Orqaga

834 marta koʻrilgan

1955-yil

Bill Geyts

Hozirgi kunda Windows-95 dasturi haqida eshitmagan odamni topish mushkul boʻlsa kerak. Uni 1995-yil 24-avgustda Microsoft kompaniyasi rahbari Bill Geyts ommaga taqdim etgan. Kompaniyaning oʻzi 20 yildan beri mavjud boʻlib, dunyoda ishlab chiqarilayotgan shaxiy kompyuterlarning 80 foizini dasturiy taʼminot bilan taʼminlaydi.

Haqiqiy ismi – Uilyam Genri Geyts. Bill Geyts oddiy bola boʻlib voyaga yetayotgan edi, lekin u 13 yoshga toʻlganida hayotida bir noodatiy voqea yuz beradi. U oʻqiyotgan maktab kompyuter bilan taʼminlanadi. U paytda kompyuterlar gʻaroyib yangilik boʻlib, hatto ularning ekrani ham yoʻq edi. Kompyuter bilan muloqotning yagona vositasi printer boʻlib, u qogʻozga raqamlarni chop qilib berardi. “Iks va nollar” oʻyinini oʻynash uchun ham yarim kunni sarflash mumkin edi. Shunga qaramay, Geyts va boshqa bolalar bu texnikani oʻrganib oladi va “Iks va nollar” oʻyini uchun dastur ham yaratadi.

Kattalar bolalarni nafaqat qiziq mashgʻulot bilan band qildi, balki ularga yangi kasb egallashga ham yordam berdi. Kompyuterlarda oddiy bolalar oʻyinini oʻynashni oʻrgangan xususiy maktab oʻquvchilari yangi avlod mashinalarini yaratishga qodir bo‘ldi.

Boshida Geyts atrofdagi tengdoshlari kabi shunchaki oʻziga bo‘lgan ishonchini quvvatlamoqchi edi. Kollejdayoq oʻzining maktabdagi doʻsti, Pol Allen bilan birgalikda Microsoft korporatsiyasi bilan hamkorlik qila boshladi. Ular BASIC tilida ilk shaxsiy kompyuter uchun dasturiy taʼminot yarata boshladi.

Yangi faoliyatiga kirishib ketgan Geyts hatto AQShning 5 ta eng oliy universiteti qatoriga kiruvchi Garvarddagi oʻqishini tashlab ketishga qaror qiladi. Oʻzini butunlay kompyuterlarga bagʻishlaydi. U oʻsha davr uchun juda gʻaroyib istiqbolni — har bir oʻquvchi va talabani kompyuter bilan ishlashga oʻrgatish, kompyuterlarni har bir xonadonga olib kirishni taklif qiladi.

Geyts bu maqsadga barcha kompyuter ishlab chiqaruvchilari bitta dasturiy taʼminotdan foydalangan taqdirdagina erishish mumkinligini anglaydi. Microsoft kompaniyasida ishlay turib, shunday tizimning ilk versiyasini yaratadi va u 1981-yildan sotuvga chiqadi.

Koʻplab ishlab chiqaruvchilar bu yangilikning qulayligini tez anglaydi va Geyts yaratgan dasturlarni sotib oladi. Geyts kompyuterlarning quvvati oshishiga qarab, dasturini muntazam ravishda yangilab boradi. Oʻsha davrlarda yosh boʻlishiga qaramay, Geyts kompyuter dasturlari sohasining mashhur mutaxassisiga aylangan va “hammasi hali oldinda va dunyo bizniki boʻladi” deya ishonch bilan gapira olar edi.

Vaqt oʻtishi bilan Geyts umuman tajribasiz foydalanuvchi uchun moʻljallangan kompyuterni boshqarish dasturi kerakligini tushunadi. Bu dastur Windows (oynalar) nomini oladi, chunki uning faoliyati kompyuter bilan turli oynalardagi dialog tarzida olib borilardi. Katta elektronika olamiga boʻlgan yoʻlda Geyts yoshligidagi shiori — hammasi oldinda bilan kitob yozadi. Haqiqatan ham uni oldinda biznes va ilmiy faoliyatdagi yangi muvaffaqiyatlar kutib turgandi. AQShning yirik kompyuter markazlarini yagona tarmoqqa birlashtirish gʻoyasi ham aynan Geytsga tegishli edi. Tez orada u jahon miqyosida yoyiladi va “Internet” nomini oladi.

1995-yil 26-mayda Geyts oʻzining barcha xodimlariga “Internetning toʻqqizinchi toʻlqini” nomi ostida “Hozirdan boshlab internetni eng muhim loyiha deb eʼlon qilaman” deya yozilgan xizmat xatini yuboradi. Geytsning ikkinchi rejasi oʻziga xos edi. U insoniyat madaniyatining eng asosiy yodgorliklari elektron tasvirlari omborini yaratishga qaror qiladi. Bu ularning asrlar davomida sifatini yoʻqotmasdan saqlanishiga imkon berardi.

Qoʻshimcha manba: Билл Гейтс 



Muqova surat: wikipedia.org