3
Ulashish
570 marta koʻrilgan
XVI asr
Fransiyadagi diniy urushlar
Fransiyadagi diniy urushlar bu — 1562-yildan 1598-yilgacha davom etgan fransuz katolik va protestantlari oʻrtasidagi, odatda gugenotlar deb ataladigan fuqarolar urushi davriga nisbatan qoʻllaniladigan atama. Hisob-kitobga koʻra, 2 mlndan 4 mlngacha odam mojaro ortidan kelib chiqqan zoʻravonlik, ochlik va kasallikdan vafot etgan. Nizo sababli fransuz monarxiya hokimiyatiga jiddiy zarar yetgan. Urush 1593-yilda katoliklikni qabul qilgan Genrix Navar fransuz qiroli Genrix IV deb eʼlon qilinib, gugenotlarga katta huquq va erkinlik bergan Nant farmoni bilan 1598-yilda yakunlangan. Biroq katoliklar protestantlar va Genrixga nisbatan dushmanlik bilan qarashda davom etgan va 1610-yilda uning oʻldirilishi 1620-yildagi Gugenot qoʻzgʻoloning yangi toʻlqinini keltirib chiqargan.
Ikki din oʻrtasidagi ziddiyat 1530-yildan boshlab keskinlashib, mavjud mintaqaviy boʻlinishni kuchaytirgan. 1559-yil iyul oyida fransiyalik Genrix II ning oʻlimi uning bevasi Yekaterina Medichi va kuchli zodagonlar oʻrtasida hokimiyat uchun uzoq davom etgan kurashni boshlagan. Bularga Giz va Monmoransi oilalari boshchiligidagi ashaddiy katolik fraksiyasi hamda Konde va Janna dʼAlbre oilasi rahbarligidagi protestantlar kiradi. Har ikki tomon tashqi kuchdan yordam olgan, Ispaniya va Savoy katoliklarni, Angliya va Gollandiya Respublikasi protestantlarni qoʻllab-quvvatlagan.
Betaraflar, shuningdek, siyosatchilar — Genrix II va uning otasi Fransis I tomonidan olib borilgan qatagʻon siyosatidan koʻra, hokimiyatni markazlashtirish va gugenotlarga yon berish orqali tartibni saqlashga umid qilgan. Ular dastlab Yekaterina Medichi tomonidan yoqlangan, uning 1562-yil yanvardagi Sen-Jermen farmoni Giz fraksiyasi tomonidan qattiq qarshilikka uchragan va mart oyida keng koʻlamli jangning boshlanishiga olib kelgan. Keyinchalik u oʻz pozitsiyasini qatʼiylashtirgan va 1572-yil Parijda Avliyo Varfolomey kuni sodir etilgan qirgʻinni qoʻllab-quvvatlagan. Natijada, katolik toʻdasi butun Fransiya boʻylab 5 000 dan 30 000 gacha protestantlarni oʻldirgan.
Urush monarxiya va oxirgi Valua qirollari, Ketrinning uchta oʻgʻli — Fransis II, Karl IX va Genrix III hokimiyatiga tahdid solgan. Burbon vorisi Genrix IV kuchli markaziy davlat yaratish va gugenotlarga nisbatan bagʻrikenglikni kengaytirish yoʻlini tutgan. Bu siyosiy harakat 1685-yilgacha, Genrix nabirasi Fransiya qiroli Lyudovik XIV Nant farmonini bekor qilgunga qadar davom etgan.
“Fransuz din urushlari” va “Gugenot urushlari” bilan bir qatorda urushlar “Sakkiz diniy urush” yoki oddiygina “Diniy urushlar” (faqat Fransiya hududida) deb ham atalgan.
Urushlarning aniq soni va ularning tegishli sanalari tarixchilar tomonidan davomli munozaraga sabab boʻlmoqda. Baʼzilar Nant farmoni (1598-yil 13-aprel) va Vervin tinchligi (1598-yil 2-may) urushlarini yakunlagan, deb hisoblaydi. Boshqalar esa 1620-yildagi Gugenot qoʻzgʻoloni sabab, 1629-yildagi Ales tinchligi jangga nuqta qoʻygan deb ishonadi. Biroq 1562-yildagi Vassi qirgʻini urush boshlanishi boʻlib, Nant farmoni hech boʻlmaganda ushbu toʻqnashuv seriyasini tugatgan. Bu vaqt ichida murakkab diplomatik muzokara va tinchlik kelishuvi ortidan yana ziddiyat va hokimiyat uchun kurash boshlangan.
Amerikalik harbiy tarixchilar – Kayzer, Drass va Brushteyn (1994) quyidagi boʻlinma, davr va joylarni saqlab qolgan:
Birinchi din urushi (1562–1563) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Ikkinchi din urushi (1567–1568) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Uchinchi din urushi (1568–1570) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Toʻrtinchi din urushi (1572–1573) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Beshinchi din urushi (1575–1576) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Oltinchi din urushi (1576–1577) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Yettinchi din urushi (1580) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Sakkizinchi din urushi (1585–1589) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Toʻqqizinchi din urushi (1589–1598) — Fransiyaning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com / worldhostory.org Muqova surat: wikipedia.org