Orqaga
Glossariyga qaytish

Totalitarizm

Totalitarizm (lotincha “totalis” butun, hammasi, toʻla) davlatni boshqarish shakllaridan biri. Bir shaxs, ijtimoiy sinfyoki guruhning (masalan, harbiylar guruhi) yakka hokimligiga soʻzsiz boʻysunishga asoslangan, vaqtincha va oʻtkinchi siyosiy tartib. Totalitar davlat boshqaruv shakli joriy qilingan mamlakatlarda jamiyat hayotining barcha sohalari ustidan davlat hokimiyat organlari toʻliq nazorati oʻrnatiladi. Siyosiy erkinliklar boʻgʻilib, ommaviy axborot vositalariga senzura(davlat nazorati) oʻrnatiladi. Erkin fikr taqiqlanadi va qatagʻon qilinadi. Nazariy asarlarda, targʻibot va tashviqot vositalarida sotsializm tarixda eng demokratik, huquqiy va xalqparvar jamiyat deyilgan boʻlsa ham, hayot u totalitarizmning shakllaridan biri ekanligini koʻrsatdi. XX asrda Germaniyada fashistlar, Italiyada Mussolini, Ispaniyada Franko, Xitoyda Mao Szedun, Chilida Pinochet diktaturasi davridagi totalitar tuzum ijtimoiy-siyosiy hayotga qanchalik zarar yetkazgan boʻlsa, sobiq SSSRda sotsializm qurish jarayonidagi proletariyat diktaturasi ham shunchalik zararli oqibatlarni keltirib chiqargan edi.