XXSR (Xorazm Xalq Sovet Respublikasi)
XXSR (Xorazm Xalq Sovet Respublikasi) — Turkiston general-gubernatorligi tugatilib, uning oʻrnida Turkiston avtonom sovet respublikasi tashkil etilgach, bolsheviklar Rossiya andozasidagi “xalq inqilobi”ni Turkistonda amalda boʻlib kelayotgan xonliklarga ham joriy qilishni (aniqrogʻi uni eksport qilishni) koʻzlay boshladi. Shu maqsadda 1920-yil 2-fevralda Xiva xonligida ham sunʼiy inqilob amalga oshirilib, oxirgi Xiva xoni Said Abdullaxon hokimiyati agʻdarib tashlandi va 1920-yil 26-aprelda Xorazm Xalq sovet respublikasi (XXSR) eʼlon qilinadi. XXSRda yangi konstitutsiya qabul qilinib, keng ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar amalga oshirila boshlanadi. Lekin bu islohotlar mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib emas, balki bolsheviklar andozasi va koʻrsatmasi asosida koʻr-koʻrona amalga oshirilgani bois aksariyat hollarda teskari natijalarni berdi. XXSR 1924–1925-yillarda oʻtkazilgan maʼmuriy-hududiy davlat chegaralanishi natijasida tugatilib, yangi tuzilgan OʻzSSR tarkibiga qoʻshib yuborildi.