Orqaga
Glossariyga qaytish

Vabo isyoni

Vabo isyoni — 1892-yil 24-iyunda Toshkentda boshlangan qoʻzgʻolon. 7-iyunda Toshkentda vabo bilan kasallanish qayd etilgach, epidemiyaning oldini olish maqsadida mustamlakachi maʼmurlar shaharga kirishni cheklab qoʻyadi. Vafot etganlarni tibbiyot xodimi koʻzdan kechirgandan soʻng maxsus mozorga koʻmish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi. Biroq shifokorlar yetishmasligi tufayli keltirilgan oʻliklar uch-toʻrt kunlab tekshirilmay qolib ketadi, xalq esa oʻz ajali bilan vafot etganlarni yashirincha oʻzlarining qabristoniga koʻma boshlaydi. Bundan xabar topgan shahar maʼmurlari oʻliklarni goʻrlaridan oldirishni buyuradi. Bu esa mahalliy xalqning keskin noroziligiga sabab boʻladi. Norozilik harakati dastlaba holining boy-badavlat zodagonlariga qarshi hokimiyatni suisteʼmol qilish bilan tanilgan shahar bosh oqsoqoliga qarshi namoyish tarzida tinch holatda boʻlgan. Namoyish ruslarga qarshi qaratilmagan boʻlib, birorta rus idorasi, rus doʻkoniga bostirib kirilmagan, birorta ham rus kishisi aziyat chekmagan. Namoyishchilarga qarshi shahar boshligʻi polkovnik Putintsevning kuch ishlatish toʻgʻrisidagi buyrugʻidan keyin qoʻzgʻolon tusini olib, uning devonini tor-mor etishadi va oʻzini kaltaklashadi. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun kazaklar polki va bir toʻda askar chaqirildi. Ular qurolsiz olomonga oʻq uzib, qoʻzgʻolonni bostirishga muvaffaq boʻladi.