Orqaga

560 marta koʻrilgan

1859–1930

Artur Konan Doyl

Koʻplab kitobxonlar avlodi detektiv adabiyot Artur Konan Doyl asarlaridan boshlangan deb hisoblaydi. Aslida u oʻzidan avvalgi Edgar Po, Uilki Kollinz, Ejen Gaborio kabi adiblar bilan qiyoslaganda, bu janrga deyarli yangi narsa qoʻshmagan deyish mumkin. Shunga qaramay, u yaratgan buyuk izquvar Sherlok Xolms jahon madaniyatining klassik-havaskor obraz namunasi sifatida iz qoldirdi.

Konan Doyl Edinburgda, rassom oilasida tugʻilgan. «U mahalliy universitetning tibbiyot fakultetini tamomlab, xususiy tibbiy amaliyot bilan shugʻullana boshlaydi. 1879-yilda bosib chiqarilgan birinchi hikoyasi – “Sesassa vodiysining siri” unga shuhrat keltirmaydi.

U 1887-yili kitobxonlarni Sherlok Xolms bilan tanishtirgandan soʻng muvaffaqiyatga erishadi. Bir kun kelib, Doylning bu qahramoni hayotiga umrbod kirib, hatto oʻz nomidan ham mashhurroq boʻlib ketishi mumkinligini oʻylab ham koʻrmagandi. Aslida yozuvchi oʻz biografiyasidagi baʼzi xususiyatlarni Sherlok Xolms hamrohi – doktor Vatsonga koʻchirib, uni nafaqat shifokor qiyofasida gavdalantiradi, balki oʻz xususiy amaliyotini ham biriktirib qoʻyadi.

Ilk romani hisoblangan “Skarletdagi tadqiqot” va bir qancha hikoyalar nashr qilingandan soʻng Konan Doyl shifokorlikni tashlab, oʻzini butunlay adabiyotga bagʻishlaydi. 1891-yilda u “Strend Megezin” nashriyoti bilan Xolms haqidagi barcha asarlarni chop etish uchun shartnoma imzolaydi. Bu qahramon yozuvchiga olamshumul mashhurlik keltirgan boʻlsa-da, uni qoniqtirmagan. Shu sabab, 1901-yilda yozuvchi “Sherlok Xolms haqida hikoyalar” turkum hikoyalarini qahramonning oʻlimi bilan tugallaydi.

Shundan soʻng Konan Doyl bir necha oyga Angliyadan Afrikaga ketadi hamda shifokor sifatida Angliya-Bur jangida qatnashadi. Yozuvchi oʻz ocherklarini “Urush” kitobiga jamlaydi. Shu kitobi uchun dvoryan unvoniga erishadi va “ser” deb atala boshlaydi.

Londonga qaytgach, yozuvchi butun dunyodan kelgan xatlar oqimini xabar topadi. Amerika nashriyotlaridan biri Sherlok Xolmsni “hayotga qaytarishi” uchun yozuvchiga har bir sahifasiga 5 000 dollar taklif qilgan edi. Lekin Konan Doyl qahramoniga darhol qaytmaydi.

Faqatgina 1905-yilga kelib, “Sherlok Xolmsning qaytishi” yangi seriya hikoyalari chiqa boshlaydi. Yozuvchi bir vaqtning oʻzida boshqa asarlar, asosan, professor Chellenjer sarguzashtlari haqidagi ilmiy-fantastik qissalar turkumi ustida ham ishlaydi. Lekin Sherlok Xolmsning mashhurligi Konan Doyl oʻylab topgan barcha obrazlardan ustunroq boʻlib qolaverdi. Qizigʻi, bu davrda yozuvchining oʻzi ham kriminalistika bilan shugʻullanardi.

Doyl begunoh ayblangan kishi oqlangan tergovda ishtirok etgan ikki holat mavjud. Qahramonining mashhurligi shu darajada yuqori ediki, kriminalistika boʻyicha ilk darslik muallifi, nemis professori Gross tergov usullariga bagʻishlangan ishida Xolms qoʻllagan usullarga murojaat qiladi.

Konan Doyl asarlarining syujeti oddiy va joʻn edi. Sherlok qoʻllaydigan deduktiv metod ilk sahifalardanoq, kitobxonni voqealar ishtirokchisiga aylanishini taʼminlaydi. Shunday boʻlsa ham, asar qahramoni har doim bir qadam oldinda yurib, yechimni izlashga berilgan kitobxon oʻtkazib yuboradigan kichik detallarni ham ilgʻaydi. Qoʻshimchasiga, u jinoyatchi kim ekanini aniqlasa ham, bu unga unchalik ahamiyat kasb etmaydi. Chunki Konan Doylni jinoyatning tabiati, nega sodir etilgani va jinoyatchi nimalarni his qilishi koʻproq qiziqtiradi.

Yozuvchi oʻz qahramoni bilan deyarli oʻlimiga qadar ham ajralmagan boʻlsa-da, Birinchi jahon urushidan keyin uning qiziqishlar doirasi keskin oʻzgarib ketadi. U adabiyotdan tarixga oʻtadi, Britaniya armiyasi harbiy harakatlarining olti jildli tarixi, shuningdek, “Spiritizm tarixi” nomli ikki jildli tadqiqot ishini ham yozadi. Lekin Xolmsning muxlislari yozuvchiga tinchlik bermaydi va u hali hayotligidayoq Londonda Sherlok Xolmsning memorial uy-muzeyi ochiladi.

Yozuvchi qahramonining ikkinchi hayoti, ilk ovozsiz filmlarda davom eta boshlaydi. Doyl roman va hikoyalarining koʻplab ekranlashtirilgan variantlari orasida, hatto inglizlarning oʻzi ham Vasiliy Livanov ijro etgan rus versiyasini yaxshiroq deb hisoblaydi. Sherlok Xolms obrazidan boshqa mualliflar ham oʻz asarlarida foydalangan.