Orqaga
Glossariyga qaytish

Zardusht

Zardusht (ot) — zardushtiylik dinining bosh islohotchisi. Tarixiy shaxs. Zardushtning tugʻilgan joyi aniq emas. Olimlarning taxminiy faraz qilishicha, u Turonzamin viloyatlaridan birida, yaʼni Xorazm yoki Sugʻdiyonada kohinlar oilasida tugʻilib oʻsgan. U Spitama urugʻidan boʻlib, otasining ismi Porushasp, onasining ismi Dugʻdova boʻlgan. Taxminan miloddan avvalgi 630–553-yillarda yashab oʻtgan. Dariy tilida “ushtra” — tuya, “zarat” — keksa sariq tuya maʼnosida. “Zardusht” tuyachi, tuyachilar avlodidan degan maʼnoni bildiradi. Zardusht oʻz zamonasining isteʼdodli shoiri, ilohiyot bilimdoni, faylasuf olimi boʻlgan. U yagona xudoga ishonishgina jamiyatni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtara oladi, deb hisoblardi. Zardusht 40 yoshga toʻlganda ezgulik xudosi Axuramazda nazariga tushadi va shundan boshlab Axuramazda dinining paygʻambariga aylanadi.