3
Ulashish
875 marta koʻrilgan
1882–1935
Emmi Nyoter
Eynshteyn hayratlanarli darajada isteʼdodli olima — Amaliya (Emmi) Nyoter bilan Prinston Istiqbolli Tadqiqotlar Institutida birga ishlashni istagandi. Biroq XX asr fizika dahosining bu niyati amalga oshmagan. Ular birgalikda hamkasb boʻlib ishlashga muvaffaq boʻlmadi. Bunga sabab Emmi Nyoterning bevaqt oʻlimi boʻlgan edi. Aytish joizki, Emmining matematik qobiliyati borasida Eynshteyn bilan hamfikr boʻlgan olimlar talaygina edi. Chunonchi, Norbert Viner ham Emmi Nyoterni oʻsha zamonning yana bir buyuk olimasi, 2 ta Nobel mukofoti sohibasi — Mariya Kyuri bilan tenglashtiradi.
Emmi Nyoter haqida Edmund Landau shunday degan edi: “Shubhasiz, men uning matematik isteʼdodini albatta tan olaman, lekin uning ayol kishi ekaniga ishonishim qiyin”. Albatta, Landau ayol jinsiga mansub odamning matematikadan bu darajada mahoratli boʻla olishiga ishonolmaganiga urgʻu bermoqchi boʻlgan. Ammo uning hazil aralash aytgan ushbu gapida biroz kinoya ham mavjud. Haqiqatan ham Emmi Nyoter tashqi koʻrinishi jihatdan biroz ayollarga xos boʻlmagan xususiyatlar egasi boʻlgan. U juda gavdali, yelkalari keng, ovozi yoʻgʻon, qisqasini aytganda, erkakshoda edi. Emma, shuningdek, odatiy ayollardan farqli ravishda, oʻz tashqi koʻrinishiga unchalik ham eʼtibor bermaydigan, odmi, toʻpori ayol boʻlgan. Ayniqsa, u oʻzi tekshirayotgan biror matematik masalaga berilib ketgan paytda yoki ilmiy munozara chogʻida, ayollarga xos boʻlgan har qanday nazokat va uyatchanlikni bir chetga surib qoʻyib, vaziyatga jon-jahdi bilan kirishib ketardi.
Emmini yaqindan tanigan odamlar uni odatda sochlari tartiblanmagan, kiyimlarni ham pala-partish kiyadigan, ovqatni ham yaxshi chaynamasdan, chapillatib, yutoqib yeydigan ayol sifatida eslab qolgan. Albatta, ayniqsa, u yashagan oʻta tartibli nemis jamiyatida bu kabi holat “madaniyatsizlik” deb qaralardi va shuning uchun uni koʻpchilik yoqtirmasdi. Ustiga-ustak, Emmi Nyoter deyarli butun umri davomida linzalari juda qalin va katta-katta boʻlgan koʻzoynak taqib yurgan. Olima yaqinni yaxshi koʻra olmaydigan koʻz xastaligidan aziyat chekardi. Koʻzoynaklari uning yuzini deyarli yarmini toʻsib turar, shunga koʻra ayrim gʻalamislar Emmiga “boyqush” deb laqab qoʻygan. Biroq Emmi oʻz tashqi koʻrinishiga befarq boʻlganidek, oʻzi haqidagi bu kabi uzunquloq gaplarga ham mutlaqo beparvo edi. Uning uchun kiyim va buyumlarni tanlashdagi yagona mezon — faqat qulaylik boʻlib, olimani moda va boshqa urfga kirgan narsalarga qiziqqanligini birov koʻrmagan. Shu xislatiga koʻra, Emmi odatda boshiga erkaklar shlyapasini kiyib yurardi. Shuningdek, olimaning qoʻlida ichi doimo turli qogʻoz va matematika kitoblari bilan liq toʻla yuradigan katta qora chamadon boʻlardi. Endi umumiy tasavvur qiling: gavdali, ovozi yoʻgʻon, sochi betartib, bir-biriga mos boʻlmagan kiyimlarni kiyib, boshiga shlyapa qoʻndirib olgan, qoʻlida katta qora chamadon koʻtargan nemis ayoli! Emmi Nyoter koʻrinishi xuddi shunday boʻlgan.
Nyoterning eng isteʼdodli shogirdlaridan biri — German Veyl oʻzining toʻpori ustozi haqida shunday degan edi: “U nazokat va latofatdan keyin tugʻilgan”. Taʼbir joiz boʻlsa, Emmi Nyoter – ayollarning oyoq-qoʻllari kishanlangan jamiyatda tugʻilgan deb aytish mumkin. Oʻsha zamonda Germaniyani dabdabali ziyofat va marosimlar ishqibozi boʻlgan, qudratli kayzer (german monarxlari unvoni) — Vilgelm II boshqarardi. Kayzer odatda biror shaharga poyezdda tashrif buyurar, u vagondan tushib kelayotgan paytda esa mahalliy shahar hokimi tantanali nutq soʻzlab, yuksak martabali mehmonni qutlab kutib olishi kerak boʻlgan.
Mamlakatning ichki va tashqi ishlari bilan bogʻliq barcha ogʻir-yengil ishlarni “Temir Kansler” nomini olgan — Otto fon Bismark yuritardi. Bismark tom maʼnoda davlat va jamiyatning yetakchisi boʻlib, u Germaniyaning konservativ strukturasini saqlab qolish tarafdori boʻlgan. Bismark tushunchasiga koʻra, jamiyatda ommaning yoppasiga savodli boʻlishi nomaqbul tuzum va sotsializmning belgisi hisoblanardi. Shu sababli Bismark boshchiligidagi hukumat ayollarning oliy maʼlumot olishini unchalik ham xushlamaydigan konservator amaldorlardan iborat boʻlgan.
XIX va XX asrlar “chegara” sida yashagan nemis xotin-qizlari uchun ideal ayol timsoli sifatida kayzerning xotini — Avgusta Viktoriya qiyofasi koʻrsatilardi. Ayol imperatorning hayot falsafasi “4 K” shaklida boʻlib, quyidagicha yangragan: K – kayzer; K – kinder (yaʼni bolalar); K – kirche (cherkov); K – Küche (oshxona). Tabiiyki, oddiy nemis ayollari uchun ham Avgustaning ushbu maslagi oʻrnak qilib koʻrsatilgan va bu gʻoya xalq ongiga singdirilgan. Bunday muhitda esa jamiyatdagi deyarli hamma ayollarning oʻrni, xuddi oldindan qatʼiy belgilab qoʻyilgan ssenariy singari, faqat muayyan maishiy yumushlarni bajarish bilan cheklanib qolavergan.
Mazkur davrda yashagan bir nemis jamiyatshunosining taʼbiri bilan aytganda, nemis ayollarining ijtimoiy darajasi erkaklardan pastda va uy hayvonlaridan tepada boʻlgan. Albatta, oʻsha Germaniyada ayollarning taʼlim olishi butunlay taʼqiqlangan edi deb boʻlmaydi. Har holda oliy maʼlumot olishni istagan ayollar uchun muayyan sharoitlar boʻlgan. Lekin umuman olib qaraganda, ayollarning taʼlim olishga boʻlgan imkoniyati deyarli yoʻq edi. Agar taʼlim olish ishtiyoqidagi biror qiz bu yoʻldagi barcha oʻgʻir va yengil toʻsiqni yengib oʻtib, oxir-oqibatda oliy maʼlumotga erishsa hamki, uning keyinchalik biror tayinli ish topishi, ayniqsa, qandaydir lavozimda ishlashi amrimahol boʻlgan.
Xullasini aytganda, oʻqigan va oʻqimagan qiz uchun yakun deyarli bir xil boʻlib qolavergan. Taʼlim muassasalaridagi ayrim oʻta keskin tushunchali oʻqituvchilar auditoriyada bittagina ayol kishi oʻtirgan boʻlsa ham darsni boshlamay turavergan. Ular ilm-fan faqat erkaklarga tegishli mashgʻulot deb qatʼiy turib olardi va maʼruza tinglamoqchi boʻlgan qizlarni xonadan chiqib ketishini kutib turardi.
Emmi Nyoter 1882-yilning 23-martida shunday biryoqlama, gʻaliz tushunchaga “koʻmilib yotgan” Germaniyaning Erlangen shahrida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi jamiyatning oʻrta qatlamiga mansub oddiy oʻqituvchilar boʻlgan. Erlangen — Emmi Nyoterdan tashqari, dunyoga yana Xristian fon Shtaudt (1798–1867-yillar) hamda Feliks Klyayn (1849–1925-yillar) singari yetuk matematiklarni ham yetkazib bergan moʻjaz shaharcha boʻlib, shuningdek, bu shahar nomini matematikada Feliks Klyayn shakllantirgan “Erlangen dasturi” nomli tushuncha ham mashhur qilib yuborgan. Ushbu dasturda Feliks Klyayn geometriyani guruhlar nazariyasi nuqtayi nazaridan qayta tasniflaydi. Emmi Nyoter otasi — Maks Nyoter Erlangen universitetida matematikadan dars bergan. Maks Nyoter ham yoshligidanoq kuchli matematik isteʼdodi bilan ajralib turgan ekan. Otasining ajoyib matematik salohiyatini Emmidan avval uning akasi Frits Nyoter ham oʻzlashtirgan boʻlib, u ham oʻz hayotini mazkur fanga bagʻishlagan. Frits Nyoter amaliy matematika bilan shugʻullangan.
Olima yoshligini xuddi Hans Xristian Andersenning mashhur “Irkit oʻrdakcha” nomli ertagiga qiyoslash mumkin. Ushbu qizaloqni kelajakda, balki butun matematika fani tarixidagi eng yetuk ayol matematik boʻlib yetishishini hech kim, hatto oʻz ota-onasi ham tasavvur qilmagan boʻlsa kerak. Biroz besoʻnaqayligini aytmaganda, bolaligida Emmini boshqa nemis qizlaridan yaqqol ajratib turadigan biror jihati boʻlmagan. U ham oddiy oʻsmir qizlar kabi raqs tushishni juda yaxshi koʻrgan va ashula yangraydigan har qanday tantanalarga borishni kanda qilmagan. Lekin u boshqa matematiklardan farqli ravishda, bolaligida ham, keyinchalik ulgʻayganda ham hech qachon musiqaga ixlos qoʻymagan.
Biz odatda koʻplab yetuk matematiklarning musiqani juda yaxshi koʻrganligi, baʼzilari esa ayrim musiqa asboblarida professional kuy ijro eta olganligini yaxshi bilamiz. Biroq Emma haqida bunday deyishning iloji yoʻq. Emma va uning oilasi kelib chiqishiga koʻra yahudiy boʻlgan. U tugʻilgan paytda Germaniyada hali odamlarning millati va diniga qarab ajratish, yaʼni fanatik millatchilik deyarli yoʻq edi. Ammo baribir bu narsa keyinchalik olimaning taqdiriga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi (bu haqida quyiroqda batafsil).
Muayyan epizodlarni inobatga olmaganda, Emmi Nyoterning maktab taʼlimidagi oʻzlashtirish darajasi ham boshqa tengdoshlarinikidan keskin farq qiluvchi qandaydir alohida eʼtiborga molik darajada boʻlmagan. Manbalarda uning oʻsmirlik yillarida uy-xoʻjalik ishlarini juda qoyil qilib doʻndirib qoʻygani va maktabda xorijiy tillar (fransuz va ingliz tillari) boʻyicha aʼloga oʻqigani taʼkidlanadi xolos. Emmining chet tillarini oʻzlashtirishdagi koʻrsatkichini hisobga olgan holda, oʻqituvchilari unga kelajakda chet tili oʻqituvchisi kasbini tanlashni maslahat bergan ekan. Emma hammani hayron qoldirib, chet tillari yoʻnalishini emas, balki matematikani tanladi.
Oʻz umrini matematikaga bagʻishlash uchun Emmida hamma narsa bor edi. Matematika u uchun alifbodek gap boʻlgan. Oilasi uning oʻqishi uchun, garchi ancha kamtarona boʻlsa-da, har holda kerakli mablagʻ bilan taʼminlay oladigan holatdagi oʻziga toʻq xonadon boʻlgan. Qolaversa, Emmi otasi orqali mahalliy universitetning deyarli barcha oʻqituvchilari bilan shaxsan tanish boʻlib, bu holat uning universitetda biroz erkin taʼlim olishiga sharoit hozirlagan.
Matematikadan oliy maʼlumotga ega boʻlish uchun Emmi universitetga tinglovchi maqomida qatnashiga toʻgʻri kelgan. Oliy oʻquv yurtining toʻlaqonli talabasi boʻlish huquqi unda boʻlmagan. Shunga qaramay, Emmi Nyoter universitetdagi barcha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, doktorlik darajasi olish imkonini qoʻlga kiritgan. Oʻz doktorlik ishi uchun Emmi ternar kvadrat (matematikaga oid termin) shakllarning algebraik invariant ( maʼlum bir turdagi konvertatsiyalar uchun oʻzgarmas xususiyat) mavzusini tanlagan. Erlangenda ushbu yoʻnalishda taʼlim beradigan mutaxassis — Paul Gordan (1837–1912-yillar) ismli matematik boʻlib, shuningdek, u Emmining otasi Maks Nyoter bilan yaqin doʻst boʻlgan. Zamondoshlari Paul Gordanni “invariantlar qiroli” derdi. Gordan ushlagan joyidan uzadigan, oʻta injiq, lekin nihoyatda puxta ish yuritadigan matematik boʻlgan. Boshqa matematiklarning toqati yetmaydigan yoki foydasiz deb hisoblab tashlab qoʻyadigan, uzundan uzoq hisoblashni ham Gordan sabr bilan qancha kerak boʻlsa, shuncha vaqt sarflab sinchiklab bajarib chiqishi, keyin esa natijani ham erinmay bir boshdan tekshirib chiqishi odatiy hol boʻlgan. Algebraik invariant va shaklning nima ekanligini tushuntirish unchalik ham qiyin emas. Lekin zamonaviy matematika uchun ushbu tushuncha dolzarbligini yoʻqotgan va shu sababli u haqida mufassal toʻxtalib oʻtirmaymiz.
Emmi Nyoter oʻzining “Ternar bikvadratik shakllarning shakliy tizimlarini aniqlash haqida” deb nomlangan doktorlik dissertatsiyasida jami 331 xil oʻzi topgan invariantlarni keltirib oʻtgan. U doktorlik dissertatsiyasini katta muvaffaqiyat bilan himoya qilgan. Mazkur ilmiy ish unga matematika bilan professional shugʻullanish imkonini bergan boʻlsa-da (aslida bunday imkon doim boʻlgan), lekin, aytaylik, biror oliygohda toʻlaqonli ishlab, dars berish huquqini taqdim qilmagan. Fan doktori — Emmi Nyoterga Erlangen universitetining oʻzida matematikadan dars berishni taklif qilishgan. Biroq bu ish toʻlaqonli boʻlmay, balki faqat bir tomonlama majburiyat bajarish bilan cheklanuvchi ish edi. Yaʼni Emmiga ming mashaqqat bilan oʻtadigan koʻp soatlik darslari uchun sariq chaqa ham haq toʻlanmagan. U oʻziga yuklatilgan va tekinga oʻtiladigan dars soatlaridan tashqari, vaqti-vaqti bilan otasining darslarini ham oʻtib turishiga toʻgʻri kelardi. Chunki bu paytga kelib, otasining salomatligi ancha yomonlashib qolgandi va baʼzan universitetga borib kelishga ham yaramay qolardi. Shunday gʻalati va murakkab mehnat sharoitida Emmi Nyoter naq 8 yil mehnat qilib, talabalarga matematikadan dars bergan. Olimaning oʻzi oʻsha paytdagi faoliyatini hazil aralash “matematik gimnastika” deb atardi. Garchi Emmi Nyoter Germaniyada Sofya Kovalevskayadan keyin matematikadan fan doktori darajasiga erishgan 2-ayol boʻlgan boʻlsa-da, ushbu daraja amalda unga deyarli hech narsa bermagan. Emmi keyinchalik oʻz ilmiy faoliyatini tahlil qilayotgan paytda oʻsha yillarni eslab, “bemaʼnilik” deb qoʻyardi.
Vaqt oʻtishi bilan Nyoterning ustozi — Gordan nafaqaga chiqib ketadi. Uning oʻrniga esa universitet maʼmuriyati Ernst Fisher ismli yosh matematik mutaxassisni ishga tayinlaydi. Fisher jamiyatda ayollarning ham teng huquqli taʼlim olishi tarafdori boʻlib, u oʻz mutaxassisligini puxta egallagan, ilgʻor fikrli kishi edi. Emmi Nyoter va Ernst Fisher ham professional-kasbiy yoʻnalishda, ham ishdan tashqari hayotda nihoyatda yaqin doʻst va hamkasb boʻlib qolgan.
Ernst Fisher oʻz davrining eng yetuk matematiklari — David Gilbert va Feliks Klyayn bilan shaxsan tanish boʻlib, u mazkur matematika daholariga oʻz hamkasabasi — Emmining beqiyos matematik isteʼdodi haqida soʻzlab bergan. Biroz vaqt oʻtib, Fisher Emmi Nyoter va David Gilbertlarni oʻzaro tanishtirib qoʻyadi. Gilbert va Klyayn Emmining qay darajada yuksak matematik isteʼdod sohibasi ekanligini darhol payqashgan va ilmiy tadqiqotlarni birgalikda olib borish istagini bildirishgan. Ushbu ikki matematik olimlar “jahonning eng yaxshi matematik universiteti” deb sharaflanuvchi Gyottingen universitetida mehnat qilar edi.
Yevropani oʻz domiga tortgan Birinchi jahon urushining eng avj pallasi, yaʼni 1915-yilda Gilbert va Klyayn birgalikda qattiq harakat qilib, Emmi Nyoterni Erlangendan Gyottingenga koʻchib oʻtishga koʻndirgan. Ayni shu yillarda butun dunyo ilm-fanida Eynshteynning inqilobiy gʻoyalari muhokama qilinmoqda edi. Gilbert esa Emmining algebraik invariantlar boʻyicha kuchli mutaxassis ekanligini inobatga olib, uning invariantlar boʻyicha ishlanmalarini Eynshteyn nazariyasi isboti uchun kuchli matematik “apparat” sifatida tatbiq etishni koʻzlagan.
Albatta, bularning hammasi Emmi uchun porloq kelajak vaʼda qilayotgandek edi. Bir qarashda juda silliq boshlangan Gyottingen hayoti tezda sarobga aylandi. Qanchalik nufuzli olim boʻlmasin na Gilbert, na Klyayn Emmi Nyoter uchun Gyottingen universitetdan muqim ish oʻrni topib bera oladi. Aniqrogʻi, ular taklif qilgan benazir matematik ayolni universitet ilmiy kengashi oʻz safiga qoʻshishni istamadi. Nyoterga Gyottingen universitetida toʻlaqonli ishlash imkoni berilmasligi uchun yagona bahona — uning shunchaki ayol kishi ekanligi boʻlgan. Chunonchi, universitet rahbarlaridan biri Gilbertga bu borada raddiya berar ekan: “Urushda qahramonlarcha jang qilayotgan askarlarimiz vatanga qaytgach, auditoriyada dars berayotgan ayol kishini koʻrsa, nima degan odam boʻlamiz? Ularga ayol kishi dars bersa, qanday holga tushadi?. Bu kabi boʻlmagʻur taʼnani eshitishdan toqati toq boʻlgan Gilbert keskin fikr bildirishga majbur boʻlgan: “Men hech ham tushunolmayman, nima uchun nomzodning jinsi uni biror ishga tayinlanishiga xalaqit berishi kerak? Axir biz erkaklar hammomida emas, universitetda ishlaymiz-ku?!”.
Gilbert Emmi Nyoterga Gyottingen universitetida privat-dotsent boʻlib ishlashni taklif qilgan edi. Lekin yuqorida ham aytganimizdek, Gilbert darajasidagi nufuzli olimning tavsiyasi va aralashuvi ham universitet maʼmuriyatidagi eskicha qarashlar asosida biryoqlama fikrlaydigan, tepsa tebranmas korchalonlarning tushunchasini oʻzgartira olmadi. Ular Emmini baribir ishga qabul qilmagan. Aksincha, universitet ilmiy kengashi, Gilbertning zoʻr berib urinishiga qarshi ravishda, Emmi nomzodini zoʻr berib inkor etardi. Germaniyada davlat tuzumining oʻzgarishi ziddiyatga barham bergan. Mamlakatda Veymar Respublikasi eʼlon qilinishi bilan, ayollarning jamiyatdagi oʻrni va taʼlim olish huquqi borasida ancha ijobiy islohotlar oʻtkazilgan. Natijada, Emmi uchun Gyottingenda ishlashga toʻsiq boʻlib turgan gʻovlar olib tashlanadi.
Emmi Gyottingenda matematika professori sifatida ishlay boshlagan. Biroq bu safar ham unga ish uchun maosh tayinlanmagan. Shu tariqa, olima faqatgina oʻz ishtiyoqi va matematikaga boʻlgan muhabbatiga tayanib, universitetda tekinga dars berib kelgan. Emmi Gyottingenda tekinga dars berishdan tashqari, “Matematika solnomalari” (Mathematische Annalen) jurnaliga ham muharrirlik qilgan boʻlib, olimaga ushbu masʼuliyatli ish uchun ham haq toʻlanmagan. Bu holat to 1922-yilgacha davom etgan. Faqatgina shu yilga kelib, universitet maʼmuriyati olimaga ish haqi toʻlay boshlagan.
Muqova surtalar: wikipedia.org / mungfali.com