15
Ulashish
824 marta koʻrilgan
1917-yil
Dronlarning qisqacha tarixi
Uchuvchisiz uchish apparatlari (UAV) — bortida ekipaj yoki yoʻlovchilari boʻlmagan havo transportlari hisoblanib, ular avtomatlashtirilgan dronlar yoki masofadan boshqariladigan transport vositalari (RPV) boʻlishi mumkin. Uchuvchisiz uchish apparatlari uzoq vaqt davomida tezlik va balandlikning boshqariladigan darajasida ucha oladi va aviatsiyaning koʻp jihatlarida muhim rol oʻynaydi.
Dastlabki uchuvchisiz mashinalar Birinchi jahon urushi davrida Buyuk Britaniya va AQSHda ishlab chiqarilgan. Britaniyaning Aerial Target — radiotoʻlqin bilan boshqariladigan kichik samolyoti birinchi marta 1917-yil mart oyida sinovdan oʻtkazildi. Kettering Bug deb nomlanuvchi Amerika havo torpedasi (oʻzi harakatlanadigan suvosti snaryadi) birinchi marta 1918-yil oktyabr oyida uchirildi. Garchi parvoz sinovi paytida vaʼda berilgan boʻlsa-da, urush davrida ikkalasi ham amaliyotda qoʻllanmadi.
Urush vaqtida uchuvchisiz samolyotlarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish davom etdi. Inglizlar 1935-yilda oʻquv maqsadida nishon sifatida foydalanish uchun bir qator radiotoʻlqin orqali boshqariladigan samolyotlarni ishlab chiqardi. “Dron” atamasi oʻsha paytda ishlab chiqarilgan modellardan biri boʻlmish DH.82B Queen Bee nomidan ilhomlangan holda qoʻllana boshlandi. Radiotoʻlqin orqali boshqariladigan dronlar AQSHda ham ishlab chiqarilgan va maqsadli amaliyot va mashgʻulotlar uchun ishlatilgan.
Razvedkachi UAVʻlardan birinchi marta Vyetnam urushida keng miqyosda samarali foydalanilgan. Dronlar jangda hiyla-nayrang bilan harakat qilish, belgilangan nishonga raketalarni uchirish, shuningdek, psixologik operatsiyalar uchun varaqalar tashlash kabi bir qator yangi rollarda qoʻllana boshlandi.
Vyetnam urushidan keyin Buyuk Britaniya va Qoʻshma Shtatlardan tashqari boshqa davlatlar ham uchuvchisiz havo texnologiyasini oʻrganishni boshladi. Yangi modellar yanada murakkablashdi, chidamlilik va kattaroq balandlikni taʼminlash qobiliyati yaxshilandi. Soʻnggi yillarda uzoqroq parvozni yonilgʻi bilan taʻminlash muammosini hal qilish uchun quyosh energiyasi kabi texnologiyalardan foydalanadigan modellar ishlab chiqildi.
Hozirda dronlar iqlim o‘zgarishini kuzatishdan tortib tabiiy ofatlardan keyingi qidiruv operatsiyalarini o‘tkazish, suratga olish, tasvirga olish va yuklarni yetkazib berishgacha bo‘lgan ko‘plab funksiyalarga ega. Ammo ular orasida eng mashhur va munozarali foydalanish turi bu harbiylar tomonidan razvedka, kuzatuv va maqsadli hujumlar uchun ishlatilishidir. AQSH, xususan, 11-sentabr teraktidan keyin uchuvchisiz samolyotlardan foydalanishni sezilarli darajada oshirdi. Ular asosan harbiylar borishi xavfli boʻlgan hududlarda kuzatuv uchun ishlatiladi. Biroq ular qurol sifatida ham qoʻllanadi va jangari deb gumon qilinganlarni oʻldirish xususiyati ham mavjud. Ularning hozirgi paytdagi mojarolar va baʻzi mamlakatlarda qoʻllanishi, ayniqsa, notoʻgʻri maʻlumotlar tufayli yoki ularning “nishonga” yaqinligi sababli tinch aholi oʻlimiga olib kelganda, bu turdagi qurollarning etikasi haqida koʻplab savollar tugʻiladi.
AERIAL TARGET
Aerial Target — Birinchi jahon urushi davridagi Britaniyaning radiotoʻlqin orqali boshqariladigan samolyoti. Uning doktor Archibald Lov tomonidan ishlab chiqilgan masofadan boshqarish pulti komponentlari IWM kolleksiyasining bir qismidir (qarang: AIR 567 dan AIR 571 gacha). U 1917-yilning mart oyida sinovdan o‘tkazilgandan keyin nazorat ostida uchadigan birinchi dron bo‘ldi. Bu safargi uchuvchi tezlik boʻyicha jahonning boʻlajak rekordchisi Genri Segrave edi.
The Queen Bee
Bosh vazir Uinston Cherchill va Urush bo‘yicha davlat kotibi kapitan Devid Margesson De Havilland Queen Bee L5984 gidrosamolyotini oʻzining trassasidan uchirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini kuzatmoqda. Queen Bee uchuvchisiz maqsadli droni Tiger Moth trenajyorining radiotoʻlqin orqali boshqariladigan versiyasi edi.
Dron prototipi
B-17 Flying Fortress samolyotiga asoslanib yasalgan masofadan boshqariladigan dron prototipi (eng birinchi yaratilgan nusxasi) 1946-yil 6-avgustda Gavayida joylashgan Hilo harbiy-dengiz havo stansiyasidan Amerika Qoʻshma Shtatlari Harbiy havo kuchlari (USAAF) xodimlari tomonidan yaqin atrofdagi masofadan boshqariladigan Murok armiyasi havo maydoniga (Kaliforniya) tomonga uchiriladi. Ushbu 2 600 milyalik masofani oʻz ichiga olgan sinov sayohatida shunday dronlardan ikkitasi qatnashgan edi, deyarli 15 soat davom etib, masofadan boshqariladigan samolyotlar uchun yangi chidamlilik rekordini oʻrnatdi.
Dron sinovi
Birinchi Kanberra U Mk 10 reaktiv samolyoti 1961-yilda Maltada joylashgan Qirollik dengiz flotining boshqariladigan qurol sinov kemasi — HMS Girdle Ness tomonidan Seaslug boshqariladigan raketa sinovlarida uchuvchisiz samolyot sifatida ishlatilishi kerak edi.
SDI — kuzatuv dron tizimi
Qirollik artilleriyasi tomonidan foydalaniladigan SDI kuzatuv dron tizimining uchuvchisiz samolyoti 1962-yilning may oyida Angliyaning Uilshir shahridagi Larkhillda ishga tushirishdan oldin tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu 1960-yillarda Qirollik artilleriyasi tomonidan jang maydonida kuzatishni kengaytirish va yangi uzoq masofali qurollarga nishonni topish uchun sotib olingan yangi dronlar oilasining birinchi avlodi edi.
RPV testi — masofadan boshqariladigan transport vositalari sinovi
Ikki britaniyalik askar Germaniyada mashq qilish uchun Bedford 3 tonnali yuk mashinasidan turib masofadan boshqariladigan transport vositasini (RPV) uchirishga tayyorlanmoqda, bu voqea, ehtimol, 1980-yillarning boshlarida sodir boʻlgan. Erkaklar avtomobildan bir necha metr narida tizzalab oʻtirgancha, masofaviy klaviatura va pult orqali dronni boshqarmoqda.
Midge dronlari
Qirollik artilleriya boʻlinmasining hududni aniqlovchi diviziyasida xizmat qiluvchi texnik Britaniya armiyasining Canadair RPV (Remotely Piloted Vehicle) Midge kuzatuv dronining ishga tushirish mexanizmini tekshirmoqda. Raketali Midge Drone oldindan dasturlashtirilgan parvozda aerofotorazvedka (aerofotografiya) qilish uchun moʻljallangan. U qora va oq fotografik film (kunduzgi missiyalar) yoki infraqizil (tungi missiyalar) oʻrnatilgan bitta kamera bilan jihozlangan.
Razvedka dronlari
Amerika va Britaniyaning Iroqqa qarshi 1991-yilda olib borgan urushida dronlarning ushbu turi Britaniya kuchlari tomonidan razvedka va artilleriyani aniqlash uchun qoʻllangan.
Watchkeeper dronlari
Dronlarning ushbu turi 2012-yil avgust oyida, Herrik XVI (H16) operatsiyasi paytida Afgʻonistonning Helmand viloyatidagi asosiy Britaniya bazasi boʻlgan Kamp Bastionda qoʻllangan. Ushbu UAV razvedka, kuzatuv va nishonga olish uchun qirollik artilleriyasining 32-polki tomonidan boshqarilgan.
Bugungi kun dronlari
Linkolnshirdagi RAF Waddingtonʼda MQ-9 Reaper uchuvchisiz samolyotlari boshqariladigan podlarning (uchuvchisiz samolyot ustidagi uzun konteyner) tashqi koʻrinishi.
MQ-9 reaper
Bu — uchuvchi (chapda) va sensor operatori (oʻngda) Shader operatsiyasining bir qismi doirasida uchuvchisiz MQ-9 Reaper samolyoti uchiriladigan RAF Waddington podning ichki qismi. (rasm izohi) Reaper kuzatuv va razvedka uchun ishlatiladi, ammo havo hujumlari uchun ham qurollangan holatda turadi. Pokistonda tugʻilgan, AQShda yashovchi rassom Mahwish Chishti Londondagi IWMʼda oʻzining birinchi Buyuk Britaniya koʻrgazmasini oʻtkazdi. Chishtining ishi harbiy dronlarning siluetlarini (shakllarini) Pokiston xalq sanʼatining dekorativ naqshlari bilan birlashtirib, Pokistonda xorijiy uchuvchisiz samolyotlarning mavjudligi mamlakatning jismoniy, psixologik va madaniy muhitining oʻziga xos xususiyatiga aylanganini taʻkidlaydi.
Manba: iwm.org.uk Muqova surat: unsplash.com