Zulqarnayn
Zulqarnayn (ot) — Aleksandr (Iskandar) Makedonskiyning (mil. avv. 356–323) laqabi. Sharq tarixiy qoʻl yozmalarida u Iskandar Zulqarnayn, yaʼni “Shohli Iskandar” deb ham yuritiladi. Iskandarning shohi boʻlgani haqida Gʻarb va Sharqda turli xil rivoyatlar yursa-da, uning bunday laqab olishiga tarixiy shart-sharoitlardan kelib chiqib xulosa chiqarish maqsadga muvofiq. Maʼlumki, Iskandar Misrni bosib olganda (mil. avv. 332-yil) Misr kohinlari uni quyosh xudosi Amonning oʻgʻli deb eʼlon qilgan. Misrliklar anʼanalariga koʻra, xudo Amon siymosi ikki shohli bosh kiyimida tasvirlangan. Iskandarga Misr asilzodalari ikki shohli, oltin bosh kiyim kiydirgan boʻlishi mumkin. Shuningdek, oʻsha miloddan avvalgi IV asrlarda tarixchi va geograf olimlarga maʼlum boʻlgan joylarning katta qismini Iskandar zabt etishga muvaffaq boʻladi. Sharq tarixchilarining taxminicha, u Magʻrib (Gʻarb) dan to Mashriq (Sharq) gacha boʻlgan yurtlarning hukmdori boʻlgan. Iskandar quyosh xudosi Amonning oʻgʻli va Magʻribdan Mashriqqacha boʻlgan xalqlarning shahanshohi sifatida davlat tantanalari, qabul marosimlariga qadimgi podsholarning toj kiyimi sifatida ikki shohli oltin diadema kiyib chiqqan. Bu podsholarga xos rasmiy odat hukmdorning aslida shohi borligini emas, balki uning ulugʻvorligi, qudratini namoyish etgan.