Orqaga

614 marta koʻrilgan

1799–1864-yillar

Emil Klapeyron

Benua Pol Emil Klapeyron farang muhandisi va fizik olimi. U temiryoʻl tarmoqlari, koʻprik qurilishi va yoʻlsozlik masalalari boʻyicha koʻplab ilmiy-amaliy ishlar muallifi. Ideal gaz holati tenglamasini keltirib chiqargan olim. Pol Klapeyron 1799-yilning 26-fevral sanasida Parijda (Fransiya) tugʻilgan. Avvaliga u 1816–1818-yillar davomida Parij politexnika maktabida tahsil olgan. 1820-yilda olim Sankt-Peterburgdagi Aloqa yoʻllari muhandisligi institutida professor boʻlib ishlayotgan doʻsti Gabriel Lamening oldiga joʻnadi va u yerda 10 yil davomida ishlab, yoʻlsozlik hamda koʻpriklar qurilishi boʻyicha loyihalarda muhandis sifatida ishtirok etdi.

Benua 1930-yilda Parijga qaytgach, Fransiya boʻylab qurilayotgan yangi temiryoʻl tarmoqlari, koʻprik va yoʻllar qurilishida muhandis, loyihachi, nazoratchi sifatida ishtirok etdi. Xususan, ilk fransuz temiryoʻl tarmogʻi boʻlmish Parij — Versal va Parij — Sen Jermen yoʻnalishlari aynan Klapeyron nazorati bilan qurilgan edi. Pol Klapeyronning fizik olim sifatidagi ishlari asosan issiqlik, plastiklik va qattiq jismlarning muvozanat holatlari masalalariga bagʻishlangan boʻlib, ayniqsa uning termodinamika borasidagi izlanishlari mashhur boʻlgan. Sadi Karnoning “Alanganing harakatlantiruvchi kuchi va bu kuchni rivojlantira oladigan mashinalar haqida mulohaza” siga birinchi boʻlib jiddiy ilmiy ahamiyat qaratgan va uning gʻoyalariga matematik asos bergan ilk olim aynan Pol Klapeyron boʻlgan. Ushbu gʻoyalardan kelib chiqib, u termodinamika uchun dastlabki grafik uslublarni indikator diagrammalarni, xususan, p-V koordinatalar sistemasini kiritgan edi.

1834-yilda Klapeyron Boyl-Mariott, Gey-Lyussak va Avogadro qonunlarining umumlashtirilishi natijasidan ideal gaz holati uchun tenglama keltirib chiqardi. (Ushbu tenglama D.I. Mendeleyev tomonidan 1874-yilda yanada umumlashtirilgan boʻlib, Mendeleyev-Klapeyron tenglamasi deb yuritiladi.) Shuningdek, u jismning erish va qaynash harorati va bosimi orasidagi bogʻliqlikni oʻrnatuvchi va 1851-yilda Klauzius tomonidan nazariy asoslab berilgan tenglamani (Klapeyron-Klauzius tenglamasi) keltirib chiqargan. Pol Klapeyron 1858-yilda Parij Fanlar akademiyasiga boshqa bir mashhur olim Koshining oʻrniga aʼzolikka saylandi.

Hozirda uning nomi Eyfel minorasining birinchi qavatiga joylashtirilgan “Fransiyaning buyuk olimlari” roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, shuningdek, olim Sankt-Peterburg fanlar akademiyasining ham aʼzoligiga ega boʻlgan. Klapeyronning termodinamikaga bagʻishlangan qator asarlari mavjud, xususan, “Qattiq zarrachalarning ichki muvozanati haqida” hamda “Issiqlikning mexanik nazariyasi haqida” asarlari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, Klapeyronning yoʻlsozlik, qurilish va jamoatchilik ishlari masalalariga bagʻishlangan asarlari oʻz davrida katta mashhurlikka ega boʻlgan. Benua Pol Emil Klapeyron 1864-yil 28-fevralda Parijda vafot etgan.



Muqova suratlar: new.ras.ru / wikipedia.org