1
Ulashish
790 marta koʻrilgan
1838–1917
Ferdinand Seppelin
Graf Ferdinand Seppelin koʻplab nemis aristokrat oila vakillari singari oʻzi uchun harbiy karyerani tanladi. Uning 1870-yilgacha dunyodagi birinchi ogʻir dirijabl ixtirochisi sifatida tarixga kirishi xayoliga ham kelmagandi. 1870-yilda Fransiya-Prussiya urushi boʻlayotgan paytda uning xayoliga havoda suzib yuruvchi vosita qurish gʻoyasi keladi. Vosita yordamida qamal qilingan qoʻshinlarni barcha zarur narsalar bilan taʼminlash mumkin edi. U boshqarilmaydigan aerostat (havodan yengilroq havo shari) oʻrnini yanada rivojlangan apparat egallashi kerakligini tushunib yetdi.
Seppelin boʻlajak ixtirosiga asos sifatida 1852-yilda fransuz ixtirochisi Anri Jiffar yaratgan boshqariladigan shardan foydalandi. U toʻliq 3 yil davomida hech kim koʻrmagan qurilmani loyihalash bilan shugʻullandi va 1873-yilda aerodinamik shaklda boshqariladigan dirijabl dizaynini ommaga taqdim etdi. Unda vodorodli qoplar mato qobigʻi bilan qoplangan, qattiq karkas ichida joylashgan edi. Biroq nemis harbiy qoʻmondonligi uzoq vaqt davomida bu loyihani utopik gʻoya deya rad etdi. Seppelin taslim boʻlmadi va 1890-yilda yana bir yarim qattiq konstruksiyali boshqariladigan dirijabl loyihasini taklif qildi. Unda havo kemasining oʻqi boʻylab joylashgan yagona mustahkam metall — kil elementi bor edi xolos. Ammo bu loyiha ham maxsus komissiya tomonidan rad etildi.
Biroq Seppelin bu safar ham taqdirga tan bermadi va oʻz tugʻilgan shahri Fridrixshafenga koʻchib oʻtib, endilikda oʻz mulkida dirijabl qurish bilan shugʻullandi. 1900-yilning yoz faslida 1-dirijabl havoga koʻtarildi va u tez orada Bodenze (Yevropa) koʻlini muvaffaqiyatli kesib oʻtdi. Shunday qilib havo maydonini egallashning yangi davri — dirijabl qurish davriga asos solindi. Sekin-asta Seppelin asos solgan kichik ustaxona kengayib, tez orada dirijabl qurishning yirik markaziga aylandi. Seppelin turli maqsadlar uchun turli dirijabl loyihasini ishlab chiqdi va qurdi. Uning “Ganza” nomli kemasi 400 ga yaqin tijoriy reyslarni amalga oshirdi va bu vaqt oraligʻida 80 000 dan ortiq yoʻlovchini tashidi. 1908-yil Seppelin faoliyatida burilish nuqtasi boʻldi — nihoyat Germaniya bosh shtabi Seppelin qilayotgan ishning ahamiyatini tushunib, unga dengiz floti uchun dirijabl yasashga buyurtma berdi. Ushbu konstruksiyadagi dirijabllar Birinchi jahon urushi paytida ham, undan keyin ham keng qoʻllanildi.
Aynan shu dirijabllar asosida “Norvegiya”nomli dirijabl yaratildi va Umberto Nobile (italyan tadqiqotchi) qutbga misli koʻrilmagan parvozni amalga oshirdi. Seppelinga jahon miqyosidagi shon-shuhrat 1920-yillarning oxiri va 1930-yillarning boshida keldi: uning loyihasi boʻyicha “Gindenburg” va “Graf Seppelin” nomli 2 ta ulkan dirijabl yaratildi. Ular Yevropa va Amerika oʻrtasida transokean (okean boʻylab uchish) parvozlarni amalga oshirishga imkon berdi, shundan soʻng Germaniya hukumati dirijabllardan iborat butun havo flotini yaratishga qaror qildi. 200 tonnadan ortiq yuk koʻtaruvchi ushbu transport vositalari yuk va yoʻlovchi tashishda ham, harbiy sohada ham keng qoʻllanildi.
Seppelin dizayni Angliyada patentlandi va u yerda Hindiston bilan havo aloqalarini oʻrnatish uchun oʻxshash oʻlchamdagi bir nechta dirijabllar qurildi. Biroq dirijabldan foydalanishning afzalliklari bilan bir qatorda katta kamchiliklari ham bor edi, ular, birinchi navbatda, foydalaniladigan vodorod tufayli yuqori yongʻin xavfiga ega edi. Aytish kerakki, Seppelin boshidanoq bu haqda bilgan edi va shuning uchun dirijabllarni geliy bilan toʻldirishni taklif qildi. Ammo bu gʻoya qimmatga tushishi va oʻsha paytda arzon geliy olish mumkin boʻlgan turbodetander (gazning ichki energiyasini mexanik energiyaga aylantiruvchi qurilma) hali ixtiro qilinmagani sababli amalga oshirilmadi.
P. Kapitsa (sovet fizik-injeneri) tomonidan ixtiro qilingan apparat joriy etilgandan keyingina geliyning narxi shunchalik pasayib ketdiki, uni havo shari va kemalari uchun ishlatish imkoniyati tugʻildi. Dunyoning turli mamlakatlarida birin-ketin sodir boʻlgan va yuzlab insonlarning hayotiga zomin boʻlgan bir qancha yirik ofatlar dirijabllar baland va oʻta uzoq parvozlar uchun yaroqsiz ekanligini koʻrsatdi. Bugungi kunda Seppelin dirijabllari oʻrmon va qirgʻoqlarni patrul qilishda ishlatiladi, ular yonilgʻi yetkazib berish qiyin boʻlgan joylarga yuk tashish, shuningdek, koʻngilochar tadbirlarda qoʻllaniladi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / rus.team