5
Ulashish
1020 marta koʻrilgan
1891–1976
Agata Kristi
Dunyo adabiyotida kamdan kam ayol oʻzining mashhurligi uchun jinoyatlardan minnatdor ekanligi bilan maqtanishi mumkin. Ana shunday noyob ayollardan biri — Agata Meri Klarissa Miller. Lekin u koʻproq turmush oʻrtogʻi — Archbald Kristi familiyasi bilan mashhur. Agata Kristining ilk romani — “Staylzdagi sirli hodisa” (1920-yil) originallik va syujet rivoji boʻyicha keyingi asarlaridan farq qilmasa-da, unga na mashhurlik, na mablagʻ olib keldi.
1926-yilga kelibgina, “Rodjer Ekroydning qatl qilinishi” nomli 6-romani nashr qilingach, Agata tan olingan yozuvchiga aylandi. Detektiv asarlar “qirolichasi” 1930-yilda Maks Meloun ismli mashhur ingliz arxeologiga turmushga chiqadi va shu ondan asarlaridagi syujet voqealari arxeologik qazishmalar makoni boʻlgan Yaqin Sharqda roʻy bera boshlaydi.
Adibaning qahramoni — Erkyul Puaro ham yozuvchi izidan dunyo boʻylab “harakatlanadi”. Bu personaj Agata Kristining romanlarida tasodifan paydo boʻlib qolgan emas. Birinchi jahon urushi davrida boʻlajak yozuvchi “Qizil xoch” gospitalida ishlab, bir nechta belgiyalik qochoqlar bilan tanishib qolgan edi. Ehtimol, aynan shu uchrashuvlar boʻlajak detektiv obrazini yaratishga turtki boʻlgan boʻlishi mumkin.
Puaro oʻzining ilk ishini “Staylzdagi sirli hodisa” asaridanoq boshlaydi va keyinchalik 32 roman, 56 hikoyaning bosh qahramoniga aylanadi. Asta-sekinlik bilan xushchaqchaq belgiyalik obrazi yangidan yangi xususiyatlarga ega boʻlib boradi. Oqibatda u barchamizga tanish qiyofaga kiradi. Puaro — oʻrta boʻyli, tuxumsimon boshli va noodatiy hamda eʼtibor bilan parvarishlangan moʻylovga ega kishi. Uning aqli chegara bilmaydi, uyidan chiqmay turib ham eng murakkab va chalkash jinoyatlar sirini ochishga qodir edi.
Koʻplab kitobxonlarning iltimosiga binoan 130 yildan ortiq “yashagan” Puaro oʻzining uzoq umri davomida deyarli butun dunyo boʻylab sayohat qiladi. Shuncha voqealardan keyin ham “qarimagan” mashhur izquvar faqatgina 1975-yilda “Parda” romanida “vafot etadi”. Politsiya romanlari anʼanasiga boʻysungan holda muallif Puaroga hamroh ato qiladi. Puaroning hamrohi — kapitan Gastings nafaqat jasur, balki mustaqil faoliyatga ham tayyor kishi edi. U baʼzida Puaroning qarorlarini oldindan sezardi.
Birgalikda ular millionlab kitobxonlar qalbini zabt etadi, chunki ulardagi asosiy xususiyat oliyjanoblik, har qanday odamga ogʻir damda yordamga kela olish qobiliyati edi. 1930-yilda Agata Kristi hikoyalarida yana bir mashhurlikda qolishmaydigan obraz — Jeyn Marpl xonim paydo boʻladi. Oddiy, kamtarin ingliz ayoli obrazi oʻtkir zehnli va hamma yoqda hozir-u nozir professional detektiv obrazidan kam boʻlmagan darajada jalb qiluvchi va qiziqarli chiqadi.
Shuni taʼkidlash kerakki, Agata Kristining koʻplab asarlarida syujet chizigʻi jinoyatchini chegaralangan personajlar orasidan izlashga olib boradi. Ularning har biri qotillik qilish uchun yetarli asosga ega boʻladi. Lekin asl haqiqat faqatgina eng soʻnggida ochiladi, bunda Erkyul Puaro faktlarning aniq tizimlanishi va mantiqiy chigallikni koʻrishga asoslansa, Marpl xonim tom maʼnoda oʻzining katta hayotiy tajribasi va inson tabiatidan xabardorligidan foydalanadi. Agata Kristi uzoq umri davomida 78 detektiv roman, 19 ta pyesa, bundan tashqari, turli mavzulardagi sheʼr, hikoya, xotira va romanlar ham yozadi. U bir qancha adabiy mukofotlarga, jumladan, Britaniya imperiyasining 3-darajali ordeniga sazovor boʻlgan. Bunday sharafga Birlashgan Qirollikning kamdan kam dvoryanlari erishgandi.
1958-yildan boshlab Agata Kristi Ingliz detektiv klubining doimiy prezidentiga aylanadi. Adibaning oʻzi hech qachon ijodini jiddiy qabul qilmagan. U oʻzining ilmiy qiziqishi va turmush oʻrtogʻiga qazilma materiallarini tizimlashtirishda yordam berishni birinchi oʻringa qoʻygan. Bir necha yil davomida u eriga kotibalik qiladi. Aytishlaricha, Agata Kristi asarlari uchun syujetni idish-tovoq yuvish va vannada olma yeyish oraligʻida oʻylab topgan. Adibaning oʻzi idish yuvish jarayoni unda navbatdagi qotillik gʻoyasini paydo qilishi, olma esa syujetni shakllantirishga turtki boʻlishini aytgan.
Muqova suratlar: cbsuzr.ru / englandlife.ru