21
Ulashish
876 marta koʻrilgan
1810–1849
Frederik Shopen
Yosh Frederikning buyuk pianinochi boʻlishi hali endigina 7 yoshga toʻlganidayoq maʼlum edi. 8 yoshida u ilk bora omma oldida konsertda chiqish qiladi. Shopen 1829-yilda Varshava konservatoriyasini tugatgach, imtihon roʻyxatida quyidagi izoh paydo boʻladi: “Frederik Shopen — musiqa dahosi”. Bu vaqtda u orkestrli fortepiano uchun 2 ta konsert yozib ulgurgandi. Hozir ular butun dunyoga mashhur va odamlar haligacha sevib tinglaydi.
Shopen Polshani yaxshi koʻrardi, ammo kasb taqozosi bilan sayohat qilishga majbur edi. 1830-yilda ilk konsert sayohati uchun Yevropaga yoʻl oladi. U endi hech qachon ona vatanini koʻra olmasligini bilmasdi. 1830–1831-yillarning qish oylarini Venada oʻtkazadi, keyin Parijga koʻchadi. Bastakor u yerda qisqa umrining 2-yarmini yashaydi. Ijodkor koʻp, sermahsul ishlardi va tez orada nafaqat oʻz asarlari, balki fortepianodagi ajoyib ijrosi bilan ham eʼtirofga tushadi. U boshqa bastakorlardan farqli oʻlaroq, asosan asilzodalar toʻplanadigan joylarda ijro qilar va zaif sogʻligʻi sabab omma oldiga koʻp chiqmasdi.
Shopen zamonasining taniqli musiqachilari, jumladan, Ferens List, Gektor Berlioz, Vinchento Bellini, yozuvchi va shoirlardan Adam Mitskevich, Genrix Geyne, Onore de Balzak, Ivan Turgenev kabilar bilan uchrashgan edi. Fransuz rassomi — Ejen Delakrua fransuz revolyutsiyasi detallariga oid suratida Shopenning ijro vaqtidagi ilhomlangan yuzini tasvirlagan edi. Ferens List uni mashhur fransuz yozuvchisi Jorj Sand bilan tanishtiradi. Ayol esa 1838-yilda Shopenning maʼshuqasiga aylanadi. Ular birgalikda Mayorka oroliga sayohat qiladi, Shopen u yerda sil kasalidan davolanadi.
Avrora Dyudevan (yozuvchi Jorj Sandning haqiqiy ismi) uyida Shopen koʻplab ajoyib ijod namunalarini yaratadi. Lekin bastakor hayoti yurt sogʻinchi va kuchayib borayotgan oʻpka xastaligidan zulmatga choʻmgan edi. U 1849-yil 17-oktabrda vafot etadi. Shopen Parijdagi Pyer-Lashez qabristonida dafn etiladi. Uning yuragini esa kumush idishda vataniga olib borib, Varshavada, oʻzi bir paytlar yashagan hudud yaqinidagi Ilohiy Xoch cherkovi devoriga qotirib qoʻyiladi.
Shopen kam sonli cholgʻular uchun asar yozadigan bastakorlar turiga kirar edi. U oʻzining barcha asosiy asarlarini fortepiano uchun yozgan. Uning ijodida bu cholgʻu asbobi avval takrorlanmagan yorqin ohang bilan jaranglardi. Shopen yozgan musiqa ajoyib, tantanali polonyez, tezkor, jonli mazurka va orzumand balladalar — polshacha ruhiyatga yoʻgʻrilgan. Bu kuylar polshaliklarni Rossiya, Prussiya va Avstriyaga qarshi ozodlik kurashi uchun ilhomlantirardi. Vals va romantik noktyurnlarida Shopen royalni soʻzlashga, hatto kuylashga majbur qilib yuborardi.
Varshavada har 5 yilda bastakor nomi bilan xalqaro tanlov oʻtkazilishi ham bejiz emas. Unda yosh ijodkorlar Shopen musiqalari boʻyicha bellashadi. Ijrochining virtuoz (ijroning eng yuqori choʻqqisiga chiqish) texnikasi tan olinishi gʻalaba hisoblanadi. Ferens List: “Shopenning polonezini tinglay turib, tubanlik va adolatsizlikka qarshi jasorat bilan qadam tashlayotgan odamlarning ogʻir qadamlarini koʻrgandek boʻlasiz”, — degan edi. Shu sabab ham uning musiqasi barchaga qadrli va tushunarlidir. Bastakor ijodi musiqachilarga ham, havaskorlarga ham qiziqarli boʻlib, har kim undan oʻz qalbiga yaqinini topadi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / vermontpublic.org