5
Ulashish
1097 marta koʻrilgan
1678–1741
Antonio Vivaldi
XVII asr oxiri XVIII asr boshidagi yirik musiqachining nomi ikki yuz davomida unutilganiga ishonish qiyin. XX asrning 20-yillariga kelibgina italiyalik musiqachi tasodifan Vivaldining qoʻlyozmalarini topishga muvaffaq boʻldi. Unda 19 ta opera va 300 dan ortiq cholgʻu kompozitsiyasi, bundan tashqari koʻplab vokal va diniy mazmundagi qoʻshiqlar mavjud edi. Shu paytdan bir zamonlar mashhur boʻlgan bastakorning nomini tiklash ishlari boshlandi.
Vivaldining hayoti haqida unchalik ham koʻp maʼlumot yoʻq. U otasi katolik cherkovida skripkachi boʻlib xizmat qilgan yerda — Venetsiyada tugʻilgan. Aynan otasi boʻlajak bastakorga skripkadagi ilk saboqlarni bergan. Oilaning moddiy sharoiti uning taʼlimiga yetmagani bois, Vivaldi rohib boʻlishga majbur edi. Shu shart bilangina u musiqachilarni tayyorlaydigan maktablardan biriga oʻqishga kira oladi.
Maktabni 1703-yilda bitirgan Vivaldi Venetsiya yetimlar va voyaga yetmagan qizlar uchun mehribonlik uyida skripka oʻqituvchisi boʻlib ishlay boshlaydi. U shu davrda asta-sekinlik bilan musiqa bastalay boshlaydi, chunki oʻquvchilarga oʻrgatish uchun turli murakkablik darajasidagi qoʻshiqlar kerak boʻlardi. Vivaldi oʻquv yurtida uning ijodiy ishlarini ham kuylagan xor va orkestr tuzadi. Oʻquv yurtida faqat qizlar taʼlim olgani tufayli Vivaldi ularga kichik musiqiy asboblar – skripka, goboyda chalishni oʻrgatadi. Oʻquv yurti bosqichma-bosqich ayollar konservatoriyasiga aylantiriladi.
Vivaldining hayotga muhabbati va musiqasidagi dunyoviy ohangi cherkovga yoqmaydi. Dushmanlari Vivaldiga “malla pop” degan laqab ham qoʻygandi. Lekin yosh bastakorning mashhurligi va kamtarinligi, shuningdek, venetsiya hukumatining unga nisbatan munosabati uni uzoq vaqt davomida himoya qilib keldi. Shunga qaramay, 1720-yilda Vivaldi venetsiyalik zodagon nasliga mansub bir oʻquvchini sevib qolgani uchun oʻquv yurtini tark etishga majbur boʻladi. Uning ketishiga rasmiy sabab boʻlib, ibodat vaqtida cherkov altarini tark etgani xizmat qiladi. Chunki bu oʻsha davrdagi axloqiy qoidalarga nisbatan itoatsizlik deb baholanadi. Ilohiy xizmatchi maqomidan ayrilgan Vivaldi Venetsiyadan ketib, gastrolda yuradigan musiqachi boʻlib yashay boshlaydi.
U musiqa tarixiga cholgʻu konserti janrining asoschisi sifatida kirgan. Aynan Vivaldi unga anʼanaviy uch qismli shaklni bergan. Uch konsertdan u hozirgi zamonaviy simfoniyani eslatadigan, ancha yirik shaklni yaratishga muvaffaq boʻlgan. Shu turdagi ilk ishlaridan biri taxminan 1725-yil yozilgan “Yil fasllari” boʻlgan. Bu ish rus bastakori va dirijyori P.Chaykovskiyning mashhur syuitasi uchun boshlangʻich nuqta boʻlib xizmat qilgan. 1730-yilga kelib, Vivaldi Venetsiyaga qaytadi va Venetsiya konservatoriyasi xor va orkestri jamoasiga qoʻshiladi. Vivaldi skripkada chalish usullarini kengaytirgan yirik virtuoz skripkachi sifatida taniladi. Uning yakkaxon skripka asarlarini ijro qilishning dramatik usuli keyinchalik mashhur skripkachi Nikollo Paganini tomonidan rivojlantirilgan. Vivaldi ijodining muhim asosi opera musiqasini yaratish boʻlgan. Qiziq jihati shundaki, u oʻzining barcha operalarini dramaturg K.Goldoni syujetlariga asoslanib yaratgan.
Muqova suratlar: wikipedia.org