Orqaga
Glossariyga qaytish

Urxun-Yenisey yozuvlari

Oʻrxun-Yenisey yozuvlari — qadimgi turk runik yozuvlari. Tosh, metall, yogʻoch va boshqa buyumlarga oʻyib bitilgan qadimgi turkiy yozuvlar. Bu yozuvlar V–VIII asrlarga (baʼzi manbalarda VIII–X asrlarga) mansub deb hisoblanadi. Dastlab Oʻrxun va Yenisey daryolari havzasidan topilgani sababli shu nom bilan yuritiladi. Tashqi koʻrinishidan got (qadimgi german) yozuviga oʻxshash boʻlgani uchun runik yozuv deb ham ataladi. Oʻrxun-Yenisey yozuvlarining turkiy xalqlarga mansub ekanini birinchi marta fransuz olimi J. P. Abel Remyuza (1820), soʻngra rus olimi N. M. Yadrinsev (1889) isbotlagan edi. Oʻrxun-Yenisey yozuvlarining kelib chiqishi haqida mutaxassislar oʻrtasida tan olingan yagona fikr yoʻq. Bu haqdagi nisbatan keng tarqalgan mulohazalarga qaraganda mazkur yozuv oʻzining kelib chiqishiga koʻra sugʻd va pahlaviy yozuvlari orqali oromiy yozuviga borib taqaladi. Oʻrxun-Yenisey yozuvlarining paydo boʻlish joyi va vaqti ham hozircha uzil-kesil hal qilingan masala emas.