Orqaga
Glossariyga qaytish

Xorazmshohlar

Xorazmshohlar (ot) — Xorazmda islomdan oldin va islomdan keyin hukmronlik qilgan sulola. Tarixda toʻrt xorazmshohlar sulolasi boʻlgan: Afrigʻiylar (305–995), Maʼmuniylar (995–1017), Oltintosh sulolasi (1017–1034) va Anushteginlar sulolasi (1077–1231). 995-yilgacha Xorazm ikki qismga — Shimoliy Xorazm (poytaxti Urganch) va Janubiy Xorazmga (poytaxti Kat) boʻlingan edi. Shimoliy Xorazmdagi Maʼmuniylar sulolasi vakili Maʼmun ibn Muhammad 995-yilda har ikkala Xorazmni birlashtirib, “Xorazmshoh” unvoni bilan idora qila boshladi. Uning vorisi Maʼmun ibn Maʼmun davrida Xorazmning qudrati yanada oshdi. Urganchda “Maʼmun akademiyasi” faoliyat yurita boshladi. 1017-yilda Xorazmni Mahmud Gʻaznaviy bosib olib, oʻzining bosh hojibi Oltintoshni “Xorazmshoh” unvoni bilan Xorazm hokimi etib tayinladi. 1044-yilda Xorazm Saljuqiylar davlatiga qoʻshib olindi. Saljuqiylarning Xorazmdagi noibi Anushtegin (1077–1097) saljuqiylarga itoatgoʻylik bilan xizmat qildi. Lekin uning vorisi Qutbiddin Muhammad (1097–1127) oʻziga “Xorazmshoh” unvonini olib, saljuqiylardan mustaqil holda yurtni idora qila boshlaydi. Otsiz (1127–1156), Elarslon (1156–1172), Takash (1172–1200) va Muhammadlar davrida (1200–1221) Xorazmshohlar davlati Sharqning eng yirik va qudratli davlatiga aylanadi. 1221-yilda Chingizxon boshliq moʻgʻul bosqinchilari Xorazmshohlar davlatining yirik shaharlari qatorida poytaxt Urganchni ham bosib oladi. Muhammad Xorazmshoh yurtni oʻz holiga tashlab qochishdan boshqa chora topa olmaydi. Soʻnggi Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi (1221–1231) moʻgʻul bosqinchilariga qarshi deyarli oʻn yil kurashgan boʻlsa-da, biroq uning urinishlari muvaffaqiyatsiz tugaydi. Jaloliddinning vafoti bilan xorazmshohlar sulolasi ham barham topadi.