Orqaga
1899-yil Aspirin ixtirosi va tarixi haqida ma'lumot.

117 marta koʻrilgan

1899-yil

Aspirin ixtirosi

Agar siz aspirin qabul qilgan boʻlsangiz, siz bir vaqtning oʻzida bitta tabletkada ham ogʻriq qoldiruvchi, ham yurak xuruji va saraton kasalligining oldini oluvchi dori ichibsiz. Aspirinni kim ixtiro qilgan boʻlsa ham, u daho ekan, deb oʻylashingiz mumkin, lekin haqiqat shundaki, odamlar ming yillar davomida uning tabiiy ekvivalentlaridan foydalanib kelgan.

“Aspirin” soʻzining tanlanishi tasodifan boʻlmagan. Bu spiraea (oʻzbekchada “tobulgʻi” — raʼnoguldoshlar oilasiga mansub butalar turkumi) nomli butalarning biologik navi boʻlib, aspirin preparatining asosiy tarkibiy qismi: salitsil kislotasining tabiiy manbalarini oʻz ichiga oladi. Hozirgi kundagi aspirin tarkibiga oʻxshash bu kislotani yasemin, loviya, noʻxat, beda va maʼlum bir oʻtlar hamda daraxtlardan topish mumkin.

“Qadimgi misrliklar majnuntol poʻstlogʻini ogʻriqlarga davo sifatida ishlatgan”, — deydi “Aspirin: moʻjizaviy dorining ajoyib hikoyasi” kitobi muallifi Diarmuid Jeffreys. Ular tana harorati va yalligʻlanishni pasaytiradigan narsa salitsil kislotasi ekanligini bilmagan. Miloddan avvalgi 460–377-yillarda yashagan yunon shifokori Gippokrat majnuntol barglari va poʻstlogʻi ogʻriq va isitmani yengillashtirishi haqida yozib qoldirgan.

Oradan ming yillar oʻtgachgina odamlar aspirinning tarkibiy qismlarini ajratib ola boshladi. “XVIII asrda yashagan ruhoniy Edvard Stoun tolning kukunga aylantirilgan poʻstlogʻidan tayyorlagan dorisi bilan 50 nafar bemorga ogʻriq va boshqa kasalliklarni yengishda yordam bergani haqida hisobot yozib, aspirinni qayta kashf qildi”, — deb yozadi amerikalik tibbiyot yozuvchisi Berton Rueche. “Yevropa boʻylab tadqiqotchilar salitsil kislotasini 1800-yillarda oʻrgandi. Fransuz farmatsevti Genri Leroux uni 1829-yilda ajratib olgan”, — deya qoʻshimcha qiladi u. Herman Kolbe 1874-yilda sunʼiy salitsil kislotasini kashf etdi, lekin koʻpincha katta dozalarda qoʻllanganda, bemorlar koʻngil aynishi va qayt qilishni boshdan kechirdi, hattoki ayrim bemorlar komaga ham tushib qoldi. Ushbu kislotaning oshqozonga nisbatan taʼsirini yengillashtirish uchun bufer kerak edi.

“Biz bilgan aspirin 1890-yillarning oxirida Germaniyaning Bayer shahridagi kimyogar Feliks Xoffman uni otasining revmatizm kasalligini yengillashtirish uchun ishlatganida, asetilsalitsil kislotasi shaklida paydo boʻlgan”, — deyiladi Bayer xronologiyalaridan birida. Bayer 1899-yildan boshlab bemorlarga berish uchun shifokorlarga ushbu tarkibiy qismga ega boʻlgan kukundan tarqatadi. Shu bilan dori mashhurlashib ketdi va 1915-yilda retseptsiz beriladigan tabletkalar sifatida sotildi. Aspirinning yurak kasalliklari uchun ishlatilishi 1948-yilda kaliforniyalik shifokor Laurens Kreyven bemorlarda kuzatgan holatlarga asoslanib, yurak xuruji xavfini kamaytirish uchun kuniga bitta aspirin ichishni tavsiya qilganidan maʼlum boʻlgan. Nobel mukofoti bilan 1982-yilda meditsina sohasida, aspirin nima uchun organizmga prostoglandinlar deb nomlanuvchi gormonlarni ishlab chiqarishiga qarshilik qilishini sababini koʻrsatib bergan tadqiqotchilar taqdirlandi. Prostoglandinlar yurak xuruji va insultga olib keladigan qon ivishiga javobgar hisoblanadi va aspirin ana shu qon ivishi jarayoniga toʻsqinlik qiladi.

1923-yil reklamasi “Bayer” toʻgʻridan-toʻgʻri amerikalik isteʼmolchilarga aspirin patentining amal qilish muddati tugashidan oldin reklama qilishni boshladi. “The New York Times” gazetasining 1917-yil 19-fevraldagi ushbu eʼlonida Amerika bozorida qonuniy raqobatni kutish uchun “Bayer” “Yagona haqiqiy aspirin” sifatida taʼkidlangan / wikipedia.org

Bugungi kunda aspirin ilgari yurak xurujini boshdan kechirgan erkaklarda xuruj takrorlanishining oldini olishda, ayollarda esa insultga qarshi foydali dori vositasi ekanligi tan olingan. Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining 2006-yilda taqdim etgan maʼlumotlariga koʻra, barcha katta yoshdagi insonlarning uchdan bir qismidan koʻprogʻi va yurak xastaligiga chalingan har besh kishidan toʻrttasi aspirinni muntazam ravishda qabul qiladi. Aspirinni muntazam qabul qiluvchilar soni 1999-yildan 2003-yilgacha 20 foizga oshdi.

Aspirinni quvontiradigan taraflari koʻp, ammo uning salbiy taraflarini koʻrib chiqish muhimdir. Devis shahridagi Kaliforniya universitetining ogʻriqni davolash boʻlimi boshligʻi doktor Skott Fishmanning taʼkidlashicha, aspirinning ogʻriq qoldiruvchi vosita sifatida taʼsiri kuchli, ammo qisqa muddatli. Aspirinning oshqozon fermentlariga qarshilik qilish usuli oshqozon yarasi paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin, bu ayniqsa, qon ivishining pasayishi bilan birga kechsa, zararli boʻladi.

“Bu preparat ogʻriq qoldiruvchi vosita sifatida ishlaydi, chunki u yalligʻlanish reaksiyasi uchun zarur boʻlgan fermentni bloklaydi. Bemorlar bu preparatni shifokorlari bilan maslahatlashmasdan qabul qilmasligi kerak”, — deydi doktor Skott Fishman. “Qon aylanishining buzilishi kabi baʼzi holatlar aspirin qabul qilish xavfini oshiradi. Baliq yogʻi va sarimsoqpiyoz kabi baʼzi qoʻshimchalar ham aspirin bilan birgalikda qon aylanishi muammolariga olib kelishi mumkin”, — deydi u. Aspirin qabul qilish 2 yoshdan kichik boʻlgan bolalarga mumkin emas va Reye sindromi (jigar va miyada shish paydo boʻlishiga olib keladigan kamdan kam uchraydigan ammo jiddiy holat) bilan bogʻliqligi bor boʻlganligi uchun juda yosh bemorlarda ehtiyotkorlik bilan qoʻllanishi kerak. Shunga qaramay, aspirinning koʻp foydalari hali kashf etilmagan.



Manba: cnn.com
Muqova suratlar: freepik.com / pixabay.com