Orqaga
Glossariyga qaytish

Turk, Turkiylar

Turk, turkiylar — jahondagi eng qadimiy yirik etnoslardan birining nomi. Ushbu atama ilk bor qadimgi Xitoy manbalarida bundan 5–4–3-ming yil muqaddam rasmsimon iyerogliflarda “tiek” va “tiauk” shaklida uchraydi. “Turk” soʻzi baquvvat, barkamol, odillik kabi maʼnolarni anglatadi, degan fikrlar mavjud. Miloddan avvalgi II asrdan milodiy II asrgacha boʻlgan davrda turklar Xunn xoqonligi tarkibida boʻlgani sababli Xitoy manbalarida “syunnu”, “xunnu” deb ham atalgan. Mazkur xoqonlik yemirilgach, keyingi 300 yil davomida xitoyliklar turklarni “tickle” (tele) deb nomlagan. Bir necha ming yil mobaynida turkiy qabila-elatlar koʻp marotaba birlashgan va parchalangan. Shu tufayli ularning qabilaviy tarkibi doimo oʻzgarib turgan. Oʻzbek olimlarining fikricha, vatanimiz hududida turkiy etnosga xos ijtimoiy-madaniy, etnos-lingvistik hamda moddiy-ashyoviy belgilar bronza davrida namoyon boʻla boshlaydi. Xuddi shu davrda turkiy etnos bugungi oʻzbek xalqining shakllanishida muhim rol oʻynay boshlagan. Turkiy xalqlar oʻtmishda Yevrosiyo mintaqasida oʻzining bir qator davlat va ulkan saltanatlarini tuzgan. Xunnlar davlati, Buyuk Turk xoqonligi, Usmoniy turklar imperiyasi, buyuk vatandoshimiz Amir Temur saltanati shulardan eng mashhurlaridir.