvalgi 200-yil / britannica.com

Kelib chiqish tarixi

Xitoy manbalarida keltirilgan Funanning kelib chiqishini tasdiqlovchi mahalliy afsonaga koʻra, “Xantian” ismli muhojir Vyetnam janubidagi Mekong deltasida miloddan avvalgi I asrda Funan qirolligiga asos solgan.

Arxeologik maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, bu mintaqada koʻpgina aholi turarjoylari miloddan avvalgi IV asrga toʻgʻri keladi. Xitoy tarixchilari bu davlatni yagona birlashgan imperiya deb hisoblashiga qaramasdan, baʼzi zamonaviy olimlar fikriga koʻra, Funan goh bir-biri bilan kurashib, gohida siyosiy birlikni tashkil qilgan shahar-davlatlar yigʻindisi boʻlgan boʻlishi mumkin.

Shuningdek, Funan turli etnik va til guruhlarini oʻz ichiga olgan koʻp madaniyatli jamiyat boʻlgan. 4–5-asrlarning oxirlarida janubiy Hindiston Pallava sulolasi va shimoliy Hindiston Gupta imperiyasining turtkisi tufayli hindulashuv qisman tez surʼatlar bilan rivojlandi.

Funan davridan saqlanib qolgan yagona mahalliy yozuvlar Pallava sulolasining sanskrit tilidagi Pallava Grantaning paleografik yozuvlari boʻlib, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda ziyoli va hukmron elita tomonidan qoʻllanadigan til boʻlgan. Bu yozuvlarda funan xalqining millati va soʻzlashuv tili haqida hech qanday maʼlumot berilmaydi.

Madaniyati

Funan madaniyati mahalliy eʼtiqodlar va hind gʻoyalari birlashuvidan tarkib topgan edi. Oʻsha davrda qirollikka hind madaniyati juda kuchli taʼsir oʻtkazgan va davlat boshqaruvi vazifalariga asosan hindlar tayinlangan. Qirol devonida sanskrit tili amalda boʻlgan va funanliklar hinduizmni, V asrdan keyin esa buddizm diniy taʼlimotlarini qoʻllab-quvvatlagan. Tarixiy solnomalarning guvohlik berishicha, qirollik davrida soliqlar kumush, tilla, marvarid va xushboʻy hidli yogʻochlar bilan toʻlangan. Kang Tay¹ va Chju Inn yozib qoldirgan maʼlumotlarga koʻra, funanliklar qullik bilan shugʻullangan va qizigan temir zanjir taqish, qaynab turgan suvdan tilla uzuk va tuxumlarni olish kabi mashaqqatli usullar yordamida adolatli sudlov tizimi oʻrnatilgan.

Topilgan arxeologik dalillar asosan Xitoy solnomalariga mos keladi. Xitoyliklar funan aholisini baland qurilgan uylarda yashovchi, guruch yetishtiruvchi va oʻlpon sifatida oltin, kumush, fil suyagi hamda kamyob hayvonlar yetkazib beruvchi xalq deb tasvirlagan.

Kang Tay yozib qoldirgan xabarlar Funan sivilizatsiyasiga unchalik mos kelmagan edi, ammo Xitoy saroyi qaydnomalari milodiy 263-yilda bir guruh funan musiqachilari Xitoyga tashrif buyurganini koʻrsatadi. Musiqachilar mahoratidan Xitoy imperatori shu qadar taʼsirlanadiki, u Nanking shahri yaqinida Funan musiqasi institutini tashkil etishga buyruq beradi. Xabarlarga koʻra funanliklar oʻz mamlakatlari boʻylab juda keng miqyosdagi kitob toʻplami va arxivlarga ega boʻlib, yuqori darajada ilmiy yutuqlarga erishgan.

Funan shahridan kelgan Mandrasena va Sangapala ismli ikki buddist rohib V–VI asrlarda Xitoyda istiqomat qilgan va bir nechta buddizm sutralarini (buddizm taʼlimotiga oid yozuvlar) sanskrit tilidan (yoki prakritdan) xitoy tiliga tarjima qilgan. Bu matnlar orasida Mahayana Saptasatika Prajnaparamita Sutra bor, u baʼzan Mahaprajnaparamita Manjusriparivarta Sutra deb ham ataladi. Ushbu matn ikkala rohib tomonidan alohida-alohida tarjima qilingan. Bodhisattva Manjusri — matnda muhim oʻrin egallagan shaxs.


[1] Kang Tay — III asr oʻrtalarida Sharqiy Vu shtatidan kelgan xitoylik sayohatchi edi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: midjourney.com