Yuechjilar
Yuechjilar (ot) — qadimgi Xitoy manbalariga koʻra, yuechji qabilalari miloddan avvalgi IV–III asrlar chegarasida Mongoliya hududida yashovchi xunnlarning qoʻshnilari. Miloddan avvalgi III asrning ikkinchi yarmiga kelib, yuechjilar juda katta kuchga aylangan va xunnlarning boshligʻi ularga oʻlpon toʻlashga majbur boʻlgan. Ammo biroz vaqt oʻtgach, xunnlar sardori Maodun xunnlarni kuchli hokimiyat ostida birlashtirib, bu koʻchmanchi qabilalarni qudratli kuchga aylantirdi. Miloddan avvalgi 176-yilda xunn lashkarboshilaridan biri yuechjilarni jangda magʻlubiyatga uchratadi. Maodunning oʻgʻli Laoshin mil. avv. 174-yilda yuechjilarni yana tor-mor keltiradi va hukmdorini ham oʻldirib, bosh chanogʻidan may qadahi yasattiradi. Magʻlubiyatga uchragan koʻchmanchi yuechjilar gʻarbga — Sharqiy Turkiston va Oʻrta Osiyo hududlariga kirib kela boshlaydi. Ammo bu hududlarda yuechjilar Xitoy manbalarida “usun” deb ataluvchi koʻchmanchi chorvador qabilalar bilan toʻqnash keladi. Oʻzaro urushlarda oxir-oqibat usun qabilalarining qoʻli baland kelib, yuechji qabilalari Tyanshan, Fargʻona va Pomir togʻlari osha shimoli-gʻarbiy Hindiston va Baqtriya yerlariga kirib keladi. Yuechji qabilalari haqida maʼlumotlar faqat qadimgi va oʻrta asr Xitoy manbalarida saqlangan. Qadimgi yunon-rim tarixchilari (Strabon, Pompey, Trog) asarlarida esa bu nom umuman uchramaydi. Aftidan, ular yuechjilarni boshqa nomda atagan boʻlsa kerak. Ular Yunon-Baqtriya davlatining qulashi haqida bergan maʼlumotlarida esa asian, pasian, toxar, sakaraullar haqida yozadi. Yuechjilarning kelib chiqishi haqida tadqiqotchilar oʻrtasida yakdil fikr yoʻq. Ba’zi olimlar yuechjilarni massagetlarning avlodi deb hisoblasa (S. P. Tolstov), baʼzilar ularni toxarlarning avlodi deb hisoblaydi (I. Markvart, E. Pulleyblenk). Taniqli oʻzbek olimi akademik A. Asqarov fikriga koʻra, yuechjilar skif-sak qabilalari ittifoqiga kiruvchi toxarlarning xitoycha nomlanishidir. Yuechjilarning geografik joylashuvi, moddiy va madaniy hayot darajasiga qarab turkiy qabilalardan deb hisoblash mumkin. Jumladan, yapon olimi K. Enoki: “Miloddan avvalgi III asrlardagi yuechjilar joylashgan oʻrni va xoʻjalik hayotiga koʻra VI asrdagi turklar bilan juda oʻxshash”, deb qayd qiladi.