Turkiston Komissiyasi
Turkiston Komissiyasi, Turkkomissiya — RKP(b) MK, Butunrossiya MIK va RSFSR XKSning Turkiston ishlari boʻyicha komissiyasi. 1919- yil 8-oktyabrda tashkil qilinadi. RKP(b) MK Siyosiy byurosida komissiya aʼzolari qilib Sh. Z. Eliava (rais), G. I. Bokiy, F. I. Goloshchekin, V. V. Kuybishev, Y. E. Rudzutak, M. V. Frunze tasdiqlandi. Ular qatoriga keyinchalik mahalliy rahbarlardan A. Rahimboyev, A. Toʻraqulov, Q. Otaboyev, T. Risqulov, S. Xoʻjanov kiritildi. Turkkomissiyaga cheksiz huquq berilgan edi. Ularning asosiy vazifasi qanday qilib boʻlsa ham Turkistonda sovet hokimiyatini saqlab qolish va mustahkamlash edi. Turkkomissiya bu vazifani amalga oshirishda zoʻravonlik usulidan asosiy vosita sifatida foydalandi. Faoliyatining dastlabki kunidanoq komissiya oʻzining hukmini oʻtkazishga harakat qildi. Markazdan kelgan komissiya aʼzolari milliy rahbar kadrlarning Turkiston oʻlkasi va xalqi manfaatlarini himoya qilishlariga, markaz siyosatiga qarshi chiqishlarning barcha koʻrinishlariga qarshi ayovsiz kurashdi. Turkistondagi istiqlolchilik harakatlarini tugatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. “Turk Respublikasi” va “Turk Kompartiyasini” tashkil qilish, Turk komissiya faoliyatini toʻxtatishni talab qilib chiqqan T. Risqulov, A. Toʻraqulov, Q. Otaboyev kabi bir qator milliy rahbar kadrlarga nisbatan quvgʻinlar va qatagʻonlar oʻtkazdi. Sovet hokimiyatiga xayrixoh boʻlmagan mahalliy aholi vakillarini “bosmachilarga sherik sifatida ayblab, ularni qamoqlarga tashladi, sudsiz-soʻroqsiz otib tashlashgacha borib yetdi. Aslida, Turkistonda Turk MIK va XKK emas, balki Turkkomissiya hukmron edi. Respublikada amalga oshirilishi zarur boʻlgan barcha ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy masalalar faqat Turkkomissiya ruxsati va koʻrsatmasi bilan qilindi. Oʻrta Osiyodagi oxirgi milliy davlatlar — Xiva xonligi va Buxoro amirligining tugatilishida Turkkomissiya “bosh-qosh” boʻldi. Bu mustaqil davlatlarga nisbatan bosqinchilik rejalari Turkkomissiya aʼzolari M. Frunze, V. Kuybishev, Y. Rudzutak, F. Goloshchekinlar tomonidan ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Buxoro va Xorazmda sovetlar andozasidagi davlatlarni (BXSR, XXSR) tashkil qilish ham Turkkomissiya“ssenariysi” asosida qilindi. Turkkomissiya Oʻrta Osiyo hududida tom maʼnodagi mustamlakachilik siyosatini olib bordi. Turkiston, Buxoro amirligi, Xiva xonligi boyliklarining Markazga muntazam ravishda tashib ketilishiga rahbarlik qildi. Turk komissiya raislari: Sh. Z. Eliava (1919–1920), G. Y. Sokolnikov (1920–1921), M. P. Tomskiy (1921–1922). 1922-yil iyulda RKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosi tashkil qilinishi munosabati bilan 1922-yil 16-avgustdan boshlab Turkkomissiya oʻzining partiyaviy vakolatini toʻxtatadi.