3
Ulashish
788 marta koʻrilgan
864-yil
Bolgariyaning Boris I qoʻl ostida nasroniylashuvi
Bolgariya xoni Boris I, shuningdek, avliyo shoh Boris I yoki avliyo shoh Boris Mixail I nomlari bilan ham ataladi, choʻqintirilgandagi ismi esa Mixail yoki inglizcha Maykl (907-yil 2-mayda, yangi uslubdagi taqvimda esa 15-mayda) Bolgariyaning Preslav shahrida (hozirgi Veliki Preslav) 852–889-yillarda hukmronlik qilib o‘tgan. Uzoq muddatli hukmronlik davrida bolgarlarning nasroniylik diniga oʻtishiga, avtokefal bolgar cherkovining tashkil topishiga, slavyan adabiyotining paydo boʻlishi hamda ilk slavyan-bolgar stipendiya va taʼlim markazlarining asos solinishiga muvaffaq boʻladi. Borisning faol ichki va tashqi diplomatiyasi bolgarlarning birlashgan etnik jamiyati shakllanishida katta ahamiyatga ega boʻlib, davlatning keyingi rivojida sezilarli iz qoldirdi.
Otasi Borisga taxtni meros qilib qoldirgan vaqtda Bolgariyaning hududiy, harbiy va siyosiy salohiyati davlatni Yevropaning eng yirik mamlakatlaridan biriga aylantirgan edi. Bolgariyaning taxminiy chegaralari shimoli-sharqdan Dnepr daryosi, shimoldan Karpat togʻlari, shimoli-gʻarbdan Tisa daryosi, gʻarbdan Adriatika dengizi, janubdan esa Tomor, Belasitsa, Pirin, Rodop va Stranja togʻlarigacha choʻzilgan. VII asr oxiriga kelib, koʻplab slavyan qabilalari davlat chegaralari ichkarisida, Bolqon yarimorolida oʻrnashgan turkiy kelib chiqishga ega protobolgarlar bilan birgalikda istiqomat qilgan.
Boris hamda Konstantinopol patriarxi Fotiy oʻrtasida Bolgar yeparxiyasining maqomi toʻgʻrisida muzokaralar boʻlib oʻtadi, biroq natija bolgarlar kutganidek boʻlmaydi. Vizantiyaliklar bolgar cherkov tashkilotini butunlay Konstantinopolga bo‘ysundirilishini talab qiladi. Bunga rozi bo‘lmagan Boris G‘arb bilan diplomatik aloqalarini yaxshilaydi. 866-yilda Rim papasi Nikolay I (858–867-yillar) va Germaniya qiroli Lyudvig huzuriga o‘z elchilarini yuboradi. Papa zudlik bilan Bolgariyaga missiya yuborib, qirolning bu ishiga javob qaytaradi. Rim ruhoniylarining u yerda qolishi (866–870-yillar) tez orada Rim va Konstantinopol oʻrtasida keskin raqobatning boshlanishiga sabab bo‘ladi. Biroq Rim papasi Nikolay I va uning davomchisi Adrian II Bolgariyadagi cherkov tashkiloti masalasidagi ajralishni isbotlaganidan soʻng (ular mustaqil bolgar arxiyepiskopini yaratishda ikkilanayotgan edi), Boris Konstantinopol bilan yana muzokaralarni qayta boshlaydi. Axiyri 869–870-yillarda Konstantinopolda boʻlib oʻtgan 8-ekumenik kengashida bolgar cherkovi masalasi hal qilinadi. Bolgariya Konstantinopol patriarxining nominal cherkov yurisdiksiyasidan rasman oʻrin oldi, ammo mustaqil arxiyepiskoplikni ham qoʻlga kiritdi. Papalarning Bolgariya hukmdorini Rim cherkoviga iltijo va imtiyozli vaʼdalar orqali qaytarishga urinishlari 882-yilgacha davom etgan boʻlsa-da, hech qanday natijaga erishilmadi.
Boris xristian dinini bolgarlar oʻrtasida yoyishda, bolgar cherkovining mustaqil muassasa sifatida tashkil etishda hamda mamlakat boʻylab cherkovlar qurishda ancha faol edi. U 886-yilda Kiril va Mefodiyning Moraviyadan quvilgan izdoshlari, slavyanlar uchun yuborilgan missionerlar — Klement, Naum va Angelariyaga boshpana beradi. Borisning faol yordami hamda moddiy qoʻllovi bilan bu shogirdlar Pliska, Preslav va Ohrid shaharlarida slavyan taʼlim markazlariga asos soladi. Slavyan bilimdonlarining qizgʻin faoliyati natijasida slavyan tili cherkov xizmatlari va adabiy hayotda grek tilining oʻrnini egallaydi hamda davlatning rasmiy tiliga aylanadi.
889-yilda Boris I taxtdan voz kechib, rohib boʻladi, lekin u davlat boshqaruvida faol ishtirok etish huquqini saqlab qoladi. Borisning katta oʻgʻli va merosxoʻri Vladimir (889–893-yillar) otasining siyosatidan voz kechib, butparastlikka qaytishga hamda slavyan harflari va adabiyoti muxolifatlarining yetakchisiga aylanadi. Boris sadoqatli boyarlar va qoʻshinning yordami bilan oʻgʻlini taxtdan chetlashtiradi. Vladimirning koʻzi soʻqir qilinib, boshqaruv uchun yaroqsiz boʻlib qoladi va oʻrniga mamlakatni Buyuk Simeon sifatida boshqargan Borisning uchinchi oʻgʻli (893–927-yillar) keladi. Boris I keyinchalik monastiriga qaytadi, bolgar cherkoviga qimmatbaho tuhfalar taqdim etadi, slavyan taʼlimiga hamkorlik qiladi. U pravoslav cherkovi tomonidan avliyo deb eʼlon qilinadi.
Manba: britannica.com
Muqova surat: midjourney.com