Yunon-Baqtriya Podoshligi
Yunon-Baqtriya podsholigi (ot) — miloddan avvalgi 250-yildan 140–130-yillar orasida mavjud boʻlgan davlat. Salavkiylar davlatida aka-uka Salavk II va Antiox Giyerakslar oʻrtasida hokimiyat uchun oʻzaro kurash avjiga chiqqan bir paytda salavkiylarning Baqtriyadagi noibi Diodot oʻzini mustaqil deb eʼlon qiladi. Yangi tashkil topgan davlatning hududi Baqtriya yerlariga toʻgʻri kelsa-da, uni boshqargan podsholar asli kelib chiqishi yunonlardan edi. Shuning uchun ham bu davlatning nomi Yunon-Baqtriya deb yuritiladi. Yunon-Baqtriya davlati 120 yil yashagan boʻlsa-da, oʻzbek davlatchiligi tarixida muhim oʻrin qoldirdi. Unda hunarmandchilik, savdo-sotiq, shaharsozlik madaniyati gullab-yashnadi. Mahalliy va yunon madaniyatining qoʻshilib ketishidan oʻziga xos ellinizm madaniyati tarkib topdi. Yunon-Baqtriya davlatiga miloddan avvalgi 140–130-yillarda shimoli-sharqdan Oʻrta Osiyo hududlariga kirib kelgan koʻchmanchi yuechji qabilalari barham beradi. Yunon-Baqtriya hukmdorlari: Diodot 1 (250–…), Diodot II (…–230), Yevtidem (230–199), Demetriy (199–167), Yevkratid (167–155), Gliokol (155–140).