4
Ulashish
901 marta koʻrilgan
1902–1992
Barbara Mak Klintok
Barbara Mak Klintok 1902-yil 16-mart kuni AQShning Konnektikut shtati, Xartford shahrida tavallud topgan. Keyinchalik ularning oilasi Nyu Yorkka koʻchib oʻtdi va Barbara Bruklindagi oʻrta maktabda oʻqiy boshladi. Uning onasi Barbaradagi tabiiy fanlarga boʻlgan qiziqishni maʼqullamas edi. Lekin ona Barbaraning 1919-yilda Nyu York shtatidagi Itaka shahri, Kornell universitetiga oʻqishga kirishiga toʻsqinlik qilmadi. U mazkur universitetda botanikadan chuqur taʼlim oldi. 1923-yili bakalavr diplomini qoʻlga kiritdi. U bir yil avval genetika bilan jiddiy qiziqib qolgan edi.
1927-yilga kelib, Barbara Mak Klintok fan doktori ilmiy unvoniga sazovor boʻldi. Lekin oʻsha vaqtda Kornell universitetida ayollarning genetika bilan shugʻullanishi qatʼiy taqiq ostida boʻlgani sababli Barbara Mak Klintokning ilmiy unvoni rasman botanika yoʻnalishida qayd etilgan edi. Shu yildan eʼtiboran, olima ayol oʻzi taʼlim olgan universitetda botanika fanidan oʻqituvchi boʻlib ishlay boshladi. Olimaning mazkur oʻquv yurtidagi oʻqituvchilik faoliyati 1931-yilgacha davom etdi. Universitetda Barbara Mak Klintok oʻz talaba va hamkasblari bilan maxsus genetik tadqiqot guruhini tashkil qildi. Oʻzi esa makkajoʻxori xromosomalarini ilmiy tekshirish bilan jiddiy shugʻullandi. Barbara Mak Klintok makkajoʻxori hujayralarining boʻlinish jarayonida xromosomalar bir guruh fragmentlarining oʻzaro almashinuvi yuz berishini payqab qoladi va ular yangi avlodda gen oʻzgarishlarini keltirib chiqaruvchi asosiy omil ekanini aniqladi.
1920-yillarga kelib, olimlar rentgen nurlanishlari makkajoʻxorining urugʻlik donlarida bir qancha kutilmagan mutatsiyalarni keltirib chiqarishini aniqladi. Barbara Mak Klintokga bir nechta nurlantirilgan makkajoʻxori donlarini tadqiq qilish vazifasi topshirildi. Ularda olima halqa xromosomalar oʻz strukturasi va shaklini oʻzgartirib, halqaga birlashib olgan xromosomalar turini aniqladi. Barbara Mak Klintok bunday halqalarning uchida alohida turdagi, ularni rentgen nurlanishlaridan himoya qiluvchi maxsus strukturalar – telomerlar joylashgan boʻlishi mumkin degan taxminni ilgari surdi. Lekin hujayraning navbatdagi boʻlinishi yuz berganida, telomerning bir qismi yoʻqolib qolar edi va xromosomaning himoya qobiliyati yoʻqqa chiqar edi. Oxir oqibatda hujayra nobud boʻlar edi. Aytgancha, oʻsha telomerlarni hozirgi vaqtda ham olimlar faol tadqiq qilmoqda. Sababi, ular saraton kasalliklarida qayd etiladigan jarayon – hujayraning tartibsiz boʻlinib koʻpayishi mohiyatini anglashga kalit boʻlishi mumkin ekan.
1931–1936-yillarda genetika bilimdoniga aylangan olima Kaliforniya universitetida faoliyat olib bordi. Unga 1931933-yillar davomida AQSh Milliy ilmiy-tadqiqot kengashining maxsus stipendiyasi tayinlandi. U 1933–1394-yillarda Gogengeym fondining stipendiyasiga tavsiya etildi. Olimaning ilmiy yutuqlari borgan sayin yaqqol koʻzga tashlana boshladi. 1936-yilga kelib, Barbara Mak Klintok Missuri universitetiga ishga oʻtkazildi. U yerda olimaning ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanishi uchun sharoit yanada yaxshi va vaqti ham yetarli boʻlib, 1941-yilgacha gen sohasi tadqiqotlari yetakchisining asosiy tajriba oʻchogʻi boʻlib qoldi. 1941-yilda Barbara Mak Klintokni Nyu Yorkdagi Klod Spring Xarbor genetika laboratoriyasining kafedra mudirasi lavozimiga tayinlandi. Bu laboratoriyada Barbara Mak Klintok makkajoʻxorining bir necha avlod chatishtiruvlarida, donning tashqi xususiyatlari qanday oʻzgarayotganini chuqur tadqiq qildi. 1944-yilga kelib, Barbara Mak Klintok AQSh Milliy fanlar akademiyasiga aʼzolikka qabul qilindi.
Chex olimi Gregor Mendelning 1860-yillarda ilmiy jamoatchilikka taqdim etgan dominant va retsessiv genlar haqidagi taʼlimoti, gen oʻzgarishlari sohasini chuqurroq tadqiq etish uchun yetarli emasligini birinchi boʻlib Barbara Mak Klintok tushunib yetdi. U yana shunday xulosaga keldiki, gen oʻzgarishlarini faqat baʼzi genlar xromosomasi oʻz joylashuvini oʻzgartirib boʻlganidan keyingina va boshqa genlarni “oʻchirish” yoki “yoqish” (faollashtirish) uchun taʼsir koʻrsata boshlagan jarayondagina tushuntirish mumkin ekan. Olima bunday genlarni “Nazoratchi birliklar” deb atadi. Shuningdek, ular “sakrovchi genlar” deb ham ataladi. Genetika sohasidagi AQShning eng yetakchi olimiga aylangan Barbara Mak Klintok 1945-yilda Milliy genetika jamiyatining prezidenti boʻlib saylandi. 1951-yilga kelib, olima oʻzining “Nazoratchi birliklar” taʼlimotini hamkasblari muhokamasiga havola qildi. Bu paytda koʻplab olimlar gen oʻzgarishlarining qaysi yoʻsinda borishi va qanday natijaga olib kelishini oldindan bilish mumkin emas degan yanglish tushunchada turib oldi. Baʼzi ilmiy arboblar esa Barbara Mak Klintokning olamshumul gʻoyalarini butunlay inkor qildi.
Shunga qaramay, Barbara Mak Klintok makkajoʻxori ustidagi genetik tekshirishlarni toʻxtatib qoʻymadi. U har yili Markaziy va Janubiy Amerika davlatlariga ekspeditsiyalar uyushtirib, qadimgi hindu qabilalarining makkajoʻxorini qanday qilib madaniylashtirishgani borasida jiddiy izlanishlar olib bordi. 1960-yilga kelib DNK kashf etilgach, biologlar sakrovchi genlarning tabiatda mavjudligini rasman tasdiqladi. Ularni hozirda “transpozonlar” deb ataladi. Transpozonlar barcha tirik organizmlarda mavjud boʻlib, genetik oʻzgarishlarda oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Endilikda olimlar Barbara Mak Klintokning makkajoʻxori bilan olib borgan ilmiy ishlarining ilmiy-amaliy ahamiyatini tan ola boshladi.
1965-yilga kelib, olima Kornell universitetining professori ilmiy unvoniga sazovor boʻldi. Olimaga berilgan yuksak eʼtiroflar orasida 1970-yildagi “Milliy ilmiy” medal hamda Kolumbiya universitetining Luiza Gross-Xorvits mukofoti (1982) buni tasdiqlab turibdi. 1981-yilga kelib, olima fiziologiya va tibbiyot yoʻnalishlarida Nobel mukofotiga loyiq topildi. Bu vaqtda u 81 yoshda boʻlib, oʻzining eng muhim ilmiy kashfiyoti uchun ancha kech taqdirlangan edi (30 yildan soʻng). Barbara Mak Klintok 1992-yil Xantingtonda vafot etdi.
Muqova suratlar: cellbiol.ru / orenlib.ru