4
Ulashish
780 marta koʻrilgan
1424-1469
Abu Said Mirzo
Biografiya
Abusaid Mirzo — davlat tepasida hukm yuritgan mashhur temuriyzodalardan biri. U Sulton Muhammad Mirzoning oʻgʻli edi. Sulton Muhammad Mirzo esa Mironshoh Mirzoning oʻgʻli boʻlib, Amir Temurga nabira edi. Abusaid Mirzo 1427-yilda tugʻilgan. Otasi Muhammad Mirzo ogʻir xastalikka chalingach, oʻgʻlining tarbiyasini Mirzo Ulugʻbekka topshiradi. Abu Said otasining vafotidan soʻng Ulugʻbek saroyida taʼlim-tarbiya olib, aniq fanlarda iqtidorini namoyish etadi. Ulugʻbek jiyanining kelajagiga ishonch bilan qaray boshlaydi. Buning aksi oʻlaroq, Abusaid qalbida valineʼmatiga nisbatan adovat qoʻzgʻalib, uning taxtini egallash uchun payt poylaydi.
Sulton Abusaid shaxsiyati murakkab podshoh boʻlgan. Uning tabiatida odillik bilan zolimlik, dindorlik bilan mutaassiblik, bunyodkorlik bilan yagʻmogarlik qoʻshilib-qorishib ketgan. Maishatbozlik, sharobxoʻrlik davralarini umuman xush koʻrmagan. Biroq qahr-u gʻazabi qoʻziganda odam qonini mayday sipqorishdan oʻzini tiyolmagan. U ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va diniy birlikka asoslangan qudratli davlat barpo etish yoʻlida ayrim muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, shafqatsiz va gʻayriinsoniy siyosati erkin fikrni ildiz-ildizidan shikastlagan. Abusaid din va tasavvuf ahlini zohiran oʻziga yaqin tutgan. Qay viloyat yo shaharga bormasin, eng avvalo, oʻsha joydagi avliyo, shayx va tabarruk zotlar mozorini ziyorat qilib, xayr-u ehson ulashgan. Ammo uning diniy hayoti va ishonchi mehr-shafqat, hikmat va himmatdan ancha yiroq boʻlgan. Uning zulm va fisqqa moyilligi, ayyor va berahmligi boshqa temuriylarni taxt uchun dadil kurashga chorlagan. Shohruh Mirzoning uzoq davom etgan hukmronligi davrida (1405–1447) meʼmorchilik, umuman, madaniyatning taraqqiy topishiga bosh-qosh boʻlganlar faqat shoh va mirzolar emasdi. Gavharshodbegim, Tuman ogʻa kabi malikalar, Alika Koʻkaldosh, Amir Feruzshoh, Shoh Malik singari nufuzli amaldorlar ham qurilishlarga homiylik qilgan.“
Faoliyati
Temuriylar tarixidagi ziddiyatli taqdir va talqinga ega shaxslardan biri Sohibqironning chevarasi, Bobur Mirzoning bobosi Abusaid Mirzo (1451–1469)dir. Uning Mirzo Ulugʻbek fojiasidan ikki yil oʻtib, Samarqand taxtini egallagani, keyin Hirotni qoʻlga kiritgani, Ulugʻbekning onasi Gavharshodbegimni qilichdan oʻtkazgani, Navoiyning ikki togʻasini qatl ettirib, uning oʻzini Hirotdan badargʻa qilgani haqida koʻpchilik bilishi mumkin. Ayrim adabiyotshunos va tarixchilar Abu Said Mirzo qattiqqoʻl hukmdor boʻlish bilan birga Movarounnahr va Xurosonda bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, madaniyat rivojiga ham birmuncha hissa qoʻshganini taʼkidlashadi. Oʻz faoliyati davomida shafqatsiz jang-u jadallarga guvoh boʻlgan, kibr-u havoga chandon berilgan hukmdorning oʻlimi ham uning feʼliga xos boʻlgan. Bobur Mirzo “Boburnoma” asarida bobosining Alisher Navoiy bilan munosabatlari haqida yozarkan, “bilmon ne jarima bila Sulton Abu Said Mirzo (Navoiyni) Hiriydin ixroj qildi. Samarqandgʻa bordi, necha yilkim, Samarqandda edi” degan maʼlumotlarni keltirib oʻtadi.
Sulton Abusaid 1451-yilda Samarqandni egallagach, davlat chegaralarini asta-sekin kengaytirib, butun Movarounnahrni, shuningdek, Xuroson, Badaxshon, Kobul va Qandahorni zabt etadi, hukmronligini Hindiston va Iroq hududlariga qadar yoyishga muvaffaq boʻladi. Bunday nufuzga erishgan podshohning Amir Temur tomonidan bobosi Mironshohga inʼom etilgan yerlarni qaytarib olishga urinishi tabiiy edi. Qoraquyunlilar sardori Qora Yusuf bilan boʻlgan 1408-yildagi urush Mironshohning oʻlimi va oʻgʻli Mirzo Abubakrning Yazd tomonlarga qochishi bilan tugaydi. Amir Temur vafotidan uch yil oʻtar-oʻtmas saltanatning gʻarbiy oʻlkalari qoʻldan ketadi. Bu kezlarda Xuroson hokimi Shohruh Mirzoning gʻarbdagi hodisalarga aralashishga imkoni yoʻq edi. Soʻngra u uch marotaba harbiy yurish qilib, 1435-yili Ozarboyjonda yangidan taʼsis etilgan temuriy hokimiyatini qoraquyunli Jahonshohga topshiradi.
Sulton Abusaid Samarqandni yetti yil, Movarounnahr hamda Xurosonni esa jami 18 yil boshqardi. U ana shu muddatni jang-u jadal va toj-u taxt talashuvlari bilan oʻtkazgan. Samarqandda eʼlon qilgan saltanatini tan oldirish uchun u Abdulloh, Abulqosim Bobur, Alouddavla, Ibrohim Mirzo, Mirzo Joʻqi, Husayn Boyqaro kabi temuriyzodalar bilan kurashgan. Sulton Abusaid 1457-yili Hirotni qoʻlga kiritgach, Gavharshod Begimning ziyoratiga borib, tul kampirga izzat-ehtirom koʻrsatadi. Eri tirikligidayoq davlat ishlarida faol qatnashib, obroʻ-eʼtibor topgan uddaburon bu ayol Shohruhning taxtiga nabirasi Mirzo Alouddavla chiqishini istar va uni himoya qilardi. Shuningdek, Mirzo Ibrohim bilan ham munosabati yaxshi edi. Aʼyonlar shu kabi dalillarga asoslanib, Hirotning yangi hukmdorini Shohruh Mirzoning bevasi tirik ekan, taxtda xotirjam oʻtirolmasligiga ishontiradi. Shu tariqa Gavharshodbegim Abusaidning farmoyishi bilan 1457-yil 1-avgustda vahshiyona oʻldirilib, ellik yil mobaynida yigʻilgan mol-mulki talon-taroj etiladi. Temuriylar saroyining boobroʻ malikasi taqdiri shu tariqa fojiali yakun topadi. Abusaid Hirotni qoʻlga kiritgan payt yosh shahzoda Husayn Boyqaroning unga qarshi koʻtargan isyonlari haqida tarix kitoblarida keltiriladi. Abusaid Husayn Boyqaroning onasi hurmatiga uni ikki bor afv etadi.
Abusaid Movarounnahr va Xurosonni birlashtirgach, Shohruh Mirzo vafotidan soʻng qoraquyunlilarning qoʻliga oʻtgan yerlarni qaytarib olish diqqat markazidagi masalaga aylangan edi. Sulh tuzib, Hirotdan chiqib ketgan Qoraquyunli Jahonshoh davlatida ham notinchlik, parokandalik kundan kunga avj olayotgan edi. Jahonshoh Xurosondan qaytgach, oʻgʻli Pir Budoqdan Sherozni olib, unga Bagʻdodni beradi. Pir Budoq bunga qarshi gʻalayon boshlaydi. Ota-oʻgʻil jangida Jahonshohning qoʻli baland keladi va Pir Budoq oʻldiriladi. Oqquyunlilar bilan jangga kirishgan Jahonshoh 1468-yili Uzun Hasandan yengilib qatl etiladi. Oʻgʻillaridan birining koʻziga mil tortilib, yana biri oʻlimga mahkum qilinadi. 1467–1468-yil qishini Marvda oʻtkazayotgan Abusaidda Ozarboyjonga yurish fikri qatʼiylashadi. Maslahat uchun huzuriga Samarqanddan Xoja Ahrorni, Hirotdan Abdurahmon Jomiyni chorlaydi. Ular Marvga keladi.
1468-yil fevral oyi oxirida Sulton Abusaid Ozarboyjonga yurish boshlaydi. U bu paytda oʻzini kuch-qudratda jahongir bobosidan ortiq koʻrgan boʻlsa koʻrganki, kam koʻrmagan. Davlatshoh Samarqandiy uning Koshgʻardan to Tabrizga qadar uzangan hududni egallagach, kibr zoʻridan “Yer yuzi kichik bir joy, uning kadxudoligiga bir kishi kifoya”, deganini eslatib oʻtadi.
Sulton Abusaid davrida Xurosonda madaniy va ijtimoiy hayot butkul susayib ketmagan va buni tarixchilardan Abdurazzoq Samarqandiy hamda Xondamir qayd etib oʻtadi. Masalan, u 1456-yili Mirzo Ulugʻbekning astronomik jadvali nusxasini Samarqanddan Hirotga Abulqosim Bobur uchun joʻnatadi. Ulugʻbekning sevimli shogirdi va izdoshi Ali Qushchining falsafaga doir “Sharhi tajrid al-aqoid” risolasini yozib, Abusaidga tuhfa etadi va ellik ming dinor bilan taqdirlanadi.
Vafoti
Ozarbayjonga boshlangan urush qahraton qish qiyinchiliklari, ellik mingdan ziyod kishilik oʻrdadagi oziq-ovqat tanqisligi, aʼyonlarning sultondan birin-ketin yuz oʻgirishi, lashkardagi tez quloch yozgan parokandalik va ishonchsizlik Abusaidning orzu-umidlarini yelga sovuradi. Ozarboyjonga ketayotganda Yer yuzi unga nechogʻli tang-u tor tuyulgan boʻlsa, xotirjam nafas oladigan bir parcha zamin endi koinot qadar keng koʻrinar, torlik dunyoda emas, oʻz botinida ekanini anglamaganidan afsuslanardi. Uzun Hasan dushmanini shunday hiyla va ustomonlik bilan qopqonga tushiradiki, undan qutulish chorasizlikdan chora kutishday bir gap edi. Eng yomoni, Abusaidni Xuroson bilan bogʻlaydigan yoʻllar ham berkitilgan edi. Bir oy muqaddam sulh soʻzini eshitishni ham istamagan sulton 1469-yil yanvar oxirida oqquyunlilar saroyiga sulh tilab elchi joʻnatadi, lekin taklifi rad etiladi. Uzun Hasan dargohiga Mashhadning bir necha mashhur zoti qatorida onasini qoʻshib yuborganda ham natija chiqmaydi. Uzun Hasan oʻgʻillari tomonidan asir olingan Abusaid Mirzo xon qarorgohiga keltiriladi. U mahbusni kechirishga mayl bildiradi. Ammo ayrim turkman va oʻzbek amirlari, Shirvonshoh qozisi bunga qarshi chiqadi va Sultonni oʻldirishga fatvo beriladi. Uzun Hasan dargohida voyaga yetgan temuriyzoda Yodgor Mirzoning farmoyishi bilan Ulugʻbekning onasi va Yodgor Mirzoning buvisi Gavharshodbegimni keksa yoshli ayol ekaniga qaramay, shafqatsizlarcha oʻlimga buyurgani evaziga 1468-yil fevralida Sulton Abusaid qatl etiladi.
Manba : uza.uz / kh-davron.uz
Maqola suratlar : wikipedia.org / wikipedia.org