Orqaga
Glossariyga qaytish

Turkistonda milliy-hududiy davlat chegaralanishi

Turkistonda milliy-hududiy davlat chegaralanishi — Turkiston xalqlarining azaliy birligi va yaxlitligini barbod qilish maqsadida Moskva bolsheviklari tomonidan 1924–1925-yillarda oʻtkazilgan tadbir. Bu tadbir “Boʻlib tashla va hukmronlik qil!” shioriga amal qilib, Turkiston oʻlkasidagi tarixi, dini, madaniyati va taqdiri mushtarak boʻlgan xalqlarni bir-biridan ajratib, har biriga mustaqil Respublika maqomini berib, ular ustidan nazoratni mustahkamlash uchun amalga oshirilgan tadbir edi. Mahalliy davlat arboblari (T. Risqulov, S. Xoʻjanov, S. Asfandiyorov)ning Turkiston yagona, bir butun va uning yaxlitligini buzish maqsadga muvofiq emas deb Moskvaga birnecha bor murojaat qilishlariga qaramay, ularning tashabbuslari inobatga olinmadi. Milliy-hududiy chegaralanish natijasida Turkistonda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (OʻzSSR), Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi (TSSR), keyinroq esa Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikalari tashkil etiladi.