Orqaga
Etrusk tamadduni miloddan avvalgi VIII–III asrlarda Italiyaning markazida gullab-yashnagan va Etrusklar Rim tomonidan zabt etilgach, ularning madaniyati ham Rim madaniyatiga singib ketgan.

396 marta koʻrilgan

m. a. VIII–III

Etrusklar tamadduni

Etrusk tamadduni miloddan avvalgi VIII–III asrlarda Italiyaning markaziy qismida gullab-yashnagan. Etrusk tamadduni qadimiy davrda oʻzining boy mineral resurslari bilan va Oʻrta dengizning yirik savdo kuchi sifatida mashhur boʻlgan. Ushbu davr madaniyati, hatto tarixining katta qismi yo yoʻq qilingan, yo uni bosib olgan Rim madaniyatiga singdirib yuborilgan. Shunga qaramay, mazkur madaniyat davridagi qabr, buyum va devor bitiklari, shuningdek, Rim tomonidan oʻzlashtirilgan etrusk kiyimlari, diniy urf-odat va meʼmorchilik namunalari saqlanib qolgan. Bular esa Italiyadagi birinchi buyuk tamaddun — Etrusk tamaddunining Oʻrta dengiz mintaqasi madaniyatining rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshganiga dalil boʻla oladi.

Madaniyat

Villanova madaniyati mil. av. 1100-yillardan boshlab markaziy Italiyada temir davrida rivojlangan. Bu nom odamlarni chalgʻitib qoʻyishi mumkin, chunki ushbu madaniyat aslida Etrusk tamaddunining dastlabki shakli hisoblanadi. Ikki xalq bir-biridan farq qilishini koʻrsatadigan migratsiya (aholining bir joydan ikkinchi joyga koʻchishi) yoki urush boʻlgani haqida hech qanday tarixiy dalil mavjud emas. Villanova madaniyati hududda mavjud boʻlgan tabiiy resurslardan koʻproq foydalanish oqibatida katta naf koʻrdi. Bu esa qishloqlarning shakllanishiga imkon berdi. Ushbu davrda qurilgan uylar, odatda dumaloq shaklda boʻlib, devori yogʻochdan yasalib, loy bilan suvalgan. Somonli tomiga ham yogʻoch va terakota (kulolchilik loyi) bezaklari ishlatilgan. Marhumning hokini saqlash uchun ishlatilgan sopol idishlar ham hozirgacha saqlanib qolgan.

Etrusk tamadduni miloddan avvalgi VIII–III asrlarda Italiyaning markazida gullab-yashnagan va Etrusklar Rim tomonidan zabt etilgach, ularning madaniyati ham Rim madaniyatiga singib ketgan.

Etrusk yozuvi namunalari / wikipedia.org

Ekinlar muntazam ravishda yaxshi hosil bergani uchun ham jamiyatning bir qismi ishlab chiqarish va savdo bilan shugʻullanishga muvaffaq boʻlgan. Madaniyatda otlar ham muhim vazifa bajargan. Ushbu jonivorlarning ulkan ahamiyati turarjoylardan tashqarida qurilgan yirik Villanova qabristonlaridan topilgan koʻplab bronza ot haykallari timsolida koʻrinadi. Mil. av. 750-yilga kelib Villanova madaniyati rasmiy ravishda Etrusk madaniyatiga aylandi. Shuningdek, Villanovaning koʻplab makonlari yirik etrusk shaharlari sifatida rivojlanishda davom etdi. Shu tariqa etrusklar qadimgi Oʻrta dengiz mintaqasidagi eng muvaffaqiyatli aholi guruhlaridan biri sifatida oʻzini namoyon qildi.

Etruriya

Etrusk shaharlari mustaqil shahar-davlatlar boʻlgan. Ular bir-biri bilan faqatgina umumiy din, til va madaniyat orqali bogʻlangan. Etrusk shaharlari geografik jihatdan janubdagi Tiber daryosidan shimoldagi Po daryosi vodiysining ayrim qismlarigacha boʻlgan maydonni egallagan. Ularga Cherveteri (Sisra), Kyuzi (Klevsin), Populoniya (Puplona), Tarkviniya (Tarkuna), Veyi (Vey), Vetuloniya (Vetluna) va Vulchi (Velch) shaharlari kirgan. Mazkur shaharlar biri ikkinchisidan mustaqil ravishda rivojlangani uchun ishlab chiqarish, sanʼat va arxitektura, davlat boshqaruvi kabi sohalardagi yangiliklar turli joylarga turlicha vaqtda kirib kelgan. Umuman olganda, sohil boʻyida joylashgan shaharlar zamonaviy madaniyat bilan koʻproq aloqada boʻlgani uchun tezroq rivojlangan. Ammo oxir-oqibat ular oʻzlashtirgan madaniyatini ichkariroqda joylashgan shaharlarga uzatib bergan. Shunga qaramay, etrusklar shaharlari oʻz yoʻnalishi boʻyicha mustaqil rivojlangan. Shuning uchun bir shahardan boshqasiga oʻtganda sezilarli darajadagi farqni koʻrish mumkin.

Etrusk tamaddunidagi farovonlik unumdor yer va yerdan oqilona foydalanish maqsadida takomillashtirilgan qishloq xoʻjaligi vositalariga, katta miqdordagi mahalliy mineral resurslar, ayniqsa, temirdan foydalanishga asoslangan edi. Shuningdek, metall uskunalar, kulolchilik va oltin hamda kumush kabi qimmatbaho metallardan buyumlar ham faol ishlab chiqarilardi. Xususan, etrusk shaharlari Italiya shimolidagi hamda Alp togʻlari etaklari boʻylab makon topgan qabilalar, finikiyalik, yunon, karfagenliklar va umuman Yaqin Sharqdagi dengiz savdosi bilan shugʻullanuvchi boshqa davlat hamda elatlar bilan yoʻlga qoʻyilgan savdo-sotiq tarmogʻiga asoslangan edi. Shaharlarga qullar, xomashyo va sanoat mahsulotlari (ayniqsa, yunonlarning kulolchilik buyumlari) chetdan olib kelingan boʻlsa, etrusklar temir, mahalliy ravishda ishlab chiqariladigan qora sopol idish va oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, sharob, zaytun moyi, don va qaragʻay yongʻoqlarini eksport qilgan.

Tarixga nazar

Mil. av. VII asrdan boshlab savdo-sotiq aloqalarining gullab-yashnashi asnosida turli madaniyatlar oʻrtasidagi munosabatda madaniy taʼsirning oʻsishi ham kuzatildi. Yunoniston va Levant hunarmandlari Tirreniya (Oʻrta dengizning bir qismi) qirgʻogʻidagi eng mashhur Cherveteri portlaridan biri boʻlgan Pirgriga yetib kelib, shu yerda mavjud boʻlgan yarim mustaqil savdo portlari hisoblanmish emporiyalarga joylashdi. Yunonlar va Yaqin Sharq xalqlari “sharqlashtirish” deb ataydigan jarayonda taomlanish odatlari, kiyim-kechak, alifbo va din yoʻnalishlari boʻyicha Etrusk tamadduniga bevosita taʼsir koʻrsatdi va ushbu yoʻnalishlar ular madaniyatini oʻzgartirib yuborgan sohalarning bir qismiga aylandi.

Etrusk shaharlari mil. av. 540-yilda Alaliya yaqinidagi jangda (Sardiniya dengiz jangi deb ham ataladi) yunon harbiy dengiz flotiga qarshi oʻz savdo manfaatlarini himoya qilish uchun Karfagen bilan birlashdi. Italiya qirgʻoqlari boʻylab oʻrnatilgan etrusklarning dengizdagi hukmronligi va dengiz savdosi sohasidagi yetakchiligi shu darajaga yetgan ediki, yunonlar ularni “dengiz qaroqchilari”, deb atashdan charchamagan. Lekin mil. av. V asrga kelib Sirakuza (Italiyaning Sitsiliya mintaqasida joylashgan shahar) Oʻrta dengizning asosiy savdo hukmdoriga aylandi. Sitsiliya shahri Kuma (Italiya hududida joylashgan qadimgi yunon koloniyasi) bilan birlashib, mil.av. 474-yilda yuz bergan Kuma shahri yaqinidagi jangda etrusklarning dengizdagi yetakchiligiga barham bermoqchi boʻldi. Vaziyat mil. av. 384-yilda Sirakuzaning zolim podshohi Dionisiy I etrusklar qirgʻogʻiga hujum qilganidan va koʻplab etrusklar portlarini vayron qilib yuborganidan soʻng yanada yomonlashdi. Mana shunday omillar savdo-sotiqning toʻxtashiga va natijada mil. av. IV–III asrlarda kuzatilgan koʻplab etrusk shaharlarining yoʻqolib ketishiga sezilarli darajada hissa qoʻshgan edi.

Etrusk shaharlarining ichki qismida olib borilgan urushlarda dastlab yunonlarning harbiy tamoyillari, yaʼni goplitlardan — bronza koʻkrak qalqoni, korinf dubulgʻasi, oyoqlar uchun himoya qoplamasi va katta dumaloq qalqon bilan qurollangan jangchilardan foydalanishgan. Ular janglarda oʻzgarmas falanga shaklida joylashtirilgan. Ammo mil. av. VI asrdan boshlab kichikroq dumaloq bronza dubulgʻalardan tez-tez foydalanish yengilroq va chaqqonroq urush olib borishga imkon bergan. Etrusklarning qabrlaridan bir qancha aravalar topilgan boʻlsa-da, ular faqat turli marosimlar uchun qoʻllangan degan taxminlar bor. Mil. av. V asrda zarb etilgan tangalar, oʻsha davrning koʻplab zamonaviy madaniyatlarida boʻlgani kabi urushlarda yollanma askarlar ham ishtirok etganidan dalolat beradi. Ayni shu davrlarda etrusklarning koʻplab shaharlari minora va darvozalari boʻlgan keng mudofaa devorlari bilan oʻralgan. Yuz berayotgan ushbu voqealarning barchasi yaqinlashib kelayotgan yangi harbiy tahdidga ishora qiladi. Bu tahdid imperiya barpo etish maqsadida janubdan keladi va ishni etrusklarni zabt etishdan boshlaydi. Rim shu tariqa urush yoʻliga chiqqan edi.

Mil. av. VI asrda Rimning ilk qirollaridan baʼzilari afsonaviy Tarkviniyadan boʻlishiga qaramay, mil. av. IV asr oxiriga kelib u etrusklarning shunchaki oddiy qoʻshnisi boʻlmay qolgan va toʻqnashuv uchun tayyorgarlikni boshlab yuborgan edi. Bundan tashqari, mil. av. V–III asrlar davomida shimoldan Kelt qabilalarining bostirib kelishi etrusklarning qudratiga jiddiy zarar yetkazdi. Vaholanki, ular baʼzan etrusklar bilan Rimga qarshi ittifoqchi sifatida harakat qilgan. Shu tariqa taxminan 200 yil davom etgan urushlar davri boshlanadi. Tinchlik shartnomalari, ittifoq va vaqtinchalik sulhlar mil. av. 406-yildan boshlab Rimning Veyiga (qadimiy etrusklar shahri) uyushtirgan 10 yillik urushi va mil. av. 295-yilda Kyuzi qamali va Sentinum jangi kabi urushlar hamda qamallarning yuz berishi natijasida toʻxtab qoldi.

Oxir-oqibat Rimning professional armiyasi, uning yuqori darajada tashkil etilgan tartibi, qoʻshin qudratining kattaligi va resurslarning koʻpligi, shuningdek, etrusk shaharlari oʻrtasida siyosiy birlikning yoʻqligi toʻqnashuvlarda faqat gʻolib boʻlishi mumkinligini anglatardi. Mil. av. 280-yil muhim yil boʻldi. Shu yili etrusklarning Tarkviniya, Orviyeto va Vulchi kabi yirik shaharlari quladi. Qudrati va hududi shiddat bilan oʻsib borayotgan Rim imperiyasiga qarshi tinimsiz kurash olib borgan oxirgi shaharlardan biri Cherveteri esa mil. av. 273-yilga kelib yengildi.

Koʻpincha rimliklar magʻlub boʻlganlarni oʻrnatilgan tartibda oʻldirib yuborar yoki qullikka sotar va bosib olingan hududga faxriy jangchilarni koʻchirib kelib, koloniyalar tuzardi. Nihoyat etrusklarning Mariusni qoʻllab-quvvatlagan koʻplab shaharlari Sulla gʻalaba qozongan fuqarolar urushi oqibatida butkul tugatildi. Eramizdan avvalgi 83–82-yilarda Sulla ularni qayta-qayta magʻlubiyatga uchratgan edi. Etrusk xalqi va madaniyati rimlashdi, ularning madaniyati va tili ham oʻz oʻrnini lotin tili va madaniyatiga boʻshatib berdi, adabiyot yoʻq qilindi, tarix yer yuzidan butkul oʻchirib yuborildi. Dunyo hamjamiyati tarix zarvaraqlaridan nimalar oʻchirib tashlanganini anglab yetishi uchun taxminan 2 500 yil kerak boʻldi. Bu hodisaga nafis artefakt (inson taʼsiriga uchragan va qazish paytida topilgan buyum) bilan toʻldirilgan va jonli devoriy rasmlar bilan bezatilgan vayron etilmagan qabrlarning deyarli moʻjizaviy tarzda topilishi turtki boʻldi.

Jamiyat

Etrusklarda dastlabki davlat boshqaruvi monarxiyaga asoslangan edi, lekin keyinchalik boshqaruv tizimi barcha davlat lavozim va ular mavjud boʻlgan fuqarolar yigʻinlarini nazorat qiladigan va ular ustidan hukmronlik qiladigan oligarxiyaga oʻzgardi. Shaharlar oʻrtasidagi siyosiy munosabatlarning mavjudligi boʻyicha yagona dalil etrusklar ittifoqining yillik yigʻilishidir. Afsuski, bu ittifoq haqida batafsil maʼlumot yoʻq. Mavjud manbalar shundan iboratki, har yili 12–15 ta eng muhim shaharlar oʻz oqsoqolini asosan diniy maqsadlarda, joylashuvi nomaʼlum boʻlgan, ammo taxminga koʻra, Orviyeto shahri (Italiyaning Umbria mintaqasida joylashgan shahar) yaqinida joylashgan Fanum Voltumnae nomli maʼbadga yigʻilish uchun yuborgan. Shuningdek, etrusk shaharlari oʻrtasida vaqti-vaqti bilan toʻqnashuvlar boʻlib turgani va hatto kichikroq shaharlar aholisini oʻz joyidan koʻchirib yuborishgani haqida koʻplab dalillar mavjud. Bu, shubhasiz, aholi sonining ortishi va daromadli savdo yoʻllarini nazorat qilish istagi bilan bogʻliq boʻlgan resurslar uchun raqobatning natijasi edi.

Etrusklar jamiyati turli darajadagi ijtimoiy mavqega ega boʻlgan chet elliklar va qullardan tortib ayol va erkak fuqarolarga boʻlingan. Siyosat, din va sudlov sohalarida ayrim qabila guruhlarining erkak aʼzolari asosiy vazifalarni egallagan. Qaysidir qabilaga aʼzolik darajasi uning qaysi shahar fuqarosi boʻlishidan koʻra muhimroq hisoblangan. Etrusklar tamaddunida ayollar boshqa qadimgi madaniyatlarga qaraganda koʻproq erkinlikka ega boʻlgan. Masalan, ayollar erkaklar bilan teng huquqli boʻlmasa-da, shuningdek, faqatgina ijtimoiy va diniy maʼrosimlardan tashqari jamiyat hayotida ishtirok eta olmagan boʻlsa ham, oʻz huquqidan foydalanib, mulkini meros qilib olishi mumkin edi.

Etrusklarda diniy eʼtiqod

Etrusklarning diniy eʼtiqodi kundalik hayotga taʼsir oʻtkazadigan yoki uni nazorat qiladigan barcha muhim joy, buyum, gʻoya va hodisa uchun moʻljallangan maʼbudlardan iborat koʻpxudolikka asoslangan edi. Panteonning (asosiy ibodatxona) eng yuqorisida Tin (Tiniya — oliy iloh) turar edi, ammo u xuddi koʻpchilik maʼbudlar singari oddiy insonlar hayotida yuz beradigan voqealarga unchalik taʼsir oʻtkazmaydi, deb hisoblangan. Bunday hodisalar uchun alohida ilohlar bor edi. Etrusklar tugʻilish maʼbudasi — Tanur, yerosti dunyosining xudosi — Ayta va quyosh xudosi — Usilga sigʻingan. Taxminlarga koʻra, etrusklarning milliy xudosi Velta edi. U oʻsimliklar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Topilgan kichikroq jismlar orasida oʻlim xabarchisi hisoblangan Vant deb ataluvchi qanotli ayol haykallari va Gerakl kabi turli qahramonlarni uchratish mumkin. Etrusklar boshqa koʻplab yunon xudo va qahramonlarini oʻz ilohlari bilan bir qatorda turishi uchun qabul qilgan, nomini oʻzgartirgan va oʻzlashtirgan.

Ular eʼtiqod qilgan diniy qarashlarning ikkita asosiy xususiyati: fol ochish (qushlar harakati yoki chaqmoq chaqishi kabi ob-havo hodisalariga qarab) va garuspiya (qurbonlik qilingan hayvonlarning ichki aʼzolariga qarab, ayniqsa, jigariga qarab kelajakda yuz beradigan ilohiy hodisalarni bashorat qilish) dan iborat edi. Etrusklar diniy qarashlarga juda katta eʼtibor bergan, taqdir va qazoi-qadarga qanday qilib ijobiy taʼsir oʻtkazish bilan shugʻullanganini Livi kabi qadimgi tarixchi mualliflar taʼkidlab oʻtgan va ularni “oʻzini diniy maʼrosimga hammadan ham koʻra koʻproq bagʻishlagan xalq” deb taʼriflagan. Ruhoniylar marosimlar vaqtida “Etrusca diciplina” deb nomlangan (hozirga qadar topilmagan) diniy matnlar toʻplamidan foydalangan. Ushbu diniy matnlar toʻplami Etrusklarga ikki maʼbud tomonidan berilgan bilimlarga asoslangan edi. Ulardan biri Tinning nabirasi boʻlgan dono goʻdak qiyofasidagi Tages (yoki Tagey) va nimfa Vegoya (Vekui) edi. Afsonalarga koʻra, Tages Tarkviniyadagi dalaga ishlov berish paytida moʻjizaviy tarzda paydo boʻlgan. “Etrusca diciplina” (“Etrusklarning intizomi”) diniy matnlari maʼlum marosimlarni qachon oʻtkazish kerakligini belgilab, alomatlarning maʼnosini izohlab bergan.

Hayvonlarni qurbon qilish, yerga qon oqizish (qon chiqarish marosimi), musiqa va raqs kabi marosimlar odatda maʼlum xudolar sharafiga qurilgan ibodatxonalar tashqarisida boʻlib oʻtgan. Oddiy xalq vakillari ibodatxona maydoniga maʼbudlar koʻrsatgan marhamati uchun minnatdorchilik bildirish yoki yaqin kelajakda ularning rahmatiga erishish umidida qurbonlik qoldirgan. Nazrlar oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, yozuvli sopol idish, haykalcha yoki odam va hayvonlarning bronza haykalchalari koʻrinishida boʻlgan. Tumorlar asosan bolalarga barchaga maʼlum sabablarga koʻra yovuz ruhlar va omadsizlikdan saqlanish uchun taqib qoʻyilgan. Etrusk qabrlaridan ham qimmatbaho, ham kundalik buyumlarning topilgani ular ham xuddi qadimgi misrliklar kabi insonning oʻlimi bu dunyodan keyingi hayotining davomi ekaniga ishongani isbotidir. Agar koʻplab qabrlarga tushirilgan devoriy rasmlar davomiy hayotga ishora hisoblansa, unda qabrda yotganlar uchun oʻlimdan keyingi hayot oʻz oila aʼzolari bilan birlashish orqali boshlanadi va cheksiz davom etadigan yoqimli ziyofat, oʻyin, raqs va musiqalardan iborat bosqichga oʻtadi.

Etrusk arxitekturasi

Etrusklarning eng ulugʻvor meʼmoriy loyihalari muqaddas maydonlarda qurilgan ibodatxonalar boʻlib, bunday joylarda ular oʻz xudolariga qurbonliklar qilishi mumkin boʻlgan. Tomi yogʻoch ustun va somon bilan yopilgan, quritilgan gʻishtdan qurilgan binolardan boshlangan ibodatxonalar mil. av. 600-yilga kelib asta-sekin tosh va Toskana ustunlaridan (poydevorli, lekin oʻymalari boʻlmagan) foydalangan holda yanada mustahkam va hayratlanarli tuzilmaga aylangan. Etrusklar intizomida yozilishicha, har bir shaharda uchtadan asosiy ibodatxona bor boʻlgan. Etrusklar qurgan ibodatxonalar tuzilishiga koʻra yunon ibodatxonalariga oʻxshab ketardi. Ular oʻrtasidagi farq esa odatda faqat old ayvonda ustunlar boʻlgani va ustunlar yunon meʼmorlari tomonidan yaratilganidan koʻra tashqari tarafga koʻproq kengaytirilgani bilan izohlanardi. Yana boshqa farqlar sifatida ibodatxonalarning balandroq asos platformasiga ega ekani, ichkarida qurilgan uch qismli sella (markazdagi katta xona) xonasi, yon tomondan kirish eshiklari va katta terakota tom bezaklarini keltirish mumkin. Yuqoridagi farqlar birinchi marta Villanova madaniyati binolarida qayd etilgan. Ammo endilikda bu farqlar ancha jiddiylashgan. Mana shunday ibodatxonalardan biri mil. av. 510-yilga mansub Veyi shahridagi Portonachcho ibodatxonasi boʻlib, u oʻz ichiga haqiqiy oʻlchamdagi haykallarni, jumladan, yurib ketayotgan Apollon haykalini oladi.

Mil. av. VI asr boshlariga xos boʻlgan xususiy uylar bir qavatdan iborat boʻlgan, baʼzan ularda zal va hovliga tutash boʻlgan bir nechta oʻzaro ulangan xonalar ham joylashgan. Uylarning tomi har ikki tomondan yopilgan va ustunlar bilan mustahkamlangan. Uylarda atrium (usti yopiq zal), markazda tepasi ochiq zal va oʻrtada yomgʻir suvini yigʻish uchun sayoz hovuz joylashgan. Hovuzning qarshisida katta xona, oʻchoq va suv idishi, yon xonalar, shu jumladan, xizmatchilar uchun turarjoy jam bor edi.

Etrusk tamadduni miloddan avvalgi VIII–III asrlarda Italiyaning markazida gullab-yashnagan va Etrusklar Rim tomonidan zabt etilgach, ularning madaniyati ham Rim madaniyatiga singib ketgan.

“Civita di Bagnoregio” qadimgi etrusk devorli shahar, Italiya  / wikipedia.org

Etrusklarning dafn marosimlari vaqt oʻtishi bilan Etruriya boʻylab bir-biridan keskin farq qilgan. Avvallari oʻlikni yoqib yuborishni afzal koʻrishgan boʻlsa, keyinchalik mayitlarni yerga koʻmishga odatlanishdi. Keyinroq esa yunonlar davrida jasadlarni yoqib yuborish odatiga yana qaytishdi, ammo baʼzi joylarda bu kabi oʻzgarishlar sekin kechdi. Bir necha avlodlar davomida bir oila aʼzolarining tuproq bilan qoplangan katta qabr yoki yer ustidagi kichik toʻrtburchak binolarga dafn etilishi etrusklarning eng katta meʼmoriy merosi hisoblanadi. Baʼzi dumaloq qabrlarning diametri 40 metrgacha yetadi. Qabrlarga toʻsiqli yoki gumbazli shiftlar qurilgan va koʻpincha ularga tosh bilan qoplangan yoʻlak orqali kirish mumkin. Cherveteridagi (Italiyaning Lazio mintaqasida joylashgan shahar) Banditachchia nekropolida (qadimgi qabriston) koʻplab kub shaklidagi qabrlarni uchratish mumkin. Qabrlarning har birida kirish eshigi bitta boʻlib, ichkarida marhumlar koʻmilgan tekis tosh boʻlaklari, oʻyib yasalgan duo qilish joyi va baʼzan toshdan oʻrindiqlar joylashtirilgan. Oʻta tartibli tarzda oʻrnatilgan tosh boʻlaklari bilan qurilgan qabrlar oʻsha paytdagi shaharsozlik bilan bogʻliq katta bilimlardan dalolat beradi.

Etrusk sanʼati

Shubhasiz, etrusklarning eng katta badiiy meʼrosi ularning boy berilgan dunyosiga oʻziga xos va takrorlanmas koʻrinish beradigan ajoyib qabr devorlariga tushirilgan rasmlardir. Qabrlarning atigi 2 foiziga mana shunday rasmlar chizilgan. Bu koʻrsatkich faqatgina elita qatlamning (oliy ijtimoiy qatlam) mana shunday hashamatga egalik qila olganidan dalolat beradi. Rasmlar toʻgʻridan toʻgʻri tosh devorga chizilgan yoki rassomlar birinchi navbatda boʻr yoki koʻmir yordamida shakllarni chizib, gipsli yupqa qatlamga tasvirni tushirgan. Qora rangdan kamdan kam holda foydalanilgan. Juda koʻp ranglar qoʻllanganidan rasmlar juda ham jonli tarzda yaqqol koʻzga tashlanadi. Mana shunday rasmlarning eng qadimgilari mil. av. VI asr oʻrtalariga mansub. Ammo qabr devorlariga tushirilgan rasmlardagi mavzular asrlar davomida oʻzgarmagan. Ularda raqs, musiqa, ov, sport, harbiy yurish va ovqatlanish odatiga boʻlgan muhabbat keng maʼnoda tasvirlanadi.

Baʼzi qabrlarda, jumladan, Vulchidagi (Vulchi — markaziy Italiyaning Shimoliy Lazio hududida joylashgan) Fransisk maqbarasida janglardagi tarixiy sahna va voqealar ham mavjud. Qabr devoridagi tasvirlar bizga nafaqat etrusklarning kundalik hayoti, ovqatlanish odatlari va kiyim-kechaklari haqida tushuncha beradi, balki ijtimoiy aloqalarni, xususan, qullar, chet elliklar va ayollarga boʻlgan munosabatni ham ochib beradi. Misol uchun, suratlardagi ziyofatda va turli xil bazmlarda turmush qurgan ayollarning tasvirlanishi (qoʻshimcha yozuvlar bilan izohlangan) oʻsha davrning boshqa qadimiy madaniyatlarda uchramagan va takrorlanmaydigan odatlaridan, yaʼni ayollarning oʻz eri bilan teng ijtimoiy mavqega ega boʻlganligidan dalolat beradi.

Etrusk tamadduni miloddan avvalgi VIII–III asrlarda Italiyaning markazida gullab-yashnagan va Etrusklar Rim tomonidan zabt etilgach, ularning madaniyati ham Rim madaniyatiga singib ketgan.

Miloddan avvalgi 5-asr raqqosalar va musiqachilar freskasi, Tarkiniya (Tarquinia), Italiya / wikipedia.org

Etrusklar tamaddunida kulolchilik ham boshqa mutaxassisliklar kabi alohida ajralib turadigan soha edi. Bukkero Etruriyaga xos boʻlgan mahalliy kulolchilik sohasi hisoblanadi va u oʻziga xos, deyarli qora yaltiroq qoplamaga ega buyumlar toʻplamidir. Mil. av. VII asr boshlarida ishlab chiqarilgan ushbu uslub koʻpincha boʻrttirma bronza idishlarni tayyorlashga moʻljallangan. Xoʻjalikbop va aholi orasida mashhur boʻlgan hunarmandchilik namunalariga kosa, koʻza, piyola, idish-tovoqlar va odam tasviri tushirilgan idishlar kiradi. Bukkero buyumlari odatda qabrlarga qoʻyilgan va Yevropaning turli qismlariga hamda Oʻrta dengiz boʻylab keng ravishda eksport qilingan. Etrusklar madaniyatiga xos boʻlgan yana bir keng koʻlamli ixtisoslik terakota (loydan tayyorlanib, xumdonda qizdirilgan va sirlangan buyumlar) dafn qilish idishlarini ishlab chiqarish boʻlgan. Ushbu dafn qilish idishlarining dumaloq shaklda oʻyilgan qopqogʻiga marhum boʻyining yarmiga teng boʻlgan tana shakli oʻyib tushirilgan. Vafot etgan odamning tasviri boʻyalgan va baʼzida biroz ideallashtirilgan boʻlsa ham, shakllar haqiqiy portretni aks ettira olgan. Ushbu toʻrtburchak dafn idishlarining yon tomonlari koʻpincha afsonaviy sahnalarni aks ettiruvchi oʻyma haykallar bilan bezatilgan.

Bronzadan buyumlar yasash Villanova davriga oid etrusklarning yana bir ixtisosligi hisoblangan. Ushbu metall bilan kundalik buyumlarning barcha turlari yasalgan boʻlsa-da, ustalarning mohirligi asosan kichik haykalchalarda va xususan, oʻyilgan sahnalar bilan bezatilgan bronza oynalarda yaxshiroq aks etadi. Ushbu buyumlar har doimgidek afsonaviy sahnalar bilan bezatilgan. Bundan tashqari, katta hajmdagi metall haykaltaroshlik namunalari ham yuqori sifatda ishlab chiqarilgan. Bronzadan tayyorlangan katta oʻlchamli mahsulotlar bizning davrgacha juda kam saqlanib qolgan. Ammo saqlanib qolganlari, xususan, Aretso Ximerasi (Italiyaning Toskana mintaqasiga kiruvchi Aretso hududidan topilgan Etrusk bronza haykallari toʻplami) etrusk ustasining tasavvuri va mahoratidan dalolat beradi.

Etrusk merosi

Rimliklar nafaqat egallangan hududdagi yer va xazinalarni tortib oldi, balki etrusklardan juda koʻp gʻoyalarni ham oʻgʻirladi. Ular etrusklarning fol ochish amaliyotini (ushbu amaliyot oʻz oʻrnida yaqin Sharq odatlaridan oʻzlashtirilgan) va etrusk dinining boshqa xususiyatlari bilan bir qatorda yangi shaharlarni barpo etish va hududlarni boʻlish marosimlarini ham oʻzlashtirdi. Ushbu odatlar rimliklarga imperiyani kengaytirish uchun amaliy imkoniyatlar taqdim etgan. Shuningdek, etrusk bashoratchilari zodagonlar xonadoni hamda armiya boʻlinmalarining asosiy aʼzolariga aylandi. Ular bu borada Oʻrta dengiz mutaxassislari sifatida tan olingan.

Toskana ustunlari, peshtoqli darvozalar, atriumli xususiy villalar (shahar tashqarisidagi koʻshk, haykal, favvora va atrofini oʻrab turuvchi bogʻga ega hashamatli turarjoy), koʻpgina dafn qilish idishlari uchun boʻsh joylar qoldirilgan qabrlar va hayratlanarli darajada baland qurilgan keng ibodatxonalar kabi etrusk meʼmoriy merosining barchasini rimliklar qabul qilgan va oʻziga moslashtirgan. Rimliklar oʻzlashtirgan etrusklarning boshqa madaniy meroslari orasida keyinchalik Rim triumfiga (qadimgi Rimda gʻolib sarkardaning qoʻshin bilan poytaxtga tantanali kirib kelish marosimi) aylangan gʻalaba yurishi va Rim togasi (badavlat kishilarning rasmiy kiyimi boʻlib, ayni paytda Rim fuqarosining belgisi edi) sifatida xizmat qilgan oq, binafsha rangli yoki qizil hoshiyali etrusklar libosini ham sanab oʻtish mumkin. Shuningdek, etrusklar til borasida ham Italiyadagi vorislariga koʻp yozuv meros qoldirgan va yunon tilidan oʻzlashtirgan alifbosi orqali runik yozuvini yaratish bilan Shimoliy Yevropa tillari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.



Manba: worldhistory.org
Muqova surat: wikipedia.org