Sugʻd yozuvi
Sugʻd yozuvi (ot) — qadimgi Sugʻdiyonada, oromiy alifbosi asosida miloddan avvalgi III-II asrlarda paydo boʻlgan yozuv. Milodiy I–IV asrlardan boshlab, sugʻd yozuvi Sugʻdiyona hududlaridan tashqari, Fargʻona vodiysi, Toshkent vohasi va Yettisuvda keng tarqalgan. Bu jarayon sugʻdiylarning yangi yerlarni oʻzlashtirishi va Buyuk ipak yoʻlidagi savdo faoliyati bilan bogʻliq. Shuning uchun ham sugʻd tilidagi yozma yodgorliklar Markaziy Osiyo, Qozogʻiston, Sharqiy Turkiston, Pokiston va Moʻgʻuliston tuprogʻidan topib oʻrganilgan. Eramiz boshlaridan to XI asrning birinchi choragiga qadar yozilgan koʻplab noyob yozma yodgorliklar sugʻd yozuvi orqali bizga yetib kelgan.
Sugʻd yozuvi qadimgi uygʻur, moʻgʻul, manchjur va turk yozuvlarining paydo boʻlishiga asos boʻladi. Arablar istilosi natjasida Oʻrta Osiyoga arab tili va yozuvi kirib keldi va sugʻd tili asta-sekin muomaladan chiqib, ishlatilmaydigan tilga aylandi. Hozirda sugʻd tili “oʻlik til” ga aylangan boʻlsa-da, tilimizda qadimgi sugʻdcha soʻzlar saqlanib qolgan.