Orqaga
Glossariyga qaytish

Turkiston

Turkiston — tom maʼnoda turkiy xalqlarning tarixan tarkib topgan va keng yoyilgan tarixiy-geografik hududi. Baʼzi olimlar Turkistonni Turonning islomiy vorisi deb hisoblaydi. 639-yilda Turfonda tuzilgan sugʻd hujjatida Oʻrta Osiyo mintaqasining nomi sifatida ilk bor ishlatilgan. ʼʼTurkistonʼʼ atamasi ʼʼOʻrta Osiyoʻʼ va ʼʼMovarounnahrʼʼ nomlaridan farqli ravishda nafaqat geografik, balki etno-geografik tushunchani anglatib, shuningdek, siyosiy-huquqiy mazmunga ham ega. VIII asrdagi arablar istilosidan soʻng Turkiston atamasi oʻzining siyosiy-huquqiy maʼnosini yoʻqotmagan.

Turkistonning sarhadlari tarixiy-anʼanaviy jihatdan keng maʼnoda quyidagi qismlardan iborat: 1) Markaziy Turkiston (hozirgi Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, qisman Tojikiston); 2) Sharqiy Turkiston (Ichki Moʻgʻuliston, Xitoyning Sinszyan-Uygʻur Muxtor viloyati, Qoraqurum); 3) Janubiy Turkiston (Togʻli Badaxshon, Koʻksuv, Shimoliy Hindistonning Jammu-Kashmir viloyatlari, Shimoliy-Sharqiy Afgʻoniston); 4) Gʻarbiy Turkiston (Eronning shimoli, qisman Kavkaz, Xazar-Kaspiy havzasi); 5) Shimoliy Turkiston (Shimoliy Qozogʻiston, Ural-Volgaboʻyi, Ob, Yenisey, Lena daryolari havzasi va Sibir). Tor maʼnoda Turkiston deb, asosan, Markaziy Turkiston tushuniladi.