Orqaga

807 marta koʻrilgan

1540–1603

Fransua Viyet

Fransua Viyet (Vyet) 1540-yilda Puatu provinsiyasi, Fonten-le-Kont shahrida tugʻilib, yuridik taʼlim olgan. Advokat sifatida u ancha taniqli boʻlib, shaharda oʻqimishli inson sifatida mashhur edi, lekin yosh advokat boʻsh vaqtida matematika bilan shugʻullanishini kamchilik bilardi. Avvaliga Fransua astronomiyaga qiziqqan, keyin oʻzini butunlay algebra va geometriyaga bagʻishlagan.

1571-yilda u Parijga koʻchib oʻtadi va qirol Genrix III saroyida ham mashhur kishiga aylanadi. Viyet avval qirol Genrix IIIʼga, keyin Genrix IVʼga maslahatchi boʻlib xizmat qilgan. Bu yillar davomida u matematik tadqiqotlar bilan shugʻullanib, bosim ostida ishlagan, koʻp yozgan boʻlsa-da uning ishlari tilning murakkabligi va matematik masalalarning murakkab bayoni tufayli keng tarqalmagan. Fransua Viyet vafotidan keyingina Leyden universiteti matematika professori Frans Shosten uning ishlarini “Opera Vietal” nomi bilan eʼlon qiladi. Aslida Viyet algebrada haqiqiy inqilobni amalga oshirgan edi. Aynan u tufayli matematika simvolli (harfiy) ifodalarga ega algebraik tenglamalar faniga aylandi. Tenglamalarning murakkab yozma bayoni butunlay oʻtmishda qoldi. Viyetning sharofati bilan algebraik ifodalar ustida turli amallarni bajarish imkoni paydo boʻldi.

Aslida, matematikaning butun falsafasi oʻzgarib ketgandi. Viyet sonlarni emas, ular ustida amallarni oʻrganish kerakligini taʼkidlardi. U asrlar oshib, XVI asrdan XX asrga “sakragan” odam edi.Maqsadga intiluvchan, oʻtkir aql sohibi boʻlgan Fransua Viyet oʻzi shugʻullangan barcha matematik masalalarda ajoyib natijalarga erishgan. Gollandiyalik matematik Andrian van Romen taqdim qilgan 45-darajali tenglamani hech qaysi davlatda, hech bir odam, hech qachon yecholmaydi deb taʼriflanganda qirol Genrix IV “Viyetni chaqiringlar” degan edi. Oʻsha davrlarda mashhur matematiklar taqdim qilgan masalalar yechimi bilan shugʻullanish nufuzli ish deb hisoblangan. Fransua Viyet qirol va uning ayonlari, butun saroy, koʻplab mehmonlar oldida 45-darajali tenglamaning ildizini topib, taqdim qilgan yechim haqiqatda ajoyib edi. Qirol shunchaki lol qolgan, mehmonlar esa 53 yoshli saroy maslahatchisi, sochi oqargan, xushbichim Fransua Viyetni olqishlagandi. Bu tenglamaga bagʻishlagan ishida u trigonometriyada kashf qilgan karrali yoy sinusidan foydalangan edi. Olim bu tenglamaning yechimi burchakni 45 ta teng boʻlakka boʻlishga olib borishi va 23 ta musbat ildizi borligini koʻrsatib bergan.

Golland matematigi Andrian van Romen shundan soʻng Fransua Viyetga muxlislik qila boshladi. Lekin Viyet mashhurlik choʻqqisiga ancha oldin, fransuz-ispan urushi davrida chiqqan edi. Ispan inkvizitorlari fransuzlarning deyarli barcha yashirin operatsiyalaridan xabardor edi. Ular muhim davlat maʼlumotlaridan xabardor boʻlgani uchun fransuzlardan bir qadam oldinga oʻtib, birin-ketin toʻqnashuvlarda gʻalaba qozonayotgan edi. Gap shunda ediki, ispanlar maxsus shifr yaratgan boʻlib, Fransiyadagi odamlaridan bemalol maʼlumot olib turardi, tutib olingan xabarlar ham fransuzlarga yordam berolmayotgandi. Bu shifrning siri yechilmayotgandi. Shunda qirol Fransua Viyetga murojaat qilgan edi. U koʻplab kunlarni mantiqiy shifr yechimini izlashga sarfladi va nihoyat noodatiy ispan sirli yozuvining kalitini topdi. Shu zahotiyoq Fransiya Ispaniyaga birin-ketin kuchli zarbalar bera boshlagandi. Ispanlar gap nimadaligini darrov bilmagandi, keyin ularning shifri yechilgani va buni matematik Fransua Viyet qilganidan xabar topdi.

Ispan inkvizitorlari fransuzlarni shayton bilan kelishuv tuzishda aybladi, ular faqatgina shayton bunday ayyorona shifrni yechishga qodir deb oʻylardi. Fransua Viyetni Gall Apolloniysi (Gall – fransuz degani) deb ham atardi, chunki u Apolloniyning sirkul va chizgʻich yordamida berilgan uch aylanaga doira chizish masalasini yechgandi. Ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi darajali tenglamalarni yechishning yagona usuli ham Viyetga tegishli boʻlib, olimning oʻzi koʻproq tenglamalardagi ildizlar va koeffitsiyentlar orasidagi bogʻliqlikni koʻproq qadrlagan. Fransua Viyet umrining oxiri – 1603-yilgacha Fransiya qirolining saroyida qolgan. Uning oʻlimi sirli boʻlib, qotillik qurboniga aylangan boʻlishi ham mumkin.



Muqova suratlar: wikipedia.org / elementy.ru