Orqaga
Glossariyga qaytish

Temuriylar

Temuriylar (ot) — 1370–1507-yillarda Movarounnahr, Afgʻoniston, Eron, Ozarbayjonda hukmronlik qilgan sulola. Asoschisi mashhur sarkarda va yirik davlat arbobi Amir Temurdir. U XIV asrning 40-yillarida Chigʻatoy ulusida kuchayib ketgan feodal tarqoqlik oqibatida hokimiyat tepasiga kelgan. Samarqand va Hirot shaharlari Temuriylar davlatining poytaxti boʻlgan. 1405-yilda Amir Temur vafotidan soʻng uning saltanatini oʻgʻillari va nabiralari ikki qismga boʻlib idora qila boshladi. Shohrux Mirzo (1409–1447), Ulugʻbek (1447–1449) va Abu Saidlar (1451–1469) bir vaqtning oʻzida ham Xuroson, ham Movarounnahrning oliy hukmdorlari boʻlgan. Movarounnahrda hukmronlik qilgan temuriylar: Xalil Sulton (1405–1409), Mirzo Ulugʻbek (1409–1447), Abdulatif (1449–1450), Abdulloh Mirzo (1450–1451), Abu Said (1451–1469), Sulton Ahmad (1469–1494), Sulton Mahmud (1494–1496), Boysungʻur (1496–1497), Sulton Ali (1497–1500). Xurosonda hukmronlik qilgan temuriylar: Shohrux (1409–1447), Mirzo Ulugʻbek (1447–1449), Abulqosim Bobur (1449–1457), Sulton Mahmud (1457–1459), Husayn Boyqaro (1469–1506), Baduizzamon (1506–1507).