Orqaga

990 marta koʻrilgan

1907–1954

Frida Kalo

Magdalena Karmen Frida Kalo Kalderon 1907-yil 6-iyulda Meksikaning Koyoakan nomli kichik aholi punktida tugʻilgan. Fridaning onasi ispaniyalik (hind qoni aralash) Matilda Kalderon dindor katolik (xristian dini yoʻnalishlaridan biri) edi, otasi Gilyermo Kalo esa asli Germaniyadan boʻlib, professional fotograf boʻlgan. Frida 6 yoshida poliomiyelit (qoqshollikka olib keluvchi xastalik) dan aziyat chekdi va kasallikdan soʻng qizaloqning oʻng oyogʻi chap oyogʻidan ingichka va kaltaroq boʻlib qoldi.

Tengdoshlarining masxaralashi va jismoniy ogʻriqning kuchliligiga qaramay, u boks va suzish bilan shugʻullandi, panjaralarga chiqib yurdi va mahalliy yigitlar bilan futbol oʻynashda davom etdi. Bundan tashqari, Kalo oʻng oyogʻiga bir vaqtning oʻzida bir nechta chulki kiyib, uni chap oyogʻi bilan bir xil hajmga keltiradi. Shunday qilib, u kamchiligini mahorat bilan yashirishni oʻrgandi.

Kalo 1919-yil 15-iyun, 11 yoshda / wikipedia.org

15 yoshida Frida oʻziga toʻq oiladan boʻlgani uchun tibbiyotni oʻrganishni xohlab, Meksikadagi eng yaxshi maktablardan biriga oʻqishga kirdi. Oʻsha vaqtda bu juda gʻayrioddiy tanlov edi, sababi maktabda 2 000 yigit orasida faqat 35 nafargina qiz oʻqirdi. U noz-karashma va koʻz suzishni yoqtirmasdi, tengdoshlari urfga kirgan liboslarni kiyganda, Kalo qora yubka bilan kamtarona oq bluzka kiyib yurardi. Biroq u oʻziga jalb etadigan betakror xarizmaga ega edi. Uning tubsiz katta koʻzi, qalin qosh va qora sochi hech kimni befarq qoldirmasdi.

Frida 1925-yili 18 yoshida dahshatli halokatga uchradi: u minib ketayotgan avtobus katta tezlikda tramvayga borib urildi. Uning koʻp suyaklari sindi, singan temir tutqich uning qornini teshib oʻtdi, natijada Frida farzand koʻrish imkoniyatidan mahrum boʻldi. Shifokorlarning hukmi aniq edi: Frida yo erta oʻlim topishi yoki umrbod nogironlik aravachasiga mixlanishi kerak edi. 3 hafta davomida u oʻzini bilmay yotdi. Shifokorlar endi uning omon qolishi mumkinligiga umid qilmay qoʻydi, biroq shifokorlar bashoratidan farqli oʻlaroq, Frida oʻziga keldi.

Kalo 1926-yilda / wikipedia.org

Uzoq vaqt davomida toʻshakka mixlanib, harakatlana olmay qolgan Frida ogʻriqni yengib, oʻz hayoti uchun kurashdi. U soatlab qimir etmay, shiftga tikilib yolgʻiz yotar edi. Bir qancha vaqt oʻtgach, Frida oʻz aksini koʻrishi uchun opasi xonaga koʻzgu olib keldi va uni karavotga osib qoʻydi. Aynan koʻzgu Fridaning rasm chizish istagiga turtki boʻldi. Kalo boʻyoq sotib olishlarini soʻradi va unga yotgan holatda rasm chizishga imkon beradigan maxsus molbert yasaldi. Frida yotib, oʻz suratini chizardi, endi u kecha-yu kunduz koʻzguga qarab yuzining mayda detallarigacha oʻrganish imkoniyatiga ega edi. Shunday qilib, avtoportret janri Frida hayotining asosiy mavzusiga aylandi.

“Men oʻz suratimni chizaman, chunki koʻp vaqtimni yolgʻiz oʻtkazganim uchun men eng yaxshi bilgan mavzu — oʻzimman”, — der edi Frida. Ha, aytish mumkinki, Frida selfi (kamera bilan olingan avtoportret) urfga aylanishidan ancha oldin bu mashgʻulot bilan shugʻullangan. Bir yil oʻtgach, Frida korset kiygan holda, chidab boʻlmas ogʻriqni boshdan kechirsa ham, mustaqil ravishda harakat qila boshladi.

1928-yilda Frida Kalo Meksika kommunistik partiyasiga qoʻshildi va oʻz nomini Meksika inqilobi boshlanish vaqti bilan bogʻlash uchun tugʻilgan yilini 1907-yildan 1910-yilga oʻzgartirdi. Boʻlajak rassom 1 yildan keyin Meksika Milliy institutiga oʻqishga kirdi va u yerda taniqli meksikalik rassom Diyego Rivera bilan uchrashdi. Frida Diyego Riveraga oʻz ishini koʻrsatishga jasorat topdi. Professional boʻlmagan rassomning mahorati Riverani hayratga soldi.

Bundan tashqari, ikkalasining ham kommunistik qarashlari oʻxshash edi va 43 yoshli Diyego Fridaga qiziqib qoldi. Frida ham uning his-tuygʻulariga befarq emas edi. Bir necha oy oʻtgach, oʻrtasida 21 yosh farq hamda ota-onasining eʼtirozlariga qaramay, ular turmush qurdi. Diyegoni vafodor deb boʻlmas edi, Fridaga xiyonat qilishini u hatto berkitmasdi. Frida bunga javoban nafaqat erkaklar, balki ayollar bilan ham “yurish”ga harakat qildi. Biroq rashkchi Diyego bunga chiday olmay Fridani xudbinlik bilan toʻxtatishga harakat qilardi.

Shunday qilib, ularning oilaviy hayoti koʻproq minalangan maydonni eslatardi. Keyinchalik Frida: “Mening hayotimda 2 ta baxtsiz hodisa boʻlgan: biri avtobus tramvayga borib urilgani, ikkinchisi esa Diyego», — degan edi. Frida oilaviy hayotida erining farzand koʻrishni qatʼiyan istamasligiga qaramay, farzand koʻrishni juda xohladi. Uning 3 ta homilasi ham, afsuski, homila tushishi bilan tugadi. Frida uchun bu halokatli fakt “Genri Ford kasalxonasi” va “Men va mening qoʻgʻirchogʻim” kartinalarini yaratish uchun zaruriy asos boʻlib, unda ona boʻla olmagan ayolning achchiq dardi aks etdi.

1937-yilda SSSRdan surgun qilingan inqilobchi hamda Diyego Riveraning doʻsti — Lev Trotskiy rafiqasi bilan Meksikaga keldi. Diyego va Frida oʻz uyida doʻstlarini mamnuniyat bilan qabul qilib, ular bilan qolishni taklif qildi. Trotskiy Rivera ijodi va uning kommunistik ruhiga qoyil qoldi. Tez orada Trotskiy va Frida oʻrtasida ishqiy munosabat boshlandi. Ammo Frida 60 yoshli Trotskiyning taʼqib qilishidan tez zerikdi, aqli his-tuygʻularidan ustun kelib, bu munosabatlarni tugatish uchun oʻzida kuch topdi.

Umuman olganda, Fridaning Trotskiyga nisbatan his-tuygʻulari boʻlmagan, u shunchaki Diyegodan xiyonat uchun qasos olmoqchi boʻlgan. Trotskiyning xotini erining qiziqishlarini sezib qoladi va tez orada ular Riveralar uyini tark etadi. 1938-yilda esa Nyu Yorkda Fridaning birinchi shaxsiy koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Koʻrgazma ulkan muvaffaqiyatga erishdi, u nihoyat, “Diyego Riveraning rafiqasi” emas, mustaqil rassomga aylandi.

Shundan soʻng Parijda koʻrgazma boʻlib oʻtdi, u yerda Kaloning avtoportretlaridan biri Luvr tomonidan sotib olindi. Rassomning gullar bilan bezatilgan sochi hamda ekzotik meksika libosidagi surati Vogue fransuz jurnalining muqovasiga joylashtirildi. Bu paytda Diyego bilan munosabatlar yomonlashishda davom etdi va ular 1939-yilda ajrashdi. Ajrimdan keyin Frida mashhur “Ikki Frida” qoʻsh portretini chizdi: qahramonlardan biri Diyego sevgan ayol, ikkinchisi esa rad etilgani edi. Biroq keyingi yil er-xotin qayta turmush qurdi.

Toni Frisselning 1937-yilgi fotosurati, “Vogue” moda jurnali uchun / wikipedia.org

1941-yilda Fridaning sogʻligʻi keskin va kuchliroq yomonlasha boshladi. U umurtqa va oyogʻida bir nechta yirik operatsiyani boshdan kechirdi, qomatini ushlab turuvchi korset kiyishga majbur boʻldi, endilikda kuchli dozadagi ogʻriq qoldiruvchi vositalarsiz yashay olmay qoldi. 1950-yilning boshida Kalo toʻshakka deyarli mixlanib qolgan edi, lekin u rasm chizishni toʻxtatmadi.

1953-yilda Fridaning azaliy orzusi ushaldi: uning vatani — Meksikada asarlarining ilk koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Ochilish kuni shifokor unga toʻshakdan turishni qatʼiyan taqiqladi. Shunday boʻlsa ham, Kalo karavot bilan birga yuk mashinasining orqa tomoniga oʻrnatilib, sanʼat galereyasiga olib kelindi. Fridaning sogʻligʻi borgan sari yomonlashib bordi va oʻsha yili gangrena (toʻqimalarning oʻlishi) boshlangani sababli shifokorlar uning oyogʻini kesishga majbur boʻldi.

Bir yil oʻtgach esa u zotiljam bilan kasalxonada 2 oy yotdi. Kasallik chekinishni istamadi va Fridaning sogʻligʻi batamom ogʻirlashdi. Frida Kalo 1954-yil 13-iyulga oʻtar kechasi 47 yoshida davolanib ulgurmagan zotiljam tufayli uyquda vafot etdi. U rang-barang avtoportretlari tufayli dunyo miqyosida shuhrat qozondi. Frida ushbu suratlarda oʻzi va boshqa odamlarning azobini namoyish qilishdan qoʻrqmadi.

Rassomning barcha asarlari aslida oʻz aksidan ancha boshqa maʼnolarni anglatadi. Uning rasmlari dunyo va shaxsiy inqilob uchrashgan joydir. Bu ayollik jozibasining ozod boʻlishi va uning ramziy darajaga koʻtarilishidir. Fridaning suratlardagi koʻzi ham nozik, ham azobga toʻla qilib tasvirlangan. Frida kabi hayotga muhabbat va yolgʻizlikning cheksiz azobini oʻz ijodida birlashtira oladigan rassomni topish qiyin.

Uning ijodi butun dunyo rassomlik sanʼatining qalbi va yuragi hisoblanadi. Ammo u shunchaki qalb va jismoniy kuch ramzi emas edi. Rassom butun hayoti davomida oʻzining ichki qarama-qarshiliklari bilan kurashdi, mustaqillik va muhabbat bilan bogʻliq murakkab munosabatlardan boshlab, eng yaxshi bilgan mavzusi — oʻzi haqida chizdi. Meksika xalqi va, qolaversa, butun insoniyat uchun Frida Kalo abadiy milliy qahramon hamda hayotga muhabbat va jasorat namunasi boʻlib qoladi.

Butun umri davomida chekkan ogʻriq va azob-uqubatga qaramay, u hech qachon optimizm, hazil-mutoyiba va iroda kuchini yoʻqotmadi. Oʻlimidan 8 kun avval soʻnggi rasmiga tushirilgan “Viva la vida” — “Yashasin hayot” degan yozuv bunga dalil.


“Viva la vida” — “Yashasin hayot”, Tarvuzlar / fridakahlo.org

 



Muqova surat: wikipedia.org