Sufiylik (Tasavvuf)
Soʻfiylik (tasavvuf) (ot) — musulmonlarni halollik, poklik, tenglik, inson qadr-qimmatini yerga urmaslikka chorlovchi, har kimni oʻzining halol mehnati bilan yashash, boshqalarning kuchidan foydalanmaslikka daʼvat etuvchi taʼlimot. Soʻfiylik soʻzining kelib chiqishi haqida turlicha fikrlar mavjud. Soʻfiy mualliflari koʻpincha uning kelib chiqishini sof boʻlmoq maʼnosida talqin qiladi. Gʻarbiy Yevropa tadqiqotchilari XX asrga qadar uning kelib chiqishini yunoncha “sofia” — hikmat soʻzidan kelib chiqqan degan fikrga moyil boʻlgan. Endilikda oʻrta asr musulmon olimlari taʼkidlagan bu soʻzning “suf” (jun) soʻzidan kelib chiqqanligi haqidagi fikri omma qabul qiladigan fikr hisoblanadi. Chunki soʻfiylarning asosiy belgisi dagʻal jundan kiyim kiyishi edi. Soʻfiylikka asos boʻlgan tarki dunyochilik kayfiyati deyarli islom bilan bir davrda yuzaga kela boshlagan. Movarounnahrga soʻfiylik Eron orqali kirib kelgan. Movarounnahrda juda keng tarqalgan soʻfiylik oqimi Shayx Abu Yoqub Yusuf Hamadoniy (1049–1140) maktabidan boshlangan. Yusuf Hamadoniy maktabi ikki tarmoqqa ajralgandi. Birinchi oqimga Yusuf Hamadoniyning mashhur shogirdi Abduxoliq Gʻijduvoniy (1103–1179) va keyinchalik bu oqimga Xoja Bahovuddin Naqshbandlar (1318–1389) murshidlik qilgan. Ikkinchi oqimga Shayx Ahmad Yassaviy (1641–1116) va uning shogirdlari asos solgan. Yassaviya va Naqshbandiya tariqatlari keyinchalik oʻzaro yaqinlashib, birlashib ketgan.