Umaviylar
Umaviylar (ot) — arab xalifaligi sulolasi (661–750). Asoschisi makkalik yirik savdogar va qurayshiylar zodagoni Abu Soʻfiyonning oʻgʻli Muoviyadir. Abu Soʻfiyon Muhammad Paygʻambar (s.a.v) ning uzoq qarindoshi Umayya shajarasidan boʻlib, uning oʻgʻli Muoviya dastlab xalifalikning Suriyadagi noibi edi. Ali xalifaligi davrida (656–661) unga boʻysunmaslik siyosatini boshlagan va u vafot etgach arab zodagonlarining yordamida xalifalik taxtini egallaydi. Xalifalik poytaxtini Damashqqa koʻchiradi. Shuning uchun ham tarixiy adabiyotlarda umaviylar davri Damashq xalifaligi deb ham yuritiladi. 747–750-yillarda Abu Muslim rahbarligidagi qoʻzgʻolon natijasida oxirgi umaviylar vakili Marvon II (744–750) taxtdan tushiriladi va hokimiyat yangi sulola — Abbosiylar qoʻliga oʻtadi. Umaviylar sulolasi vakillari: Muoviya (661–680), Yazid (680–683), Marvon I (683–685), Abdumalik (685–705), Volid (705–715), Sulaymon (715–717), Umar II (717–720), Yazid 11 (720–724), Hishom (724–743), Volid II (743–744), Marvon II (744–750).