Orqaga

809 marta koʻrilgan

1632–1723

Antoni van Levenguk

Antoni van Levenguk 1623-yilning 24-oktyabrida Gollandiyaning Delft shahrida, Antonizon van Levenguk hamda Margaret Bel van den Berch oilasida tugʻilgan. Uning bolalik yillari qiyinchilikda kechgan. U 6 yoshidayoq otasidan ayrilgan. Shu sababli ishlab, oilasiga moddiy yordam berish uchun bolalik paytidanoq mahalliy hunarmandlarga xizmat qila boshlagan. Koʻp oʻtmay, uni movut toʻquvchi ustaga shogirdlikka berishgan. O‘smir yoshiga yetgan Levenguk, allaqachon oʻzi movut va kigiz tayyorlash qo‘lidan keladigan va o‘z mahsulotlari bilan o‘zi savdo qiladigan ustaga aylangan edi. Avvaliga u oʻzi kigiz tayyorlab sotib, keyin esa savdo va hisob-kitob (buxgalteriya) ishlariga uquvi borligini namoyish qildi.

Antoni mustaqil oʻzlashtirgan matematik bilimlari bilan maxsus maktabda oʻqiganlardan qolishmas edi. Uning savdo va hisobchilik qoidalarini puxta bilishi tufayli Amsterdamlik (Gollandiya) bir puldor savdogar oʻziga qarashli savdo markazida moliyaviy ishlarni yuritishni unga ishonib topshirdi. U boshida shunchaki g‘aznachi, keyinroq esa hisobchi boʻlib ham ishlagan. Amsterdamda bir muddat ishlagach, Levenguk yana Delftga qaytadi va shahar sudiga qo‘riqchi bo‘lib ishga kiradi. Uning vazifasi sud bo‘layotgan paytda tinchlikni ta’minlash, boshqa payt esa sud binosi va mulkini qo‘riqlashdan iborat bo‘lgan.

Uni mashhur qilgan narsa qo‘riqchilik yoki aqlan ziyraklik bilan hisobchilik qila olish emas, balki bolaligida hunarmandlar orasida ularning xizmatini qilib, arzimas choychaqa to‘plab yurgan paytda bir hunarmanddan o‘rgangan ishi shisha linza tayyorlash san’ati edi. Ha, biz aynan san’at deb gapirsak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Levenguk avvalo bu hunarni ataylab shogird tushib o‘rganmagan, qolaversa, u tayyorlagan linzalar Delftdagi eng mohir shishasoz ustalarning ishidan ham sifatliroq chiqqani bilan xaridorgir bo‘lgan. Qizigʻi shundaki, Levenguk shishaga ishlov berish bilan faqat bo‘sh vaqtida, shunchaki qiziqish yuzasidan shug‘ullangan. Shunda ham uning ishlari san’at darajasiga yetgani odamni lol qoldiradi.

Umuman Antonini yaxshi tanigan odamlar uni har sohada qobiliyatli shaxs bo‘lgan deb eslagan. U nimagaki qo‘l urmasin, ishiga vijdonan yondashgani hamda ishni har doim puxta bajarishga intilgani bilan hammaning hurmatini qozongan. Uning uchun “arzimas” narsaning o‘zi bo‘lmagan. Qandaydir ishga qoʻl urdimi, o‘sha narsani mukammal, puxta qilib oxiriga yetkazadigan mehnatkash fe’l egasi boʻlgan. Shisha linzalarga ishlov berish va sayqallash jarayonida esa linzaning obyektlarini kattalashtirib ko‘rsatish xossasini yanada oshirish ustida ham bosh qotirib, turli tajriba, sinovlar o‘tkazib ko‘rgan.

O‘sha paytda ustalar tayyorlagan eng kuchli linzalar ham obyektlarni faqat 20 marta kattalashtirib ko‘rsatib bera olardi xolos. Shunday bir paytda yosh Levenguk avvaliga juda mayda obyektlarni ham ko‘rish imkonini beruvchi, 250–300 martagacha kattalashtirib ko‘rsata oladigan linzani sayqallab hammani hayratda qoldirdi. Bu mohiyatan tarixdagi ilk mikroskop edi. Eng qiziq jihati shundaki, Levengukning 300 martagacha kattalashtira oladigan ushbu linzasi o‘lchami juda kichik bo‘lib, u yirik no‘xat donasichalik kelardi.

Bunday linza qanchalik ajoyib bo‘lmasin, undan foydalanish biroz noqulay edi. Albatta, sezganingizdek bu noqulaylik uning kichik o‘lchami bilan bog‘liqdir. Uni qo‘lda ushlab turib foydalanish deyarli imkonsiz bo‘lgan. Olim shuning uchun bu no‘xatdek linzaga uzun simdan tutqich ham tayyorlagan. Oddiy aytganda, bu uzun sopli, lekin kichik shishali lupa bo‘lgan. Undan foydalanish uchun uni ko‘zga imkon qadar yaqin tutish kerak edi. Bu kamchilik va noqulayliklarning barchasi esa Levengukning ushbu 300 karra kattalashtiradigan linzasi orqali mayda obyektlarga qaraganda namoyon boʻlgan butunlay yangi olam — mikrodunyo manzarasi oldida 2-darajali bo‘lib qoldi. Aytish mumkinki, Levengukning bu linzasi insoniyat uchun butunlay “yangi olam eshigi” ni ochib berdi.

Muvaffaqiyatdan ruhlangan naturalist o‘z ixtirosini yanada takomillashtirish ustida ish boshlab yubordi. Bu faoliyat esa butun umri davomida uning asosiy mashg‘ulotiga aylandi. Levenguk mazkur linzadan foydalanishni qulaylashtiradigan qo‘shimcha uskunalar ham o‘ylab topa boshladi. U minglab sinov va tajribalar oʻtkazib koʻrdi. Levenguk vafot etgan paytda, uning linza va mikroskop tayyorlash ustaxonasidagi buyumlar ko‘zdan kechirilganida, u yerdan 273 xil turli mikroskop modeli, 172 dona har xil linza, 160 ta sotuvga tayyorlab qo‘yilgan mikroskop, 3 ta asosi oltindan boʻlgan va maxsus buyurtma asosida yasalgan tilla mikroskop xatlovdan o‘tkazilgan.  Bu raqamlarning o‘ziyoq, Levengukning qanchalik mehnatkash va o‘z ishiga mukkasidan ketgan usta bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.

Biroq adolat yuzasidan tan olish kerakki, qanchalik mohir va mehnatkash usta bo‘lmasin, boshqa bir hurmatga loyiq inson, doktor Graaf bo‘lmaganida Levenguk nomi dunyoga tanilmasligi ham mumkin edi (balki tarix uni shunchaki mohir shishasoz usta sifatida eslab qolgan bo‘lardi). Gap shundaki, Levengukning mayda narsalarni ham 300 martagacha kattalashtirib ko‘rsata oladigan linza tayyorlagani haqidagi shov-shuv butun Gollandiyada tarqalgach, doktor Graaf ataylab kelib, o‘sha linzalarni ko‘zdan kechirdi va bu ajoyib ixtirodan bemorlarni tekshirishda, ayniqsa, teri kasalliklariga tashxis qo‘yishda foydalanish mumkinligini mulohaza qildi. Bu haqida u zudlik bilan London qirollik jamiyatiga xat yozib, “Delft shahrida qandaydir Antoni van Levenguk ismli ixtirochi yasayotgan mikroskoplar” haqida axborot berdi. U Antoni va uning ixtirosi haqida xabar topgach, ishni paysalga solib o‘tirmay, borib ko‘rgani va bu haqida qirollik jamiyatiga ma’lumot bergani uchun ham ilm-fan doktor Graafdan minnatdor bo‘lishi kerak. Taqdirni qarangki, bu xatni yozganidan bir necha hafta o‘tib, doktor Graaf vafot etdi. Agar u Levenguk haqida Londonga yozmaganida, ilm-fanning ushbu ajoyib ilmiy uskunaga ega bo‘lishi bir necha o‘n yillarga kechikishi ham mumkin edi.

Qirollik jamiyatidagi olimlar xatni olishi bilan darhol Levengukni topib, u bilan bog‘langan. Shu tariqa, qirollik jamiyati orqali Antoni van Levenguk va dunyoning kuchli olimlari bilan yozishmalar yo‘lga qo‘yilgan. Garchi o‘zi biror oliygohda o‘qimagan bo‘lsa-da, Levenguk o‘z mikroskopi orqali oddiy jism va biologik materiallarni tekshirish borasida faqat intuitiv ravishda asoslangan, mustaqil ilmiy tadqiqotlarni ham boshlab yubordi. U o‘zi ko‘rgan va tekshirgan ishlarini hisobot va xulosalari bilan Londonga, qirollik jamiyatidagi olimlarga jo‘natib turgan. Bu maktublarda esa tom ma’noda, hali ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan favqulodda hayratlanarli narsalar bayon qilinar hamda jamiyatdagi parik taqqan, asli tepakal daho olimlarni ham lol qolganidan faqat bosh chayqab qolishga majbur qiladigan tafsilotlar namoyon bo‘lar edi. Levenguk shaxsi yana shunisi bilan alohida ajralib turadiki, u erinmasdan, o‘z tajribasida ko‘rgan har bir narsani ikir-chikirigacha batafsil, qadamma-qadam yozib borgan. Uning Londonga jo‘natgan xatlari uzundan uzoq, lekin hayratlanarli darajada mufassal ekani bilan e’tiborga loyiq.

Antoni deyarli 50 yil mobaynida Londonga yuborgan maktublari orqali ilm-fan, avvalo, linza va mikroskopning tayyorlanish usullari haqida bilib olgan bo‘lsa, qolaversa, mikrobiologiya hali fan sifatida mavjud bo‘lmagan bu zamonda olimlar Levenguk kashf qilgan 200 dan ortiq mikroorganizmlar haqida ma’lumotga ega bo‘lib bordi. Levenguk o‘z linza va mikroskopi yordamida shunchalik ko‘p kashfiyotlar qildiki, ularning atigi bittasi ham olim nomini tarixga muhrlashga kifoya qilgan bo‘lar edi. Xususan, Levenguk birinchi bo‘lib mikroskop orqali qon tahlilini amalga oshirgan ilk odamdir. Odam tanasidagi kapillyar qon tomirlarini kashf etgan inson ham — Levenguk. U mikroskop ostida qonni sinchiklab kuzatib, qon aslida uning zamondoshlari xayol qilganidek, shunchaki bir jinsli qizil suyuqlik bo‘lmay, balki tarkibida juda ko‘plab tanachalar harakatlanadigan tirik oqim ekanini ko‘rsatib berdi. Ya’ni biologlar tomonidan eritrotsitlar deb nomlanadigan qon tanachalarini ham birinchi bo‘lib Antoni van Levenguk ko‘rgan. 1 mm 3 qon tomchisi tarkibida taxminan 4–5 mln dona eritrositlar mavjud bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu qon tanachalari hozirda “qizil qon tanachalari” ham deyiladi. Chunki qonning qizil rangini belgilaydigan asosiy modda — gemoglobin ham aynan eritrotsitlar tarkibida bo‘ladi. Eritrotsitlar organizmda bag‘oyat muhim ahamiyatga ega qon tanachalari bo‘lib, to‘qima va organlarga kislorodni yetkazib, tashib borish vazifasini ham aynan ular bajaradi. Levenguk go‘sht bo‘lagiga ham mikroskop ostida nazar tashladi va mushaklar juda ko‘p sonli mikroskopik tolalardan iborat ekanini aniqladi. Shuningdek, erkaklik urug‘i — spermatozoidlarni ham Levenguk kashf etgan. Lekin uning eng muhim kashfiyoti bular emas.

Uning eng asosiy xizmati — insoniyat qarshisida hali ko‘z ko‘rmagan tamomila o‘zga olam — mikroorganizmlar dunyosini ochib bergani bo‘ldi. Biz bugun mikroorganizmlarning inson hayoti va umuman tabiatda qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi bilamiz. Biroq Levenguk o‘z mikroskopi bilan ularni kashf qilmagunicha, odamlar hatto o‘z tanasini egallab, birga yashab kelayotgan bu mitti, tirik organizmlar haqida hech narsani bilmasdi.

Levenguk qaydlariga koʻra, u mikroblarni 1-marta 1673-yilda ko‘rgan. Demak, odamzod ham mikroorganizmlarni aynan shu payt tanigan. U bungacha ham o‘z qo‘l ostida mavjud bo‘lgan hamma narsani yuzlab marta mikroskop orqali kuzatgan edi. Xususan, u go‘sht bo‘lagi, yomg‘ir tomchisi, somon cho‘pi, pashsha ko‘zi va qanoti, tishdagi dog‘ kabilarni tekshirib chiqqan. Har safar shu kabi narsalarga qaraganda, ular ichida harakatlanayotgan millionlab miqdordagi tirik mavjudotlarni ko‘rib hayratga tushavergan. Bu tirik “maxluqchalar” turli shakl — tayoqcha, spiralsimon yoki yumaloq ko‘rinishda bo‘lib, ba’zilarida g‘alati shoxcha va qo‘rqinchli tuklari mavjud bo‘lgan. Boz ustiga, bu mikroorganizmlarning aksariyati juda tez harakatlanadigan, o‘ta faol organizmlar edi.

Levengukning London qirollik jamiyatiga yozgan maktublaridan birida, jumladan, shunday deyiladi: “Yerqalampir ildizini tilga tekkizganda achchiq ta’m beradigan kuchlar nimadan iborat ekanini bilishga bo‘lgan urinishlarim shuni ko‘rsatdiki, yarim unsiya (oʻlchov birligi) ildizni suvga solib qo‘ydim. Ildiz suvda 3 hafta turdi. Men 1673-yilning 24-aprelida bu suvni mikroskop orqali tekshirdim va unda juda ko‘p sonli tirik mavjudotlarni ko‘rdim. Ulardan ba’zilarining uzunligi enidan 3–4 marotaba katta edi. Lekin ularning birortasi ham burganing tukichalik yo‘g‘onlikka ega emas. Yana ayrim bir turdagi shunday mayda mavjudotlar to‘g‘ri oval shakliga ega ekan.

Shuningdek, bu suvda eng ko‘p bo‘lgan 3-turdagi mikroorganizmlar hammasidan ham kichik o‘lchamli bo‘lib, ularning qandaydir dumi bor”. Shu tariqa, Levenguk ilm-fanda mutlaqo yangi bir yo‘nalish — mikroorganizmlar haqidagi fan — mikrobiologiyaga asos solib bergandi. Xususan, olim o‘z tanasida tajribalar o‘tkazib ko‘rishga moyil bo‘lgan ilk odamlardan biri bo‘lgan, desak ham yanglishmaymiz. Barcha biologik materiallarni u faqat o‘z tanasidan olar edi. O‘z barmog‘ini o‘zi teshib qon olgan bo‘lsa, o‘z terisidan o‘zi kesib mikroskop ostiga qo‘ygan ham uning o‘zi edi. Shu jumladan, u yoqimsiz hasharotlar bo‘lmish bit va burgalarning tana tuzilishi va ko‘payish jarayonlarini ham mikroskopda kuzatish uchun ularga o‘z tanasidan joy bergan. Bundan tashqari, yegan ovqati tarkibiga qarab, qon, peshob va axlat tarkibining o‘zgarishlarini ham u o‘z misolida tekshirib ko‘rgan.

Yuqorida aytganimizdek, Levenguk o‘zining aniqlagan va kuzatganlarini bayon qilishda hech ham erinmasdan, batafsil yozib boradigan shaxs bo‘lgan. U qandaydir kasallikka chalinsa, tanasida ushbu kasallik qanday kechayotgani, nima belgi va asoratlar berayotganini toʻliq yozib chiqqan. Sinab ko‘rgan dorilari va ushbu dorini qabul qilganidan keyin qon tarkibi va peshobda nima o‘zgarishlar ro‘y berganini qayd qilib borgan. Tabiiyki, mikroskop hunarining “otasi” o‘zi bo‘lgani sababli barcha kuzatuvlar aniq mikroskopik tekshirish va tahlillar bilan dalillab borilgan. Unga London qirollik jamiyati barcha yangi chiqqan ilmiy kitoblardan jo‘natib turgan, ayniqsa, Antoni biologiya va tibbiyotga oid kitoblarni katta qiziqish bilan o‘qib, undan paydo bo‘lgan savollar yuzasidan yana mikroskopik tekshirishlar qilib ko‘rishdan charchamagan.

U umrining so‘nggi yillarida biroz ezma bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, lekin o‘zining jismonan sog‘lomligi va tiniq aqlini yo‘qotmagan edi. U qarigan chog‘ida hayotida ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirishga kirishdi. U asosan kashfiyotlari qanday amalga oshgani tarixini eslab, xotirlashga urg‘u berdi. Bu haqida u shunday degan edi: “Men aslida sizlar o‘ylagandan ham ko‘proq vaqtimni ishga sarflaganman. Juda ko‘p vaqtimni kuzatishlar bilan o‘tkazganman. Lekin men ishga butun borlig‘im bilan sho‘ng‘ib, qilayotgan ishimdan rohatlanib ishladim. Odamlarning men haqimda va qilayotgan ishimdan nima naf chiqishi haqidagi qilgan g‘iybatlariga zig‘ircha ham e’tibor qilgan emasman. Men faqat foyda chiqadigan ishlarga qo‘l urganimda, Amsterdamda savdo qilib qolavergan boʻlar edim. Vaholanki, men ilmga bo‘lgan muhabbatim tufayli shu ishlarni qildim va bundan o‘zim cheksiz rohatlanib ishladim”.

Shuningdek, u o‘zining ilmiy faoliyatidan maqsadi haqida ham quyidagicha yozgan edi: “Mening arzimas iste’dodimga qo‘shib bajargan qattiq mehnatimdan ko‘zlangan eng oliy maqsadim shuki, odamlarga olam haqiqatlari imkon qadar ochiq namoyon bo‘lsin, kishilar eskicha irim-sirimlardan voz kechib, haqiqiy ilm bergan xulosalarga tayana boshlasin”. 1680-yilga kelib, Antoni van Levengukning ilm-fandagi natijalarini ilmiy jamoatchilik rasman tan ola boshladi. Xususan, aynan shu yili u London qirollik jamiyatiga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilindi. Bu juda katta sharaf bo‘lish bilan birga, tarixda misli ko‘rilmagan holat edi. Chunki ushbu nufuzli ilmiy jamiyat o‘z tarkibiga faqat yirik akademik olimlarni qabul qilar va oliy ilmiy ma’lumoti yo‘q odamlarga bu jamiyatda mutlaqo joy yo‘q edi. Qolaversa, jamiyat a’zosi, albatta, lotin tilini bilishi shart edi.

Antoni van Levenguk nomzodi hech qachon bu shartlarning birortasiga javob bermagan. Shunga qaramay, uning ilm-fan oldidagi xizmatlari ko‘lami bu kabi rasmiyatchilikni bir safarga istisno qilib, shunday ulug‘ shishasoz usta va o‘zi yetishgan mikrobiolog olimni mazkur jamiyatga a’zolikka qabul qilishga asos bo‘ldi. Keyinchalik Levenguk Fransiya Fanlar Akademiyasiga ham qabul qilindi. O‘sha yillari Levengukning qirollik jamiyati bilan yozishmalari hamda o‘ziga zamondosh bo‘lgan boshqa buyuk olimlar, xususan, Robert Guk, Gotfrid Leybnits, Xristian Gyuygens kabilar bilan almashgan xat-xabarlari kitob tariqasida chop etilgan va shu tariqa, Levenguk shaxsi butun Yevropada yanada mashhur bo‘lib ketgan. Uni va uning ustaxonasini ko‘rgani katta va kichik olim, amaldor, mashhur yozuvchi va hatto davlat rahbarlari Delftga kela boshlagan. Hammamiz bolaligimizda sevib o‘qigan yoki multfilmi, yoxud kinosini ko‘rgan mashhur asar — “Gulliverning sarguzashtlari” ham yozuvchi Jonatan Sviftning aynan Levenguk ilmiy ishlaridan ta’sirlanishi natijasida yuzaga kelgan. Yozuvchi mikroskop orqali mikroolam, mitti jonzotlar dunyosini ko‘rish uchun ataylab Delftga, Antoni van Levenguk huzuriga kelib ketgan.

Levengukning yozishmalari kitob holida chiqarilishi so‘nggi marta 1722-yilda, olim 90 yoshli paytida amalga oshgan edi. U 1723-yilning 26-avgustida vafot etgan. Uning so‘nggi yillarida hamroh bo‘lgan yaqinlarining eslashicha, olim hatto shu yoshida ham ziyrak aqli va tetik tanasi bilan ko‘pchilikni havasini keltiradigan chol bo‘lgan ekan. Shubhasiz, Antoni van Levenguk — insoniyat tarixidagi eng buyuk eksperimentatorlardan biri. U o‘z o‘limidan 6 yil avval, barcha aniq fanlar uchun benihoya muhim bo‘lgan ajoyib bir fikrni aytgan edi: “Eksperimental ilm quruq nazariy mulohazadan ko‘ra ustun. Tajriba bilan tekshirib ko‘rish imkoni bormi, albatta, tekshirish kerak”.

Chindan ham, Levenguk zamonasidan buyon mikrobiologiya taqqoslab bo‘lmas darajada taraqqiy etdi. U biologiyaning bir qismidan ko‘ra endi alohida, mustaqil fan sifatida ham odamzod uchun g‘oyat muhim ilmiy natijalarni taqdim etmoqda. Tibbiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi va yana ko‘plab sohalarda mikroskopik tadqiqotlar bizga favqulodda katta yutuq va naf keltirmoqda. Dunyoning barcha mamlakatlarida o‘n minglab olimlar tinimsiz ravishda mikroskopik strukturalarning xilma-xil olamini tadqiq qilmoqda. Ularning barchasi o‘sha kamtar, Golland olimi – Antoni van Levenguk shaxsini hurmat bilan yodga oladi. Zero, mikrobiologiya faniga aynan u asos solib bergan edi.