Orqaga

1252 marta koʻrilgan

1886-yil

Coca-Cola kompaniyasi

Coca-cola kompaniyasi (KO) dunyodagi eng yirik ichimliklar distribyutori boʻlib, Coke, Diet Coke, Fanta va Sprite kabi brendlar orqali isteʼmol qilinuvchi barcha ichimliklarning 3 foizdan ortigʻini dunyo boʻylab har kuni yetkazib beradi. Coca-Cola kompaniyasi 1886-yilda oʻz ishini faqatgina 1 ta mahsulot ishlab chiqarish bilan boshlagandi. Hozir esa butun dunyo boʻylab 3800 dan ortiq brendlarni qamrab olgan. Coca-Colaʼning barqarorlik tarixi, dunyodagi eng taniqli brendlardan biri sifatidagi mavqeyi va isteʼmolchilarning haddan tashqari sodiqligi (dividendlarning ketma-ket oʻsishi haqida gapirmasa ham boʻladi) kompaniyaga uzoq vaqt davomida investorlar orasida mashhur boʻlib qolishga yordam berdi. Lekin qanday qilib u bugungi kundagi kuchli brendga aylandi?

Coca-Cola 1886-yilda farmatsevt Jon Pembertonning karamel rangli suyuqlik yaratib, uni gazlangan suv bilan aralashtirishidan paydo boʻlgan. Oʻz formulasiga ega boʻlish huquqi 1888-yilda tadbirkor Asa Griggs Kandler tomonidan atigi 2300 dollarga sotib olingan va keyinchalik 1892-yilda Coca-Cola kompaniyasi (KO) tashkil etilgan. Coca-Cola birinchi marta favvoralar yonida 1 stakani 5 sentdan sotilgan. 1913-yilga kelib esa har 9 amerikalikdan bittasi uni tatib koʻrgan.

Jon Pemberton, Coca-Cola kashfiyotchisi / wikipedia.org

Bozorga raqobat kirib kela boshlagach, Kandler Coca-Colaʼni qadoqlash huquqini sotdi va Coca-Cola tizimi ishga tushdi. Bu esa kompaniya va butun dunyo boʻylab 250 dan ortiq shisha ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida mavjud boʻlgan franshiz hamkorlik edi. Haqiqiy ichimlikni soxtalari bilan chalkashtirib yuborishning oldini olish uchun 1916-yilda Coca-Colaʼning oʻzgacha shaklga ega boʻlgan shishasi ishlab chiqarildi. Oradan 100 yil oʻtgach bu shisha butun dunyo boʻylab darhol tanib olinadigan darajaga yetdi.

Kandler Coca-Cola kompaniyasini 1919-yilda Ernest Vudraff boshchiligidagi bir guruh tadbirkorlarga 25 000 000 dollarga sotdi. Oʻsha yilning oxirida Coca-Cola Nyu York fond birjasida (NYFB) bir aksiya uchun 40 dollar evaziga oʻzining dastlabki ommaviy taklifini (DOT) kiritdi. Coca-Cola aksiyalari 2016-yilgi yillik hisobotga koʻra koʻtarilib, kompaniyaning bozordagi aksiyalari qiymati taxminan 180 milliard dollarni tashkil etdi va dividendlar ketma-ket 53 marta oʻsdi. Birja almashinuvi orqali 1960-yilda sotib olingan Minute Maid korporatsiyasi Coca-Colaʼning alkogolsiz ichimliklardan tashqari birinchi korxonasi boʻldi. Ushbu muvaffaqiyatli xariddan soʻng Coca-Cola kompaniyasi 1961-yilda Spriteʼni taqdim etdi, uning qiymati hozirda taxminan 5 milliard dollarni tashkil etadi va dunyodagi eng mashhur alkogolsiz ichimliklar orasida uchinchi oʻrinda turadi.

Coca-Cola Canada Ltd kompaniyasining zavodi 1941-yil 8-yanvar Monreal, Kanada / wikipedia.org

Coca-Cola 1982-yil iyul oyida past kaloriyali ichimlik hisoblanuvchi Diet Cokeʼni taqdim etdi. Bu 1886-yildan beri Coca-Cola savdo belgisidan foydalangan birinchi yangi brend edi. Ishga tushganidan keyin bir yil ichida Diet Coke Amerikaning eng yaxshi shakarsiz ichimligiga aylandi va Coca-Cola chakana savdosini 7 foizga oshirdi. Diet Coke 185 dan ortiq bozorlarda mavjud boʻlib, dunyodagi eng muvaffaqiyatli brendlardan biri boʻlib qolmoqda.

Raqib kompaniya boʻlmish Pepsi-Cola 1980-yillarning boshida bozor ulushini olishni boshlaganida, Coca-Cola 99 yil mobaynida birinchi marta oʻz formulasini almashtirishni eʼlon qildi. Asl Coca-Cola ishlab chiqarish 1985-yil 23-aprel kuni toʻxtatildi va kompaniya aksiyalari tezda 3 foizga tushib ketdi. Yangi Cola sodiq isteʼmolchilarning gʻazabini keltirdi, ular norozilik guruhlarini yaratdi va hatto ichimlik kompaniyasini boykot qildi. Kompaniya dahshatli xatoga yoʻl qoʻyganini tan olishi va klassik formulaga qaytishi uchun atigi 77 kun kerak boʻldi.

Coca-Cola kompaniyasi yana raqobatchilarni ortda qoldirdi va 1987-yilda Dau Jonesga qaytdi va hamon oʻsha yerda. Reklama uyushmalari va sport tadbirlariga (masalan, FIFA Jahon kubogi va Olimpiya oʻyinlari) homiylik qilish orqali Coca-Cola oʻsha davrdagi isteʼmolchi tendensiyasidan qatʼi nazar, omma oldida obroʻsini saqlab qolishga ishonch hosil qildi. Forbes 2017-yilda Coca-Colaʼni dunyodagi eng qimmatli brendlar beshligidan biri sifatida eʼtirof etdi. Bu muvaffaqiyatning katta qismi uning dunyoning barcha burchaklarigacha yetib borgan marketing kampaniyalarining hissasiga toʻgʻri keladi. Har kuni 1,7 milliard porsiyadan ortiq Coca-Cola mahsulotlari taqdim etilib, u dunyodagi eng keng tarqalgan ichimliklardan biri boʻlib qolmoqda.



Muqova surat: wikipedia.org