Vazirlar Mahkamasi
Vazirlar Mahkamasi — baʼzi davlatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda hukumat ijro etuvchi hokimiyatning nomi. Konstitutsiyamizning XX bobi, 98-moddasida Vazirlar Mahkamasining vakolatlari belgilab berilgan. Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va maʼnaviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni taʼminlaydi. Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruv idoralari tizimiga va oʻzi tashkil etadigan xoʻjalik boshqaruvi muassasalariga boshchilik qiladi, ularning hamjihatlik bilan faoliyat koʻrsatishini, hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan qonunlarning ijrosini taʼminlaydi. 2005-yilda Vazirlar Mahkamasi rahbari — Bosh vazir lavozimi joriy etildi. 2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan mamlakat Prezidenti bir vaqtning oʻzida ijro etuvchi hokimiyat boshligʻi, yaʼni Vazirlar Mahkamasining raisi ekanini belgilaydigan norma chiqarib tashlandi. Vazirlar Mahkamasining raisi lavozimi tugatildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi. Mustaqillik yillarida Vazirlar Mahkamasi tarkibi 4 marta yangidan tasdiqlandi. 1993-yil 6-mayda qabul qilingan. 1993-yil 29-avgustda yangi tahrirda joriy etilgan “Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida” gi qonunga koʻra, birinchi marta Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi 1995-yil 23-fevralda tasdiqlandi. Ikkinchi marta 2000- yil 11-fevralda, uchinchi marta 2005-yil 4-fevralda tasdiqlandi. Toʻrtinchi marta 2010-yil 12-martda Vazirlar Mahkamasi tarkibi quyidagitartibda belgilandi: Vazirlar Mahkamasining aʼzolari — 8 ta, vazirlar 14 ta, davlat qoʻmitalarining raislari — 9 ta. Vazirlar Mahkamasi aʼzolari:
➤ Bosh vazir.
➤ Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari.
➤ Bosh vazirning 6 nafar oʻrinbosari.
Vazirliklar:
1. Moliya vazirligi.
2. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi.
3. Iqtisodiyot vazirligi.
4. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi.
5. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi.
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi.
7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi.
8. Mudofaa vazirligi.
9. Ichki ishlar vazirligi.
10. Tashqi ishlar vazirligi.
11. Adliya vazirligi.
12. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi.
13. Xalq taʼlimi vazirligi.
14. Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Davlat qoʻmitalari:
1. Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi.
2. Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi.
3. Davlat soliq qoʻmitasi.
4. Davlat bojxona qoʻmitasi.
5. Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi.
6. Davlat statistika qoʻmitasi.
7. Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.
8. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi.
9. Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi.