Orqaga
Glossariyga qaytish

Turkiston Muxtoriyati

Turkiston Muxtoriyati Turkiston xalqlarining 1917-yil oktyabr davlat toʻntarishidan keyin bolsheviklar tomonidan eʼlon qilingan millatlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilashi toʻgʻrisidagi dekretiga muvofiq tashkil qilgan mustaqil davlati, 1917-yil 26-28-noyabrda Qoʻqon shahrida Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi(syezdi) boʻlib oʻtdi. Qurultoyda 27-noyabr kuni qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatlarga mansub aholi Rossiya inqilobi daʼvat etgan xalqlarning oʻz huquqlarini oʻzlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibidagi hududiy jihatdan muxtor deb eʼlon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Taʼsis majlisiga havola etadi. 28-noyabrda tarkib topayotgan yangi davlatning 8 kishidan iborat tarkibda Hukumati tuziladi: 1) M. Tinishboyev — Bosh vazir, ichki ishlar vaziri, II chaqiriq Davlat Dumasining aʼzosi, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining aʼzosi, muhandis.
2) Islom Sulton Shoahmedov (Shagiahmedov) bosh vazir oʻrinbosari. Butunrossiya musulmonlari kengashi Markaziy qoʻmitasining aʼzosi, huquqshunos, 3) Mustafo Choʻqayev tashqi ishlar vaziri, Turkiston Musulmonlar Shoʻrosi Markaziy qoʻmitasining raisi. huquqshunos.
4) Ubaydulla Xoʻjayev harbiy vazir. Butunrossiya musulmonlar kengashi MK aʼzosi, huquqshunos.
5) Hidoyatbek Yurali Agayev yer va suv boyliklari vaziri, agronom.
6) Obidjon Mahmudov oziq-ovqat vaziri. Qoʻqon shahar dumasining rais oʻrinbosari, togʻ-kon sanoati muhandisi.
7) Abdurahmon Oʻrazayev — ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, huquqshunos. 8) Solomon Abramovich Gertsfeld-moliya vaziri, huquqshunos. Tayinlangan vazirlardan 3 kishi oliy maʼlumotli huquqshunos, 2 kishi oʻrta malakali huquqshunos ekanligi Muxtoriyat hukumati aʼzolarining bilim darajasi yuqori ekanligidan dalolat beradi. Muxtoriyatning markazi Qoʻqon shahri qilib belgilanadi. Sovet davri adabiyotlarida uchraydigan “Qoʻqon Muxtoriyati” iborasi ham shundan olingan boʻlib, bu, aslida, Turkiston Muxtoriyatining koʻlamini kichraytirib koʻrsatish maʼnosida shunday nomlangan. Oʻtkazilgan tub ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar samarasi oʻlaroq Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq oʻrtasida katta eʼtibor qozondi. Yangi hukumat faoliyati faqat Qoʻqon yoki Fargʻonada emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan xalqlar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Fitrat, Choʻlpon, Hamza Muxtoriyat hukumatini maqtab, oʻtli sheʼrlar bitishadi. Fitrat Muxtoriyat eʼlon qilingan kunni “Milliy Laylatul qadrimiz” deb atadi. Muxtor hukumatning xalq oʻrtasida obroʻ-eʼtibori va nufuzining ortib borishi bolsheviklarni tashvishga sola boshladi. 1918-yil 19-26-yanvarda Turkiston oʻlkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari IV qurultoyida Toshkent sovetining raisi bolshevik 1. Tobolin: “Muxtoriyatni hayotga tatbiq etish uchun hali vaqt erta, chunki biz bu ishni amalga oshirsak, muxtoriyatning birinchi sharti sifatida rus qoʻshinlari oʻlkadan chiqib ketishi kerak boʻladi”, — degan edi. Qurultoy Muxtoriyat hukumati va uning aʼzolarini boylar, yaʼni burjuaziya vakillari deb hisoblab, qonundan tashqari deb eʼlon qiladi va hukumat aʼzolarini qamoqqa olish toʻgʻrisida qaror chiqaradi. 1918-yil 30-yanvar kechqurun Skobelev(Fargʻona) shahridan Qoʻqonga dastlabki qizil armiya otryadlari toʻp va pulemyotlar bilan yetib keladi. 31-yanvar tushdan keyin jang harakatlari boshlanib ketadi. Kuchlarning teng emasligi va qizil armiyaning yaxshi harbiy tayyorgarligi muxtoriyat himoyachilarining magʻlubiyatiga sabab boʻldi. Qoʻqon shahri qizil askarlar tomonidan qonga botirildi. 1918-yil 9- fevralda Qoʻqon shahrida muxtoriyat vakillari bilan bolsheviklar tomonidan tayyorlangan tinchlik shartnomasi imzolandi. Turkiston Muxtoriyati 72 kun umr koʻrgan boʻlsa ham u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga daʼvat etdi.