Orqaga

1096 marta koʻrilgan

1775–1836

Andre Mari Amper

Andre Mari Amper klassik elektrodinamikaning asoschisi hisoblanadi. U fizikaga “kuchlanish”, “tok kuchi”, “tok yoʻnalishi”, “galvanometr” kabi tushuncha va atamalarni kiritdi. Andre Mari Amper 1775-yil 22-yanvarda lionlik savdogar oilasida tugʻilib, uy taʼlimini olgan. Uning ilmga boʻlgan qiziqishi ancha erta paydo boʻlgan boʻlib, 13 yoshida u differensial hisoblash koʻnikmasiga ega edi.

Boʻlajak olimning otasida ajoyib kutubxona boʻlib, Amper 14 yoshli oʻsmirligidayoq D.Didro va J.D’alamberlarning mashhur, 20 jildli fransuz “Ensiklopediya”sini oʻqib tugatgan edi. Uning qiziqishlari keng qamrovli boʻlib, matematikaning turli yoʻnalishlari (oʻyinlar nazariyasi, geometriya, konuslar nazariyasi), biologiya, fizika, geologiya, tilshunoslik, falsafa va kimyoni ichiga olardi. Eyler va Bernullining ishlarini asl holda oʻqish uchun bir necha hafta ichida lotin tilini yod oladi.

18 yoshga kelib, Amper oliy matematika, tabiiy fanlar, grek va italyan tillarini oʻrganib olgan edi. Andre Mari Amperning hayoti ogʻir kechgan. 1793-yildagi inqilob davrida uning otasi qurbonlar safida boʻlib, gilyotin (boshni tanadan uzishga moʻljallangan asbob) da qatl qilingan. Otasining oʻlimi Amperni qattiq taʼsirlantiradi. Shu vaqtdan boshlab, u yashash uchun ishlashiga toʻgʻri keladi. U xususiy darslar oʻtardi, keyinroq Burk-an-Bres shahridagi markaziy maktabda fizika va kimyodan dars bergan. 1803-yilda Amperni Lion litseyiga matematika va astronomiya oʻqituvchisi etib tayinlashadi.

1802-yilda matematik oʻyinlar nazariyasi haqida ehtimollar nazariyasi ishini eʼlon qilganidan keyin, 1804-yilda unga Parij politexnika maktabida repetitorlik lavozimi taklif qilinadi. Maktabda 1804-yildan 1824-yilgacha ishlaydi, 1807-yilda esa shu maktabning professoriga aylanadi. «Umrining ikkinchi qismi oʻtgan Parijga koʻchib oʻtishidan avval olimning hayotida yana bir hodisa – rafiqasining oʻlimi sodir boʻladi. U umrining oxirigacha bu voqeaning taʼsiridan chiqa olmaydi. Amperni omadsizliklar taʼqib qila boshlaydi, ikkinchi turmushi oʻxshamaydi, oʻgʻli Jan Jak Amperning hayoti ham tekis ketmaydi. Lekin u keyinchalik fransuz adabiyotining mashhur tarixchisiga aylanadi. Andre Amper atrofidagilarga gʻalati – parishonxotir, koʻz nuri pasaygan, ishonuvchan, tashqi koʻrinishiga ahamiyatsiz insondek koʻrinardi. Uning odamlarga oʻylaganini toʻgʻridan toʻgʻri aytadigan odati bor edi. Amperning ilk ishlari (1802—1809) ehtimollar nazariyasi va differensial tenglamalarga bagʻishlangan boʻlib, 1814-yilda uni Parij Fanlar akademiyasiga aʼzo qilib tanlashadi. Tenglamalarni xususiy hosilalar bilan yechish haqidagi ishlar matematika tarixida alohida bir davrni boshlab berdi. Italyan olimi Amedeo Avogadrodan mustaqil ravishda Amper gazlarning molekulyar qurilishi nazariyasini taklif qiladi, bu kimyo rivojlanishiga katta hissa edi.

1820-yilda daniyalik fizik olim Hans Kristian Ersted (1777—1851) elektr va magnetizm orasidagi aloqani yaratib, elektr tokining magnit maydonini ochadi. 1820-yil 4-sentabrda fransuz olimi Dominik Fransua Arago (1786—1853) Parij Fanlar akademiyasi majlisida Ersted tajribalari haqida ogʻzaki maʼlumot beradi, 11-sentabrdagi keyingi majlisda esa murakkab boʻlmagan qurilmani yigʻib, uni namoyish qiladi. Amper Ersted tajribalariga qiziqib qoladi va uni takrorlab koʻradi. Shu sohada ishlashni boshlaydi va elektrning yangi sohasi – elektrodinamikani ishlab chiqadi. Amper kichik laboratoriya stolini yigʻadi. 18-sentabrda akademiyaning navbatdagi majlisida u oʻz tadqiqotlari haqida ilk maʼlumotni taqdim qiladi. Amper magnit harakatning ulkanligi elektr harakatining intensivligiga bogʻliq deb xulosa qiladi. Bu intensivlikni hisoblash uchun dunyoda birinchi marta tok kuchi tushunchasi va olim sharafiga nomlangan birligi – amperni paydo bo‘ladi. 1820-yil 25-sentabrda Amper akademiya kafedrasida oʻzining parallel oʻtkazgichlar va tok orasida mexanik aloqani hosil qiladigan mashhur tajribalarini koʻrsatib beradi. U bu aloqaning tok yoʻnalishidan kelib chiqadigan xarakterini (tortishish yoki itarilish) aniqlaydigan qonunni shakllantirdi.

Keyinroq Amper tokning ikki elementi aloqasi kuchini hisoblaydigan formulani ishlab chiqadi. 1820-yilning qolgan uch oyida Amper elektr toki aloqalari boʻyicha ishlarining natijalarini aks ettirgan, 9 ta xabar bilan chiqadi. Keyinchalik u tok oqimining elementar magnit ekvivalentligini asoslab, barcha magnit aloqalar tokning aylana, elektr molekulyar tanalaridagi yashirin aloqaga olib keladi degan xulosaga keldi. Amperning bu gipotezasi XX asrda oʻz tasdigʻini topadi. Shu yilda u signal uzatishda elektrom ishlatishni tavsiya qiladi. 1822-yilda Amper solenoidning – tok oʻramlarining magnit taʼsirini kashf qiladi. Tok oʻtadigan solenoid doimiy magnitning ekvivalenti hisoblanadi. Olim solenoid magnit maydonini uning ichiga yumshoq temirdan poʻlat yadro oʻrnatish orqali kuchaytirish gʻoyasini ilgari suradi. Shunday qilib, Amper oʻzi bilmagan holda elektromagnitni kashf qiladi, shu sababdan uning kashf qilinishi 1825-yilda ingliz fizik olimi Uilyam Sterjen (1783—1850) nomi bilan bogʻlanadi.

1824-yildan boshlab, Amper Parij oliy maktabida ishlay boshlaydi. U tadqiqotlarini “Tajribadagi elektrodinamik hodisalar nazariyasi” nomi ostida umumlashtiradi. Unda ilk bor, hozirda Amper qonuni sifatida maʼlum boʻlgan, elektrodinamikaning asos qonunlaridan biri – tok aloqalarining kuchi uchun miqdor qonuni keltirilgan. Koʻplab fiziklar Amper qonunlarining universalligini taʼkidlagan. Elektromagnit maydon nazariyasi asoschisi — Jeyms Klerk Maskvell (1831— 1879) Amperni “elektrning Nyutoni” deb atab, olimga eng aniq va chuqur taʼrifni bergan edi.

1829-yilda fizik kommutator va elektromagnit telegrafni ixtiro qiladi. 1830-yilda uni Peterburg Fanlar akademiyasi aʼzoligiga qabul qilishadi. Umrining oxirgi yillarida u yana matematika, keyinroq fan falsafasi bilan shugʻullana boshlaydi. Buyuk fransuz olimining hayoti mashhurligiga qaramay yengillashmadi. U asboblarni oʻz puliga sotib olib, yasashda davom etardi. Mablagʻ yetishmovchiligi tufayli universitet boshqarmasidan qoʻshimcha ish soʻrashga majbur boʻlardi. Bir necha oy davomida elektrodinamika boʻyicha ishlarini tashlab, mahalliy oʻquv yurtlari oʻquvchilarining bilimini turli fanlardan tekshirish, jihozlar, siyoh va boʻr sarfi boʻyicha hisobotlar yozish bilan shugʻullanardi. » Boshqarma fizik olimni kamsitishdan zavqlanardi, olim esa shunchalik kamtarligidan oʻz kuchsizligidan, qimmatli vaqtini butunlay bemaʼni ishlarga sarflayotganidan aziyat chekardi. Shunday hayotiy sinovlarga qaramay, Amper doim mehribon, ko‘ngilchan va hayotda quvnoq kishi boʻlib qolaverdi. Uning ixtirolarini koʻplab hamkasblari istehzo bilan qarshi olardi. Amperning mehnati faqat vafotidan keyin munosib baholandi. Fransua Arago aytganidek, Amperning oʻlimi – millat baxtsizligi edi.

Andre Mari Amper 1836-yil 10-iyunda sogʻlig‘ini tiklash uchun janubga qarab yoʻl olganda, Marsel shahrida oʻpka yalligʻlanishidan vafot etadi. Bu payt uning ijodiy kuchining gullab yashnagan davri edi. Amperning hoki 1869-yilda Marseldan Parijga, Monmartr qabristoniga koʻchiriladi. Uning qabr yodgorligida “U buyukligi qadar mehribon va oddiy kishi edi” deb yozilgan edi.

 


Muqova surat: dzen.ru