Orqaga
Glossariyga qaytish

YAIS (Yangi Iqtisodiy Siyosat, Nep)

YAIS (Yangi iqtisodiy siyosat, NEP) 1918–1920-yillarda yuritilgan harbiy kommunizm siyosati vositasida mamlakat iqtisodiy hayotini tiklash mumkin emasligiga koʻzi yetgan bolshevik rahbariyatining 1921-yil mart oyidan boshlab yuritgan iqtisodiy siyosati. U tarixda yangi iqtisodiy siyosat (NEP) nomini oldi. YAIS iqtisodiyotning koʻp tarzli boʻlishini eʼtirof etdi, erkin tijorat va xususiy mulkchilikni eʼlon qildi. YAIS natijasida mayda tijoratchilarning katta armiyasi paydo boʻldi. Millionlab kosib, mayda hunarmandlar mamlakat isteʼmol mollarining toʻrtdan uch qismini ishlab chiqara boshladi. Natijada ishchi va dehqonlarning turmushi yaxshilandi, dastlabki jiddiy ijtimoiy tadbirlar hayotga joriy etila boshlandi. Yangi iqtisodiy siyosat iqtisodiyotning tabiiy rivojlanishi va bozor iqtisodiyoti qonunlari har qanday balandparvoz shiorlar (sotsializm, kommunizm) dan ustun turishini hayot amaliyotida koʻrsatib bergan edi. Biroq YAISning iqtisodiy erkinlik va tadbirkorlikka yoʻl ochib berishi aholi oʻrtasida mulkiy tengsizlikni, aholining tabaqalanishini keltirib chiqarardi. Bu esa sotsializmning prinsipial tamoyillariga zid boʻlganligi sababli 20-yillaroʻrtalaridan YAISga asta-sekin barham berilib, davlat monopol iqtisodiyoti, mulkni sotsiallashtirish siyosati joriy etila boshlandi.