Turkiston Byurosi (Turkbyuro)
Turkiston Byurosi (Turkbyuro) — 1920-yil iyulda RKP(b) MK tomonidan tashkil qilinib, Turkistonga yuborilgan byuro. U Markazning Turkistondagi ishonchli “mafkuraviy idorasi” boʻlib, Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarida bolsheviklar tashkil qilgan kompartiyaga gʻoyaviy-tashkiliy jihatdan yordam berishi kerak edi. Aslida, Turkbyuroning tashkil qilinishiga Oʻrta Osiyo respublikalaridagi istiqlolchilik harakatining kuchayib borishi, TASSR, BXSR, XXSRdagi bir qator rahbar kadrlarning milliy manfaatlarini qatʼiylik bilan himoya qilishi, respublikalarda“sovetlashtirish” jarayonining jadallik bilan amalga oshmayotganligi va eng asosiysi, Markazning Oʻrta Osiyo respublikalaridagi mahalliy rahbar kadrlarga ishonmasligi sabab boʻlgan edi. Turkbyuro Markazning gʻoyaviy-siyosiy taʼsirini kuchaytirish maqsadida partiya sallarini muntazam ravishda “yot-unsurlar”dan tozalab turdi. Milliy rahbar kadrlarning gʻoyaviy sofligini nazorat qildi. Bu vazifani amalga oshirish uchun Markaz Turkistonga muntazam ravishda tajribali bolsheviklarni yuborib turdi. Birgina 1921-yil RKP(b) MK Turkbyuro ixtiyoriga 354 kommunist-emissarlarini yuborgan edi. Ular Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarida masʼul lavozimlarda ishladi. Oʻrta Osiyoning shart-sharoitlarini, urf-odatlari va xususiyatlarini bilmagan bu emissarlar zoʻravonlik bilan hokimiyat organlarida hukmronlik qildi. Turkbyuro raislari: G.Y. Sokolnikov (1920–1921), Y. E. Rudztak (1921-yil mart-oktyabr), A. A. Ioffe (1921-yiloktyabr-dekabr), S. I. Gusev (1921–1922). 1922-yil mayda RKP(b) MKning Turkbyurosi — RKP(b) MKning OʻrtaOsiyo byurosi (Sredazbyuro)ga aylantirildi. Unga turkbyuroning zimmasidagi barcha vazifalar yuklandi, shu bilan birga uning gʻoyaviy-siyosiy taʼsir doirasi yanada kengaydi. Oʻrta Osiyodagi milliy-hududiy chegaralanish, zoʻravonlik bilan oʻtkazilgan jamoalashtirish, sunʼiy sanoatlashtirish, Oʻzbekistonni xomashyo bazasiga aylantirish, mulkdorlarni sinf sifatida tugatish Sredazbyuroning faol ishtirokida uning gʻoyaviy rahnamoligida amalga oshirildi. Oʻrta Osiyo respublikalaridagi barcha gʻoyaviy-siyosiy tadbirlar, oʻzgarishlar Sredazbyuroning ruxsati va uning rahbarligida qilindi. Turkbyuro va Sredazbyuro markazning Oʻrta Osiyo respublikalari ustidan nazorat qiluvchi maxsus boshqaruv organi edi. Oʻrta Osiyo respublikalari bu tashkilotga soʻzsiz boʻysunishga majbur edi. Turkbyuro va sredazbyuro Turkiston ASSR, Oʻzbekiston SSRʼdagi faoliyati davomida mahalliy xalq ongiga unga yot boʻlgan kommunistik gʻoyani singdirish bilan bir qatorda milliy rahbar kadrlarga, milliy ziyolilarga nisbatan koʻplab quvgʻinlar va qatagʻonlar uyushtirdi. Ularning milliy madaniyati, islom dini va qadriyatlarini oyoqosti qilinishida “bosh-qosh” boʻldi. 1934-yil 2-oktyabrda SSSR XKSva VKP(b) MKning qarori bilan Sredazbyuro faoliyati tugatildi.