Xiva xonligi
Xiva xonligi — geografik hudud. Xorazm hududlarini Shayboniyxon 1505-yilda egallashga muvaffaq boʻlgan edi. Shayboniyxon vafot etgach, (1510) Xorazmning moʻtabar zotlari mamlakat taxtiga Chingizxonning nabirasi, Shaybon avlodlaridan boʻlgan Berka Sultonning oʻgʻli Elbarsxonni oʻtkazishga qaror qiladi. Berka Sulton Muhammad Shayboniyxon xonadoniga qarindosh hisoblanardi. Koʻchmanchi oʻzbeklar sulolasining birinchi vakili Elbarsxon davrida(1511–1516) poytaxt Vazir shahridan Urganch shahriga koʻchiriladi. Amudaryo oʻz oʻzanini oʻzgartirib, shimolga — Orol dengiziga qarab oqa boshlagach, Arab Muhammadxon (1602–1621) poytaxtni Koʻhna Urganchdan Xiva shahriga koʻchiradi. Poytaxt Xiva shahri qilib belgilanishi munosabati bilan davlatning rasmiy nomi tarixiy adabiyotlarda Xiva xonligi deb yuritila boshlandi. Xiva xonligi 1511-yildan 1920-yilgacha mavjud boʻlib, unda ikkita sulola almashdi. Bular: koʻchmanchi oʻzbeklar sulolasi (1511–1770) va qoʻngʻirotlar sulolasi (1770–1920). Qoʻngʻirotlar sulolasining vakillari: Muhammad Amin (1770–1790), Avaz (1790–1804), Eltuzar (1804–1806), Muhammad Rahimxon (1806–1825), Olloqulixon (1825–1843), Rahimqulixon (1843–1846), Muhammad Aminxon (1846–1855), Abdullaxon (1855–1856), Qutlugʻmurodxon (1856), Said Muhammadxon (1856–1864), Muhammad Rahimxon (1864–1910), Asfandiyorxon (1910–1918), Said Abdullaxon (1918–1920).