Orqaga
Fransuz inqilobi haqida ma'lumot.

1220 marta koʻrilgan

1792-yil

Fransuz inqilobi

Fransuz inqilobi Fransiyadagi radikal siyosiy va ijtimoiy oʻzgarishlar davri hisoblanadi. Jarayon 1789-yil general shtatlar tuzilishi bilan boshlanib, 1799-yil noyabrda Fransiya konsulligining tashkil etilishi bilan yakunlangan. Uning aksariyat gʻoyalari liberal demokratiyaning asosiy tamoyillari hisoblangan. U yaratgan qadriyat va tashkilotlar fransuz siyosiy muhokamasida muhim oʻrin tutgan.

Odatda inqilobning sababi sifatida eski rejim hal qila olmaydigan ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy omillar birlashmasi koʻrsatiladi. 1789-yil may oyida ommaviy ijtimoiy gʻalayonlar General shtatlarning chaqirilishiga olib kelgan. U iyun oyida Milliy assambleyaga aylantirilgan. Davomiy tartibsizliklar 14-iyul kuni Bastiliya hujumi bilan yakunlangan. Natijada assambleya bir qator radikal choralar koʻrgan. Jumladan, feodalizm bekor qilingan, Fransiyadagi katolik cherkovi ustidan davlat nazorati oʻrnatilgan va ovoz berish huquqi kengaytirilgan.

Fransuz inqilobi haqida ma'lumot.

Bastiliyaga hujum / wikipedia.org

Keyingi uch yil davomida davlatda siyosiy nazorat uchun kurash hukmronlik qildi. Iqtisodiy tushkunlik va fuqarolik tartibsizliklari kuchaydi. Avstriya, Angliya, Prussiya va boshqa tashqi kuchlar eski rejimni kuch bilan tiklashga intilgan vaqtda koʻplab fransuz siyosatchilari urushning boshqa mamlakatlarga “eksport” qilinishini xalqni birlashtirish va inqilobni saqlab qolishning eng yaxshi usuli deb hisoblagan. Bu omillar juda koʻp voqealarga sabab boʻldi. Jumladan, 1792-yil aprelda Fransiya inqilobiy urushlarining boshlanishiga, 1792-yil sentabrda Fransiya monarxiyasining bekor qilinishi va Fransiya Birinchi Respublikasining eʼlon qilinishiga, soʻngra 1793-yil yanvarda Lyudovik XVI ning qatl etilishiga olib kelgan.

Fransuz inqilobi haqida ma'lumot.

1790-yil 14-iyulda konstitutsiyaviy monarxiyaning oʻrnatilishini nishonladi. / wikipedia.org

1793-yil 31-may–2-iyun kunlari Parijda boʻlib oʻtgan qoʻzgʻolondan soʻng konstitutsiya faoliyati toʻxtatilgan va siyosiy hokimiyat Milliy konvensiyadan koʻra radikalroq boʻlgan Jamoat xavfsizligi qoʻmitasiga oʻtkazilgan. 1794-yil iyul oyida “Termidor reaksiyasi” deb atalgan terrorchilik davrida 16 mingga yaqin aksilinqilobchilar qatl etilgan. Respublika tashqi tahdidlar bilan birga qirollik tarafdorlarining ichki qarshiliklari va xalq gʻalayonlariga duch kelgan. Bunga qarshi kurashish uchun 1795-yil noyabrda hokimiyatga kelgan besh kishilik direktoriya tomonidan yangi demokratik konstitutsiya qabul qilingan. Aksariyati Napoleon Bonapart tomonidan qoʻlga kiritilgan harbiy gʻalabalarga qaramay, siyosiy kelishmovchiliklar va iqtisodiy turgʻunlik natijasida 1799-yil noyabrda direktoriya konsullik bilan almashtirilgan. Bu voqeaga odatda inqilobiy davrning oxiri sifatida qaraladi.

Sabablar

Fransuz inqilobining asosiy sabablari odatda eski rejimning ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikni boshqara olmaganligi bilan bogʻliq. Aholining tez surʼatda oʻsishi va davlat qarzlarini yetarli darajada moliyalashning imkonsizligi iqtisodiy tushkunlik, ishsizlik va oziq-ovqat narxlarining koʻtarilishiga sabab boʻlgan. Regressiv soliq tizimi va hukmron elitaning islohotlarga qarshiligi Lyudovik XVI ni boshqara olmaydigan inqirozga olib kelgan.

1700–1789-yillar oraligʻida Fransiya aholisi 18 milliondan 26 milliongacha oʻsgan vaqtda birgina Parij aholisi 600 000 dan ortiq edi. Ularning taxminan uchdan bir qismi muntazam ishsiz boʻlgan. Dehqonchilikning eskirgan usullari va transport tarmoqlari bu raqamlarga mos kelmagan. Bu shuni anglatadiki, garchi 1770–1790-yillarda ish haqi 22 foizga oshgan boʻlsa-da, oziq-ovqat narxi 65 foizga koʻtarilgan va bunda koʻpchilik hukumatni foyda olishning oldini olmaslikda ayblagan. 1789-yilga kelib, kam olingan hosil va ogʻir ob-havo sharoiti sotadigan hech narsasi boʻlmagan qishloq dehqonlarini va sotib olish qobiliyatini yoʻqotgan shahar proletariati (ishchilar sinfi)ni vujudga keltirdi.

Iqtisodiyotdagi yana bir asosiy toʻsiq davlat qarzi edi. Fransuz inqilobi haqidagi anʼanaviy qarashlar moliyaviy inqirozni koʻpincha 1778–1783-yillardagi Angliya-Fransiya urushi xarajatlari bilan bogʻlaydi. Ammo zamonaviy iqtisodiy tadqiqotlar buni faqat qisman tushuntirish ekanligini koʻrsatadi. 1788-yilda Fransiyada qarzning yalpi milliy daromadga nisbati 55,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, Angliyada bu koʻrsatkich 181,8 foiz boʻlgan. Fransiyada qarz olish xarajatlari yuqoriroq boʻlsa-da, foiz toʻlovlariga ajratilgan daromadlar ulushi har ikki mamlakatda taxminan bir xil edi. Tarixchilardan biri: “1788-yildagi Fransiya davlat qarzining darajasi ham, uning oldingi tarixi ham 1789-yildagi inqilobning boshlanishiga izoh sifatida qaralishi mumkin emas”, — degan xulosaga kelgan.

Muammo davlat xarajatlarini moliyalashtirish uchun ishlatiladigan soliqlarni hisoblash va undirishda edi. Soliq taʼriflari bir mintaqadan boshqasiga farq qilgan. Soliq koʻpincha rasmiy qarorlarda koʻrsatilgan miqdorlarga bogʻliq boʻlmagan va nomuvofiq tarzda yigʻilgan. Aholining noroziligi ham murakkablik, ham moliyaviy yukni keltirib chiqargan. Kam maosh toʻlangani boshqa tabaqalarga qaraganda zodagonlarning shikoyatiga sabab boʻlmagan. Tizimni shaffofroq qilishga urinishlar moliyaviy siyosatni nazorat qiluvchi mintaqaviy parlamentlar tomonidan toʻsqinlikka uchragan. Keng tarqalgan iqtisodiy tanglik davlat moliyasini nazorat qilish uchun kurash natijasida radikallashgan general shtatlarni chaqirishga olib kelgan.

Lyudovik XVI islohotlarni koʻrib chiqishga tayyor boʻlsa-da, zodagonlar ichidagi konservatizm tarafdorlarining qarshiliklariga duch kelganida orqaga chekindi. Natijada dvoryanlar xalq gʻazabining nishoniga aylandi. Xususan, qirolicha Mariya Antuanettaga avstriyalik aygʻoqchi sifatida qaralgan va u Jak Nekker kabi “ilgʻor” vazirlarni ishdan boʻshatishda ayblangan. Ularning muxoliflari uchun tenglik va demokratiya haqidagi maʼrifatparvarlik gʻoyalari ushbu masalalarni hal qilish uchun intellektual asos boʻlib xizmat qildi. Amerika inqilobiga esa mazkur gʻoyalarning amaliy qoʻllanilish tasdigʻi sifatida qaraldi.

Fransuz inqilobi haqida ma'lumot.

Lyudovik XVI ning qatl etilishi / wikipedia.org

Bu ham qiziq → Buyuk Fransuz burjua inqilobi va monarxiyaning tugatilishi 



Manba: wikipedia.org
Muqova surat: wikipedia.org