Orqaga
Glossariyga qaytish

Turkiston general-gubernatorligi

Turkiston general-gubernatorligi — Rossiya imperiyasining Turkiston xonliklaridan bosib olgan hududlarida 1867-yilda tashkil etgan gubernatorligi. Turkiston general-gubernatorligi dastlab ikkita viloyat (Yettisuv va Sirdaryo) dan iborat edi. Turkiston xonliklaridan bosib olingan yangi yerlar hisobiga keyinchalik Fargʻona (1876), Samarqand (1868) va Kaspiyorti viloyatlari (1881) ham tashkil etiladi. Gubernatorlikning markazi Toshkent shahri qilib belgilanadi. Turkiston general-gubernatori podsho tomonidan tayinlanib, unga oʻlka boshqaruvida mutlaq hokimiyat vakolatlari berilgan. Mahalliy aholi uni “yarim podsho” deb atardi. 1886-yil 12-iyulda imperator Aleksandr IlI tasdiqlagan Turkiston oʻlkasini idora qilish toʻgʻrisidagi yangi Nizomga koʻra oʻlka boshqaruvi toʻrtta asosiy boʻlimdan tarkib topgan edi(maʼmuriy tuzilish, sud tuzilishi, yer tuzilishi, soliqlar va yigʻimlar). Turkiston general-gubernatorligi Rossiyada podsho hokimiyati agʻdarilguniga qadar amalda boʻldi. 1917-yil oktyabr davlat toʻntarishidan soʻng uning oʻrnida 1918-yil aprel oyida RSFSR tarkibiga kiruvchi Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi (TASR) tashkil etiladi. Turkiston general-gubernatorlari: K. P. Kaufman (1867–1881), M. G. Chernyayev (1882–1884), N. O. Rozenbax (1884–1888). A. B. Vrevskiy (1889–1898), S. Duxovskiy (1898–1901), N. A. Ivanov (1901–1904), P. N.Tevyashov (1904–1905), D. I. Subbotich (1905–1906), N. I. Grodekov (1906–1908), P. I. Mishchenko (1909), A. V. Samsonov (1909–1913), Flug(1913), Martson (1913–1916), Yerofeyev (1916), A.N. Kuropatkin (1916–1917).